Xotin-qizlarning islohotlardagi ishtiroki inklyuziv taraqqiyotning muhim sharti
Bugun xalqaro hamjamiyat xotin-qizlarning siyosiy hayotdagi ishtirokini barqaror taraqqiyot, ijtimoiy adolat va samarali davlat boshqaruvining muhim sharti sifatida baholamoqda. Zero, jamiyatning katta qismini tashkil etuvchi xotin-qizlarning salohiyati, hayotiy tajribasi va qarashlaridan to‘liq foydalanmasdan turib, inklyuziv taraqqiyotga erishish qiyin.
Shu nuqtai nazardan, davlatimiz rahbari tashabbusi bilan ilgari surilgan hamda BMT Bosh Assambleyasi tomonidan qabul qilingan “Ijtimoiy rivojlanishni jadallashtirishda parlamentlarning rolini kuchaytirish to‘g‘risida”gi rezolyutsiya muhim siyosiy hujjat sifatida namoyon bo‘ladi. Unda xotin-qizlar va yoshlarning parlament qarorlarini qabul qilishda mazmunli va faol ishtirokini ta’minlash ijtimoiy rivojlanishning muhim yo‘nalishlaridan biri sifatida belgilangan.
Bu yondashuvning mohiyati shundaki, parlamentda xotin-qizlarning ishtiroki qanchalik keng va ta’sirchan bo‘lsa, jamiyatdagi turli ijtimoiy ehtiyojlar qonunchilik jarayonida shunchalik to‘liq aks etadi. Ta’lim, sog‘liqni saqlash, oila, bolalar manfaatlari, ijtimoiy himoya, bandlik va mehnat huquqlari kabi masalalarning kun tartibida munosib o‘rin egallashi ham ko‘p jihatdan vakillikning inklyuzivligiga bog‘liq.
2025-yil aprel oyida Toshkentda o‘tkazilgan Parlamentlararo Ittifoqning 150-Assambleyasida qabul qilingan Toshkent декларациясиda ham xotin-qizlar va yoshlarning iqtisodiy imkoniyatlarini kengaytirish, ularning qaror qabul qilish jarayonlaridagi ishtirokini kuchaytirishga alohida urg‘u berilgan. Bu hujjatda ijtimoiy rivojlanish, adolat va inklyuziv siyosatni ta’minlashda parlamentlarning mas’uliyatiga e’tibor qaratilgan.
Toshkentda ilgari surilgan mazkur g‘oyalarning keyinchalik BMT darajasidagi rezolyutsiyada aks etishi O‘zbekistonning parlament diplomatiyasidagi tashabbusкорлиgiни namoyon etadi. Bu jarayon mamlakatimiz parlamentining nafaqat milliy qonunchilik, balki global ijtimoiy muammolarni muhokama qilish va ular bo‘yicha xalqaro yechimlarni ilgari surishdagi rolini ham kuchaytirayotganini ko‘rsatadi.
Bugun yurtimizda xotin-qizlarning siyosiy va davlat boshqaruvidagi ishtiroki izchil kengayib, ularning vakilligi tobora mazmunli ishtirok va qaror qabul qilish jarayonlaridagi ta’sir bilan uyg‘unlashmoqda. Xususan, Oliy Majlis Qonunchilik palatasida xotin-qizlar ulushi 38 foizni, Senatda 27 foizni, mahalliy Kengashlarda esa 25 foizni tashkil etmoqda. Rahbarlik lavozimlarida xotin-qizlar ulushining 2020-yildagi 26,5 foizdan 2024-yilda 30,1 foizga oshgani ham mazkur tendensiyaning izchil tus olayotganini ko‘rsatadi. Shuningdek, siyosiy partiyalar a’zolarining 49 foizi, partiyalardagi rahbarlik lavozimlarining 41 foizi xotin-qizlar hissasiga to‘g‘ri kelmoqda.
