Xorazmlik gandbolchi qizlar tantanali kutib olindi
Joriy yilning 10-18-may kunlari Qozog‘istonning Olmaota shahrida gandbol bo‘yicha U-16 qizlar jamoalari o‘rtasida Osiyo chempionati bo‘lib o‘tdi. Qit’a miqyosida ilk bor tashkil etilgan nufuzli musobaqada O‘zbekiston U-16 qizlar terma jamoasi kumush medalni qo‘lga kiritib, shu yil 15-24-oktabr kunlari Marokashning Agadir shahrida o‘tkaziladigan jahon chempionatiga yo‘llanmani qo‘lga kiritdi.
Mazkur yutuqqa munosib hissa qo‘shgan xorazmlik sportchilar Shaydo Matyoqubova, Shabnam Matyoqubova hamda Maftuna Botirova Urganch temir yo‘l vokzalida tantanali ravishda kutib olindi.
Kutib olish marosimida viloyat sport boshqarmasi, Sportning o‘yin turlari va yengil atletika bo‘yicha ixtisoslashtirilgan sport maktabi, Bog‘ot tumani sport maktabi, gandbol federatsiyasi vakillari, sportchilarning murabbiylari, maktab jamoasi hamda ota-onalar ishtirok etdi.


– Olmaotadagi Osiyo chempionati biz uchun haqiqiy matonat maktabi bo‘ldi, – deydi Shaydo Matyoqubova. – Bu musobaqada har bir jamoa bor kuchi bilan g‘oliblik uchun kurashdi. Har bir o‘yinda bor kuchimizni berib harakat qildik. Kumush medalni qo‘lga kiritib, Jahon chempionati yo‘llanmasiga ega bo‘lganimizni his qilgan daqiqalarimizdagi quvonchni so‘z bilan ta’riflab berolmayman. Bugun Urganch vokzalida bizni bunday yuksak ehtirom va karnay-surnaylar bilan tantanali kutib olishlarini kutmagan edik. Bu e’tibor bizga yanada katta kuch beradi. Endi to‘xtash yo‘q, oldinda bizni oktabr oyida Marokash kutmoqda. Agadir shahrida O‘zbekiston qizlari nimalarga qodirligini isbotlashga va yurtimiz bayrog‘ini baland ko‘tarishga va’da beramiz.
Sportchi qizlar sharafiga qo‘shiqlar kuylanib, raqslar ijro etildi.
Ahmadjon Shokirov,
Behzod Saidov(surat),O‘zA muxbiri