Xorijiy tillar bo‘yicha eng yaxshi maktablar aniqlanadi
Mamlakatimizda o‘quvchi-yoshlarning xorijiy tillarni mukammal o‘rganishi uchun ko‘plab ma’rifiy loyihalar hayotga faol tatbiq etilmoqda. Zero, bir emas, bir nechta xorijiy tilni mukammal bilish bugungi kun talabiga aylandi.
Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tomonidan 17–21-avgust kunlari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sovrini uchun “Xorijiy tillarni o‘qitish bo‘yicha eng yaxshi maktab” tanlovining Respublika bosqichi o‘tkazilmoqda. Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumanidagi “Renessans” bolalar oromgohida tashkil etilgan tanlov jarayonlarida hududiy bosqichda g‘olib bo‘lgan jamoalar ishtirok etmoqda.

Tanlov davomida ishtirokchilarning tinglab tushunish (listening), o‘qish (reading), yozish (writing) va gapirish (speaking) ko‘nikmalari sinovdan o‘tkaziladi.
Aytish joizki, “Xorijiy tillarni o‘qitish bo‘yicha eng yaxshi maktab” tanlovi uch bosqichda tashkil etilmoqda. Birinchi bosqichda respublika bo‘yicha jami 8 ming 721 ta maktab ishtirok etgan bo‘lib, unda 43 ming 605 nafar o‘quvchi qamrab olindi.
Tanlovning birinchi bosqichi yakuniga ko‘ra, respublika bo‘yicha 208 ta tuman va shahar maktabi tanlovning ikkinchi — hududiy bosqichiga tavsiya etildi. Unda eng yaxshi natijalarni qayd etgan jamoalar respublika bosqichida o‘zaro kuch sinashmoqda.

Respublika bosqichida 1-o‘rinni qo‘lga kiritgan jamoa — 500 million so‘m, 2-o‘rin egasi — 400 million so‘m, 3-o‘rinni egallagan jamoa — 300 million so‘m miqdorida pul mukofoti bilan taqdirlanadi.
Shuningdek, respublika bosqichi ishtirokchilari va ularning ustozlari xorijga ta’lim sayohatiga yuboriladi. Tanlovning barcha bosqichlari uchun test topshiriqlari ishtirokchilarning muloqot ko‘nikmalarini bosqichma-bosqich rivojlantirishga qaratilgan.
N.Usmonova,
O‘zA muxbiri