Mazkur ko‘rsatkichlar nozik hilqat vakilalarining qonunchilik va davlat siyosati shakllanishiga ta’sir ko‘rsatayotgan muhim sub’ektga aylanayotganini ko‘rsatadi. Eng muhimi, bu jarayonni xotin-qizlarning hayotiy tajribasi, ijtimoiy ehtiyojlari va tashabbuslarini qaror qabul qilish jarayonlariga samarali olib kirish imkoniyatlarining kengayishi sifatida baholash lozim.
Xotin-qizlarning siyosiy ishtiroki, ularning parlamentda nechta o‘rin egallashi bilan birga, qaror qabul qilish jarayoniga qanchalik ta’sir ko‘rsatayotganidir. Shuning uchun bugungi kun talabi vakillikdan mazmunli ishtirokka o‘tish, ya’ni xotin-qizlarning qonunchilik tashabbuslarini ilgari surishi, parlament muhokamalarida faol qatnashishi va davlat siyosatining shakllanishiga ta’sir ko‘rsatishidir.

Bunday ishtirok, avvalo, davlat siyosatining hayotiyligini oshiradi. Chunki xotin-qizlar jamiyatdagi kundalik ijtimoiy jarayonlarning bevosita ishtirokchisi sifatida oila, ta’lim, tibbiyot, mehnat, ijtimoiy xizmatlar va bolalar tarbiyasi bilan bog‘liq ko‘plab masalalarni chuqur his qiladi. Ularning ushbu tajribasi qonunchilik jarayoniga kirib kelganda, qabul qilinayotgan qarorlar aholi ehtiyojlariga yanada yaqinlashadi.
Xotin-qizlarning iqtisodiy imkoniyatlarini kengaytirish ham mazkur jarayonning muhim qismi hisoblanadi. Munosib mehnat, kasbiy ta’lim, tadbirkorlik, moliyaviy imkoniyatlar va mehnat bozorida teng sharoitlar yaratilishi nafaqat xotin-qizlarning o‘zini, balki butun oila va jamiyat farovonligini yuksaltiradi. Shu bois, parlament uchun gender tengligi masalasi ijtimoiy siyosatning barcha yo‘nalishlari bilan uzviy bog‘liq holda ko‘rilishi muhim.
Bu yerda parlament nazoratining o‘rni ham beqiyos. Qonun qabul qilish jarayonning boshlanishi, xolos. Asosiy natija esa uning amalda qanday ishlashi bilan belgilanadi. Shuning uchun ijtimoiy dasturlarning samaradorligini o‘rganish, byudjet mablag‘larining maqsadli sarflanishini nazorat qilish, hududlardagi muammolarni o‘rganish va aholi murojaatlarini qonunchilik qarorlariga aylantirish parlamentning muhim vazifalaridan biridir.
Xotin-qizlarning qaror qabul qilishdagi ishtiroki demokratik institutlarga bo‘lgan ishonchni мустаҳкамлашга ham xizmat qiladi. Fuqaro o‘zining ehtiyojlari va manfaatlari davlat qarorlarida aks etayotganini his qilsa, davlat institutlariga ishonchi ham ortadi. Demak, inklyuziv vakillik jamiyatdagi ijtimoiy barqarorlikning muhim omilidir.
Ayniqsa, yosh xotin-qizlarning siyosiy va jamoat hayotidagi ishtiroki kelajak uchun muhim investitsiyadir. Bugun qaror qabul qilish jarayonlarida ishtirok etayotgan yosh avlod ertaga davlat va jamiyat boshqaruvining yangi avlodini shakllantiradi. Shu bois, yoshlarning, xususan, yosh xotin-qizlarning bilim, tashabbus va liderlik salohiyatini qo‘llab-quvvatlash uzoq muddatli taraqqiyotning muhim shartidir.
