Xorijga o‘qish uchun ketuvchilar soni nega kamaydi?
2026-yil boshida O‘zbekiston fuqarolarining xorijda tahsil olishi bilan bog‘liq ma’lumotda miqdor pasayishi kuzatildi. Yanvar-fevral oylarida 4 000 ga yaqin o‘zbekistonlik o‘qish uchun chet elga yo‘l olgan. Bu borada asosiy yo‘nalish Rossiya, Koreya Respublikasi va qo‘shni davlatlar bo‘lib qolmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Statistika agentligi ma’lumotiga ko‘ra, joriy yil dastlabki ikki oyida jami 3 964 nafar fuqaromiz o‘qish maqsadida xorijga safar qilgan. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 1 200 kishi yoki 23,6 foiz kam. Ayni holat mamlakatimizda ta’lim imkoniyati kengayishi, mahalliy oliy ta’lim muassasalari rivojlanayotgani hamda xorijiy universitetlarning yurtimizdagi filiallariga qiziqish ortishi bilan izohlangan.
Tahlilga ko‘ra, talaba yoshlarimiz ko‘proq Rossiyani tanlamoqda. Hozir ushbu mamlakatda 989 nafar o‘zbekistonlik oliy ta’lim olyapti. Keyingi o‘rinlarda Koreya Respublikasi (679 nafar), Qirg‘iziston (639), Turkiya (300), Tojikiston (276) va Xitoy (252). 829 nafar fuqaromiz boshqa turli davlatlarda o‘qishni davom ettirmoqda.
Umuman, yaqin hamkor va qo‘shni davlatlar bilan faol ta’lim almashinuvi Markaziy Osiyo mintaqasidagi akademik integratsiya kuchayib borayotganini anglatadi.
F.Yaxshiboyeva, O‘zA