Xosiyat Bobomurodova: “Saylanma” – baxt maydoni”
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi homiyligida yangi kitob
Taniqli shoira, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi, “Shuhrat” medali, “Mehnat shuhrati” va “El-yurt hurmati” ordenlari sohibasi Xosiyat Bobomurodovaning “Saylanma” – Baxt maydoni” nomli kitobi O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi homiyligida nashrdan chiqdi.
Kitobdan shoiraning mustaqillik yillari yozgan – she’rlari, drama va dostonlari, qatra va esselari joy olgan.
Janrlar, mavzular rang-barang. Ammo ularni birlashtirib turguvchi asosiy vosita – bosh g‘oya bor. Bu – Vatanga muhabbat, ayol zotiga cheksiz ehtirom, onaga ta’zim, qadimiy va afsonaviy Samarqand ulug‘vorligini bor ovozda kuylash.
Kitob shoiraning qo‘shiqqa aylanib butun O‘zbekiston jo‘r bo‘lib kuylaydigan she’ri bilan boshlanadi:
Derlar, shirin so‘zning gadolari ko‘p,
Yonib turgan ko‘zning adolari ko‘p,
Yurtlar bor, hattoki xudolari ko‘p,
Vatan yagonadir, Vatan bittadir.
Kezdimki, dunyoning yo‘llari uzun,
Fahmi noqislarning qo‘llari uzun,
Ammo barchasining ko‘rari, ko‘zi,
Vatan yagonadir, Vatan bittadir.
Kimdir do‘stlarini sotishi mumkin,
Kimdir o‘ziga o‘q otishi mumkin,
O‘q o‘tmas qal’aning borligi ham chin,
Vatan yagonadir, Vatan bittadir.
Vatan deb Vatandan ketganlar aytsin,
Sog‘inch yoqasidan tutganlar aytsin,
Pushaymonlik zahrin yutganlar aytsin,
Vatan yagonadir, Vatan bittadir...
Qaysidir bir suhbatda hamkasb jurnalist shoirani: “Ayting-chi, siz bu dunyoga nimaga kelganman deb o‘ylaysiz?” – deya so‘roqqa tutadi.
– Men dunyoga so‘z izlab kelganman, - deya javob beradi o‘ylab ham o‘tirmasdan shoira.
Bu dunyoda kimlardir haqiqat izlab keladi va umr bo‘yi o‘z haqiqatini axtarib yuradi. Yaxshilik qilishga keldim deydi qanchalar. Yaxshilik qilib yurishibdi, ko‘rib yuribmiz. Ammo, so‘z izlab kelganlar, juda oz, ehtimol, barmoq bilan sanarlidir.
– Ollohim, shukurlar bo‘lsinkim, SO‘Z degan dargohing bor. Shukurlar bo‘lsinki, mening qalbimga bu dargoh diydori nasib etmish. Undan tergan injularim birla qalbimni ta’rif etdim...
Tangrim, mening so‘z izlash azobiga muyassar etganing uchun shukur. So‘zlarni yengganim sayin menikiga aylandi. Yengolmagan so‘zlarga asir bo‘ldim. G‘oliblik va asirlik aro yashayman to so‘nggi damgacha... deb yozadi shoira.
Xosiyat Bobomurodovaning “Baxt maydoni” saylanmasini o‘qirkansiz, ko‘z o‘ngingizda tom ma’noda o‘zgarib borayotgan bugungi Samarqand, bepoyon O‘zbekiston manzaralari gavdalanadi.
Uning izlagan haqiqatlari “axtarib yurgan so‘zlari”da aks etib turadi. “Nega seni balanddan izladim, pastda ekansan” deb yozadi bir o‘rinda shoira... Xullas, juda qiziq, hayot falsafalariga to‘la bu kitob.
Xosiyat Bobomurodovaning “Baxt maydoni” nomli saylanmasini, albatta, o‘qing.
O‘zA