Xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish – ustuvor vazifa
Keyingi yillarda mamlakatimizda ayollarning huquq va manfaatlarini ta’minlash masalasiga ustuvor ahamiyat qaratilmoqda. Bu yo‘nalishda ko‘plab qonun hujjatlari qabul qilingani e’tiborga molikdir.
"Xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish to‘g‘risida"gi Qonunga kiritilayotgan so‘nggi qo‘shimcha va o‘zgartirishlar bu boradagi amaliy chora-tadbirlarni yangi bosqichga olib chiqishi aniq.
Mazkur hujjatning mohiyati xususida Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi mas’ul xodimi Shoira Sobirova O‘zA muxbiriga quyidagilarni gapirib berdi:
– Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan demokratik islohotlarning bosh maqsadi — inson qadri, uning huquq va erkinliklarini oliy qadriyat darajasiga ko‘tarishdan iborat. Bu jarayonda jamiyatning muvozanatlantiruvchi kuchi bo‘lgan xotin-qizlarning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish, ularning qonuniy manfaatlarini himoya qilish masalasi davlat siyosatining strategik ustuvor yo‘nalishiga aylandi.
Zero, ayoli e’zozlangan, onalari qadrlangan yurtda taraqqiyot va barqarorlik bo‘ladi. So‘nggi yillarda qonunchilik bazasining tizimli ravishda takomillashtirilayotgani, ayniqsa, xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikning har qanday shaklidan himoya qilish bo‘yicha mutlaqo yangi mexanizmlarning joriy etilishi bu boradagi ishlarning mantiqiy davomidir. "Xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish to‘g‘risida"gi qonunga kiritilayotgan so‘nggi qo‘shimcha va o‘zgartirishlar nafaqat huquqbuzarlikning oldini olish, balki jabrlangan shaxslarning ijtimoiy-iqtisodiy huquqlarini kafolatlashda yangi davrni boshlab bermoqda.
Endilikda ushbu tuzilma tazyiq va zo‘ravonlikdan jabr ko‘rgan xotin-qizlar hamda ularning voyaga yetmagan farzandlari manfaatini sudlarda himoya qilishda asosiy sub’ekt sifatida namoyon bo‘ladi.
Eng muhimi – Agentlik tomonidan sudlarga kiritiladigan da’vo ariza va shikoyatlar bo‘yicha davlat boji to‘lash majburiyatining bekor qilinishi hisoblanadi. Bu norma adolat qaror topishi yo‘lidagi iqtisodiy to‘siqlarni bartaraf etib, og‘ir vaziyatga tushib qolgan ayollarning davlat himoyasidan foydalanish imkoniyatini bir necha barobar oshiradi.
28-moddada belgilangan holda, tazyiq va zo‘ravonlikdan jabrlangan ayollar maxsus reabilitatsiya markazlariga joylashtiriladi. Bu markazlarda ular nafaqat sog‘liqni tiklash, balki psixologik va ijtimoiy reabilitatsiyadan ham o‘tadi. Mazkur qonunchilik o‘zgartirishlari orqali markazlarga joylashtirilgan ayollarga bir oyga vaqtincha mehnatga layoqatsizlik varaqasini berish, ish joyi va lavozimi saqlanishini ta’minlash, shuningdek, reabilitatsiya va psixologik korreksiya xizmatlari davomida ularning ijtimoiy-iqtisodiy holatini mustahkamlash imkoniyati yaratiladi.
Bu qonunchilik tadbirlari xotin-qizlarning huquqiy savodxonligini oshirish, ularga huquqiy ko‘mak ko‘rsatish va sud jarayonlarida faol ishtirokini ta’minlashda muhim ahamiyatga ega. Shuningdek, jabrlangan ayollar va bolalar uchun markazlarda ko‘rsatiladigan yordam xarajatlari, aybdor shaxsdan undirilishi mumkinligi nazarda tutilgani qonunning ijtimoiy adolat prinsipiga mosligini ko‘rsatadi.
Xorijiy davlatlar jumladan, Germaniya, Kanada, Avstraliya tajribasi shuni ko‘rsatadiki, zo‘ravonlik qurbonlariga vaqtincha mehnatga layoqatsizlik nafaqasi berish, psixologik reabilitatsiya va ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash ularning tezroq tiklanishi va jamiyatga moslashishiga xizmat qiladi. Shu bilan birga O‘zbekistonda ham shu tajriba asosida reabilitatsiya markazlariga joylashtirilgan ayollarga bir oygacha bo‘lgan muddatda vaqtincha mehnatga layoqatsizlik varaqasini berish taklif qilinmoqda.
Mazkur Qonun loyihasining yana bir ahamiyatli tomoni shundaki, u xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish sohasida davlat siyosatidagi izchillik va insonparvarlik tamoyillarini yanada mustahkamlaydi. Mazkur qonun loyihasi, avvalo, amaldagi qonunchilikni hayotiy ehtiyojlar va zamonaviy talablar asosida takomillashtirishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir. U xotin-qizlarning huquqiy shu bilan birga psixologik, ijtimoiy va iqtisodiy jihatdan ham himoyasini kuchaytirishni nazarda tutadi.
Xorijiy davlatlar tajribasiga tayanilgan holda ishlab chiqilgan ushbu qonun loyihasi O‘zbekistonda xotin-qizlarni himoya qilish tizimini xalqaro standartlarga yaqinlashtiradi. Psixologik reabilitatsiya, ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash va vaqtincha mehnatga layoqatsizlik kafolatlari jabrlangan ayollarning jamiyatga tezroq moslashishiga, o‘z hayotini qayta tiklashiga xizmat qiladi.
Xulosa qilib aytganda, mazkur qonun loyihasi xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish sohasida qonunchilik bazasini mustahkamlash, huquqiy mexanizmlarni kuchaytirish, ularning huquqiy, psixologik va ijtimoiy himoyasini ta’minlashda davlat, qolaversa, jamiyat mas’uliyatini oshirish orqali inson qadrini ulug‘lashga qaratilgan muhim qadam hisoblanadi.
O‘zA muxbiri N.Usmonova yozib oldi.