Xorijiy atamalarning ona tilimizdagi muqobillari
Mamlakatimizda keyingi yillarda ona tilimizni asrab-avaylash va uni yanada rivojlantirishga dolzarb masala sifatida alohida e’tibor qaratilmoqda.
Bu borada turli xorijiy tillardan o‘zlashgan so‘zlarning o‘zbekcha muqobillarini ilmiy asosda ishlab chiqish va ularni xalqimizga taqdim etish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.
Aytish joizki, bugungi murakkab globallashuv sharoitida har bir xalq o‘z tilining sofligini saqlashga ustuvor vazifalardan biri sifatida yondashmoqda. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 20-oktabrdagi «Mamlakatimizda o‘zbek tilini yanada rivojlantirish va til siyosatini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmoni bilan tasdiqlangan 2020-2030-yillarda o‘zbek tilini rivojlantirish va til siyosatini takomillashtirish konsepsiyasida ilmiy asoslangan yangi so‘z va atamalarni muntazam ravishda rasmiy muomalaga kiritib borish vazifasi belgilangan.
Mazkur vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Atamalar komissiyasi tomonidan tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, yaqinda komissiya tomonidan o‘zbek tili qoida va me’yorlari asosida shakllantirilgan hamda rasmiy muomalaga kiritiladigan 41 ta yangi so‘z va atamaning ro‘yxati e’lon qilindi.
Ushbu ro‘yxatning ahamiyatli jihati shundaki, undan ijtimoiy tarmoqlar, tibbiyot, texnologiya va xizmat ko‘rsatish sohalarida keng qo‘llaniladigan atamalar o‘rin olgan.
Yangi tartibga ko‘ra, kundalik hayotda faol ishlatiladigan qator xalqaro atamalar milliy muqobillari bilan almashtiriladi. Xususan, internet va raqamli texnologiyalar sohasidagi «emoji» so‘zi o‘rniga «hisbelgi», «xeshteg» o‘rniga «kalitso‘z», «vebinar» o‘rniga esa «vebyig‘in» atamasi tavsiya etildi. Marketing sohasidagi «brend» tushunchasi endi «xosnom» deb yuritiladi. Ish bilan bandlik sohasidagi «frilanser» so‘zi esa rasmiy hujjatlarda «erkin ishchi» shaklida qo‘llaniladi.
Ro‘yxatdan texnik va maishiy sohalarga oid atamalar ham o‘rin olgan. Jumladan, tibbiyotdagi «breket» tushunchasi «tishsim», «simptom» esa «belgi» yoki «alomat» sifatida qayd etilgan. Maishiy texnikadagi «mikser» qurilmasi «qorg‘ich», «datchik» moslamasi esa «sezgich» deb nomlanadi. Shuningdek, xizmat ko‘rsatish va turizm sohasidagi «xostel» so‘zi o‘rniga «qo‘noquy», savdodagi «rasprodaja» o‘rniga «arzonsotuv» atamasini qo‘llash belgilandi.
Madaniy hayot va xizmat ko‘rsatish sohasida ham qator o‘zgarishlar nazarda tutilgan. Xususan, teatr va sahna san’atidagi «suflyor» kasbi egalari rasmiy ravishda «shivirchi» deb ataladi. Shuningdek, «banket» tushunchasi o‘rniga «ziyofat», «antrakt» o‘rniga esa «tanaffus» atamasi tasdiqlandi.
Bundan tashqari, kundalik turmush va qurilish sohasida keng qo‘llaniladigan ayrim atamalar ham milliylashtirildi. Jumladan, sanitariya-texnika vositasi hisoblangan «rakovina» so‘zi o‘rniga «chanoq» atamasi rasmiy muomalaga kiritildi.
Yangilangan ro‘yxatda zamonaviy texnologiyalar va energetika sohasidagi xalqaro atamalar hamda qisqartmalarning milliy muqobillari ham aks etgan. Xususan, Elektr energiyasini hisobga olishning avtomatlashtirilgan tizimi — ASKUE esa endilikda EHNAT (energiya hisobi va nazoratining avtomatlashtirilgan tizimi) qisqartmasi shaklida qo‘llanadi.
Ish yuritish va loyihalarni boshqarish tizimida keng ishlatiladigan «dedlayn» atamasi rasmiy muomalada «so‘ngmuddat» sifatida mustahkamlandi. Shuningdek, ayrim ommaviy axborot vositalari, rasmiy hujjatlar va internet saytlarida keng qo‘llaniladigan «kommentariy» tushunchasi o‘zbek tili qoidalariga muvofiq «izoh» shaklida rasmiylashtirildi.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, bunday o‘zgarishlar dunyoning ko‘plab mamlakatlarida milliy til sofligini saqlash va terminologiyani boyitish maqsadida muntazam amalga oshirib kelinmoqda. Yangi atamalarning joriy etilishi xorijiy so‘zlarni butunlay iste’moldan chiqarishni emas, balki rasmiy ish yuritish va qonunchilik hujjatlarida yagona lingvistik tizimni shakllantirishga xizmat qiladi.
Nazokat Usmonova, O‘zA