Xotin-qizlarning siyosiy qaror qabul qilish jarayonlarida teng va samarali ishtirokini ta’minlash kengaytiriladi
Buxoroda o‘tkazilayotgan Osiyo xotin-qizlari forumi doirasida “Davlat va jamiyat boshqaruvi hamda siyosiy qaror qabul qilish jarayonlarida xotin-qizlar ishtirokini kengaytirishning dolzarb masalalari” mavzusida sessiya bo‘lib o‘tdi.
Mazkur sessiyada xotin-qizlar yetakchiligini mustahkamlash, ularning davlat va jamiyat boshqaruvidagi ishtirokini kengaytirish, siyosiy qaror qabul qilish jarayonlarida teng va samarali ishtirokini ta’minlash masalalari atroflicha muhokama qilindi.

Sessiya ishtirokchilari xotin-qizlar yetakchiligining demografik barqarorlikni ta’minlash, inson kapitalini rivojlantirish, ijtimoiy adolatni mustahkamlash hamda “gender dividendi” salohiyatini ochib berishdagi strategik ahamiyatiga alohida to‘xtalib o‘tdi.
Muhokamalar davomida xotin-qizlarning siyosiy va davlat boshqaruvi sohalariga jalb etilishini rag‘batlantiruvchi davlat siyosati, milliy va mintaqaviy dasturlar, huquqiy mexanizmlar hamda institutsional yondashuvlar xususida fikr almashildi.

Parlament, davlat organlari va davlat xizmatida xotin-qizlar ishtirokini kengaytirish, rahbarlik va saylanadigan lavozimlarda ularning vakilligini oshirishga qaratilgan samarali mexanizmlar muhokama qilindi.
Sessiya ishtirokchilari xotin-qizlar yetakchiligini cheklab qo‘yayotgan institutsional va ijtimoiy-madaniy to‘siqlarga ham to‘xtalib, ularni bartaraf etish bo‘yicha tizimli yechimlar va ilg‘or xalqaro tajribalar yuzasidan takliflar bildirdi.
Tadbir yakunida xotin-qizlar yetakchiligini yanada mustahkamlash, institutlar faoliyatida shaffoflik va hisobdorlikni oshirish, gender tenglik sohasida amaliy va o‘lchab bo‘ladigan natijalarga erishishga qaratilgan taklif va tavsiyalar ishlab chiqish yuzasidan kelishuvlarga erishildi.
N.Abduraimova, T.Istatov (surat), O‘zA