Xorijiy kompaniyalarning O‘zbekiston polimer sanoatiga qiziqishi ortmoqda
Bugungi kunda plastmassa va polimerlar sanoati iqtisodiyotning ko‘plab tarmoqlari uchun muhim xomashyo va tayyor mahsulotlar yetkazib beruvchi yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. Sanoat, qurilish, avtomobilsozlik, tibbiyot, oziq-ovqat va maishiy ehtiyojlar uchun keng qo‘llaniladigan mahsulotlarni ishlab chiqarishda zamonaviy polimer materiallardan foydalanish tobora kengayib bormoqda.
Bu esa sohada yangi texnologiyalarni joriy etish, ishlab chiqarish hajmini oshirish va mahsulotlarni mahalliylashtirish jarayonlarini yanada jadallashtirishni taqozo etadi.
Ayni yo‘nalishda yangi texnologiya va ishlanmalarni namoyish etish, ishlab chiqaruvchilar hamda xorijiy kompaniyalar o‘rtasida hamkorlikni kengaytirishda xalqaro ko‘rgazmalar muhim ahamiyat kasb etadi.
Shu maqsadda bugun poytaxtimizdagi “O‘zekspomarkaz” markaziy ko‘rgazmalar majmuida plastmassa va polimerlar sanoati sohasidagi yirik tadbirlardan biri - “Plastmassa va polimerlar sanoati - Plastex Uzbekistan 2026” 16-xalqaro ko‘rgazmasining ikkinchi kungi tadbirlari davom etmoqda.
Ishtirokchilardan ko‘rgazmaning ikki kunlik natijalari, ularning taassurotlari hamda O‘zbekiston bozoridagi imkoniyatlar haqidagi fikrlarini so‘radik.
Shuhrat O‘tkirov – "Novoplast" kompaniyasi sotuv menejeri:
– Biz termoelastoplast xomashyosini ishlab chiqaramiz. O‘zimiz ishlab chiqaradigan xomashyodan shlanglar, shuningdek, oynalar profillari uchun rezina mahsulotlar tayyorlaymiz.
Kompaniyamiz O‘zbekistonda to‘rt yildan buyon faoliyat yuritib kelyapti. Mahsulotlarimizni Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Tojikiston kabi qo‘shni davlatlarga eksport qilamiz. Bundan tashqari, Rossiyada to‘rtta zavodimiz faoliyat yuritmoqda. Ayni paytda Turkiyada ham yangi zavodimizni ishga tushirish ishlari olib borilmoqda.
Termoelastoplastdan turli sohalar uchun sifatli rezina mahsulotlarini ishlab chiqarish mumkin. Xususan, avtomobilsozlik, tibbiyot, oziq-ovqat sanoati va boshqa yo‘nalishlarda keng qo‘llaniladigan mahsulotlar tayyorlaymiz.
Asosiy faoliyat yo‘nalishimiz termoelastoplast granulalarini ishlab chiqarishga qaratilgan. Bunda xomashyoning asosiy qismi o‘zimizda tayyorlanadi.
"Novoplast" O‘zbekistonda tashkil etilgan mahalliy kompaniya hisoblanadi. Korxonamizda bugungi kunda 100 ga yaqin xodim mehnat qilmoqda. Korxonamiz Chirchiq shahridagi Chirchiq texnoparki hududida joylashgan.
Ko‘rgazmalarda ham muntazam ishtirok etib kelyapmiz. Jumladan, har yili “Plastex Uzbekistan” ko‘rgazmasida qatnashamiz. Shuningdek, yaqinda bo‘lib o‘tadigan “Aquatherm” ko‘rgazmasida ham ishtirok etishni rejalashtirganmiz.
Umuman, sohamizga oid ko‘rgazmalarda har yili faol qatnashib, mahsulotlarimizni keng namoyish etib kelyapmiz.
[gallery-31577]
Yahyo Abdullohiyon – "SAB POLYMER" kompaniyasining eksport bo‘yicha vitse-prezidenti:
– Biz Erondan O‘zbekistonga plastmassa sanoati uchun turli xil polimer xomashyolarini eksport qilamiz. Jumladan, qayta ishlangan plastik materiallar, polimer kompaundlar va birlamchi xomashyo mahsulotlarini yetkazib beramiz.
"SAB POLYMER" kompaniyasi Eronning Tehron shahrida faoliyat yuritadi. Asosiy yo‘nalishlarimiz plastmassa sanoati uchun polimer xomashyosi, qayta ishlangan plastik materiallar va polimer kompaundlarni ishlab chiqarish hamda xalqaro bozorlarga yetkazib berishdan iborat.
O‘zbekiston ham biz uchun muhim bozorlardan biri. Mamlakatning turli shaharlariga mahsulotlarimizni yetkazib berish va mahalliy hamkorlar bilan ishlash imkoniyatiga egamiz.
Bu yil “Plastex Uzbekistan 2026” ko‘rgazmasida ham o‘z stendimiz bilan ishtirok etdik. Ko‘rgazma juda yaxshi tashkil etilgan. Bu tadbirda ikkinchi marta qatnashyapmiz. O‘tgan yilgi ishtirokimiz ham yaxshi natija bergani uchun bu yil yana qatnashishga qaror qildik.
O‘zbekistondagi faoliyatimizni kelgusida ham davom ettirish va hamkorligimizni yanada kengaytirishni istaymiz.
Leo Li – Xitoyning "Zhejiang New Debao Machinery Co., Ltd." kompaniyasi sotuv bo‘limi menejeri:
– Biz Xitoyda qog‘oz stakan va qog‘oz idishlar ishlab chiqarish uchun mo‘ljallangan uskunalarni ishlab chiqaramiz. Bu sohada 26 yildan ortiq tajribaga egamiz.
Bu mening “Plastex Uzbekistan 2026” ko‘rgazmasida ikkinchi marta ishtirok etishim. Kompaniyamiz O‘zbekiston bozoridagi faoliyatini kengaytirishga qiziqmoqda. Chunki bu yerda talab tobora ortib borayotganini ko‘ryapmiz.
O‘zbekistonda sutli choy va qahvaxonalar, shuningdek, tez ovqatlanish shoxobchalari soni ko‘payib bormoqda. Shu sababli qog‘oz stakan va bir martalik idishlarga bo‘lgan talab ham ortib bormoqda.
Shu maqsadda ko‘rgazmada o‘z uskunalarimizni namoyish etyapmiz. Uskunalarimiz qahvaxonalar, sutli choy do‘konlari, tez ovqatlanish shoxobchalari va olib ketiladigan taomlar biznesi uchun juda qulay.
O‘zbekiston bozorida mahsulotlarimizni yanada kengroq tanitish va mahalliy hamkorlar bilan ishlashni maqsad qilganmiz.
Umuman olganda, ko‘rgazmada mahalliy ishlab chiqaruvchilar bilan bir qatorda, xorijiy kompaniyalarning ham faol ishtirok etayotgani plastmassa va polimerlar sanoatida xalqaro hamkorlik aloqalari kengayib borayotganidan dalolat beradi. Ishtirokchilar O‘zbekiston bozoridagi imkoniyatlarga yuqori qiziqish bildirib, zamonaviy texnologiyalar, sifatli xomashyo va tayyor mahsulotlar yo‘nalishida hamkorlikni yanada kengaytirishga intilayotganini qayd etdi.
Nasiba Ziyodullayeva,
Oybek Pardayev (surat)
O‘zA muxbiri