Xorazmlik dzyudochilar tengsiz
Poytaxtimizdagi "Universal" sport saroyida dzyudo bo‘yicha kattalar o‘rtasida O‘zbekiston chempionati o‘tkazildi.
O‘zbekiston Jismoniy tarbiya va sport vazirligi, Milliy olimpiya qo‘mitasi hamda mamlakatimiz dzyudo federatsiyaisi tomonidan tashkil etilgan chempionatda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, barcha viloyatlar hamda Toshkent shahridan jami 500 nafardan ziyod dzyudochi o‘zaro raqobatlashdi.
Musobaqaning so‘nggi kunida erkaklar o‘rtasida -100, +100 kg, ayollarda esa -78, +78 kg vazn toifalarida bellashuvlar bo‘lib o‘tdi. Unda Muzaffarbek To‘raboyev, Shohrux Baxtiyorov, Irisxon Qurbonboyeva hamda Fotima Quramboyeva o‘z vazn toifalarida mamlakat chempioniga aylandi.
Uch kunlik bellashuvlar yakuniga ko‘ra, umumjamoa hisobida ham erkaklar, ham ayollar o‘rtasida Xorazm viloyati terma jamoasi birinchi o‘rinni egalladi. Xorazmlik dzyudochilar chempionat davomida 4 ta oltin, 3 ta kumush, 3 ta bronza medalini qo‘lga kiritdi. Shuningdek, 3 ta oltin, 1 ta kumush, 2 ta bronza medali bilan Surxondaryo viloyati jamoasi ikkinchi, 3 tadan oltin va bronza medali bilan Toshkent viloyati polvonlari uchinchi bo‘ldi.