Xorijda o‘qish orzu emas, strategiya…
So‘nggi yillarda O‘zbekistonda yoshlarning xalqaro ta’lim maydoniga chiqishi davlat siyosati darajasida qo‘llab-quvvatlanayotgan muhim yo‘nalishlardan biriga aylandi. Avvallari faqat ayrimlardagina mavjud bo‘lgan nufuzli xorijiy universitetlarda tahsil olish imkoniyati bugun minglab iqtidorli yigit-qizlar uchun aniq maqsad, puxta rejaga asoslangan yo‘ldir.
Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar zamirida raqobatbardosh kadrlar tayyorlash, zamonaviy bilim va texnologiyani o‘zlashtirgan mutaxassislar qatlamini shakllantirish vazifasi yotadi. Shu nuqtai nazardan xorijiy ta’lim dasturlari nafaqat muayyan shaxsning rivojlanishi, balki butun mamlakat taraqqiyoti uchun strategik ahamiyat kasb etmoqda.
Bugun yoshlar uchun turli davlat idoralari, xalqaro tashkilotlar tomonidan taqdim etilayotgan grant, stipendiya va akademik almashinuv dasturlari ko‘lami tobora kengaymoqda. Ayniqsa, davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlanayotgan “El-yurt umidi” jamg‘armasi faoliyati orqali iqtidorli vatandoshlarga dunyoning yetakchi universitetlarida bakalavriat, magistratura, doktorantura va malaka oshirish dasturlarida tahsil olish imkoni yaratilgan.
Ushbu tizimning eng muhim jihatlaridan biri shundaki, xorijda ta’lim olish faqat diplom qo‘lga kiritish emas. Ya’ni, bunday yoshlarimizda zamonaviy boshqaruv, raqamli texnologiya, sun’iy intellekt, iqtisodiyot, davlat xizmati, ta’lim kabi muhim sohalarda o‘zlashtirilgan ilg‘or tajribani mamlakat rivojiga yo‘naltirish imkoni bor.
Mutaxassislar fikricha, bugungi kunda xalqaro ta’lim maydonida raqobatga kirishish uchun yaxshi bahoning o‘zi yetarli emas. Muayyan chet tilini mukammal bilish, raqamli ko‘nikma hosil qilish, ilmiy va ijtimoiy faol pozitsiya egallash, o‘z oldiga aniq maqsad qo‘yish hamda yetakchilik qobiliyatini namoyon etish ham juda muhim. Shu bois ko‘plab yoshlar ta’lim olish barobarida zamonaviy texnologiya va tahliliy fikrlash ko‘nikmasini ham rivojlantirishga intilayotir.
Xalqaro tajriba ko‘rsatmoqdaki, bilimli va tashabbuskor kadrlar mamlakatning eng muhim strategik resursi hisoblanadi. Demak, xorijda tahsil olgan yoshlarning davlat boshqaruvi, iqtisodiyot, raqamlashtirish, innovatsiya singari ustuvor yo‘nalishlardagi ishtiroki Yangi O‘zbekiston taraqqiyotini ta’minlaydigan muhim omillardan biri sifatida baholanmoqda.
O‘zA muxbiri xorijda ta’lim olish imkoniyati, stipendiya yutish uchun zarur omillar, raqamli ko‘nikmaning ahamiyati va chet el tajribasini o‘lkamiz rivojiga yo‘naltirish masalalari haqida “El-yurt umidi” jamg‘armasi stipendiati, Amsterdamda tahsil olgan, ayni payt jamg‘armaning Raqamlashtirish va axborot-tahlil boshqarmasi bosh yo‘riqchisi Qahramon Bektemirov bilan suhbatlashdi.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/Vy5VT2rGL_g" title="Xorijda o‘qish orzu emas, strategiya…" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Musulmon Ziyo, Asliddin Alijonov (video), O‘zA