Mamlakatimiz uchun bu masalaning ahamiyati yanada keng. Xotin-qizlarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, ularning iqtisodiy faolligini oshirish, siyosiy va ijtimoiy hayotdagi ishtirokini kengaytirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan islohotlar xalqaro kun tartibidagi mazkur yondashuvlar bilan uyg‘unlashmoqda. BMT rezolyutsiyasi esa bu jarayonga xalqaro parlament diplomatiyasi nuqtai nazaridan qo‘shimcha siyosiy tayanch beradi.
Eng muhimi, mazkur rezolyutsiya taraqqiyotning mazmuniga yangicha qarashni kuchaytiradi. Taraqqiyot insonning o‘z salohiyatini ro‘yobga chiqarishi, jamiyat hayotida munosib o‘rin egallashi va mamlakat kelajagini belgilashda o‘z ovoziga ega bo‘lishidir. Shu ma’noda xotin-qizlarning ishtiroki inson kapitaliga investitsiya hamdir. Bilimli, kasbiy salohiyatli, iqtisodiy jihatdan faol va siyosiy jarayonlarda ishtirok etayotgan xotin-qizlar jamiyatning intellektual va ijtimoiy salohiyatini boyitadi. Bu esa, o‘z navbatida, oila farovonligidan tortib milliy iqtisodiyot va davlat boshqaruvi samaradorligigacha bo‘lgan keng jarayonlarga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi.
Bugungi global tajriba yana bir muhim haqiqatni ko‘rsatmoqda: inklyuziv jamiyat kuchliroq jamiyatdir. Qaror qabul qilish jarayonida turli fikrlar, hayotiy tajribalar va ijtimoiy ehtiyojlar qanchalik keng ifodalansa, qabul qilinayotgan siyosat ham shunchalik muvozanatli va barqaror bo‘ladi. Shu nuqtai nazardan xotin-qizlarning ishtiroki demokratiyaning ichki sifatini belgilaydigan muhim mezondir.
BMT rezolyutsiyasida ilgari surilayotgan yondashuvlarning yana bir muhim jihati xotin-qizlar, yoshlar va boshqa ijtimoiy qatlamlarning ovozini eshitishdan, ularning qaror qabul qilishdagi real ta’siriga o‘tishdiр. Bu esa parlamentlarning jamiyat bilan muloqotini yanada kuchaytirish, ochiqlik va hisobdorlikni ta’minlash, fuqarolarning ehtiyojlarini qonunchilik jarayoniga samarali olib kirishni talab etadi.
Shu nuqtai nazardan qaraganda, O‘zbekiston tashabbusi bilan ilgari surilgan mazkur rezolyutsiyaning ahamiyati birgina xalqaro hujjat qabul qilingani bilan cheklanmaydi. U Toshkentda shakllangan parlament diplomatiyasi tashabbuslarini BMTning global ijtimoiy taraqqiyot kun tartibi bilan bog‘lagan muhim қаdaмdiр. Bu jarayon O‘zbekistonning ijtimoiy adolat, inklyuziv rivojlanish va inson manfaatlariga asoslangan taraqqiyot g‘oyalarini xalqaro maydonda ilgari surayotganini ko‘rsatadi.
Shu bois, xotin-qizlarning parlamentda, mahalliy Kengashlarda va davlat boshqaruvidagi ishtirokiga sifatli davlat boshqaruvi va barqaror taraqqiyotning strategik omili sifatida yondashish maqsadga muvofiq. Zero, qaror qabul qilish jarayonida xotin-qizlarning ovozi qanchalik kuchli eshitilsa, jamiyatning haqiqiy ehtiyojlari ham shunchalik to‘liq namoyon bo‘ladi. Xotin-qizlarning islohotlardagi faol ishtiroki esa adolatli, inklyuziv va barqaror taraqqiyot sari ochilgan muhim yo‘ldir.
Gulbahor Saidova,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi huzuridagi
Parlament tadqiqotlari instituti ilmiy xodimi