Xorazmda sport sinovlariga start berildi
Urganch shahrida 7-17 yoshdagi maktab o‘quvchilari o‘rtasida "Jismoniy tayyorgarlik darajasi" sport sinovlari hamda o‘qituvchilar uchun "Sog‘lom tanda – sifatli ta’lim" shiori ostidagi sport musobaqalariga start berildi.
Tadbirda viloyat sport boshqarmasi hamda viloyat maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi boshliqlari so‘zga chiqib, davlatimiz rahbarining “Aholining jismoniy tayyorgarlik darajasini baholash bo‘yicha sport sinovlarini tashkil etish va o‘tkazish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida har yili yurtimiz mahallalari, o‘quv dargohlari, tashkilot va korxonalarda “Jismoniy tayyorgarlik darajasi” sport sinovlari o‘tkazilayotganligini ta’kidladi.
–Mamlakatimizda ommaviy sportni rivojlantirish orqali aholi o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini shakllantirish ustuvor vazifalardan biri sifatida belgilangan, – deydi viloyat sport boshqarmasi boshlig‘i N.Djumaniyazova. – Viloyatimizda start berilgan sport sinovlarida o‘n minglab yoshlar va minglab o‘qituvchilar ishtirok etishi kutilmoqda. Shuningdek, bu kabi tadbirlar mahallalarda va mehnat jamoalarida ham tashkil etiladi.
[gallery-23002]
O‘quvchilarning jismoniy tayyorgarlik darajasini baholash bo‘yicha “Jismoniy tayyorgarlik darajasi” sport sinovlari joriy yilning aprel-may oylarida 1–10-sinflar bo‘yicha o‘g‘il va qiz bolalar uchun alohida yosh guruhlarida o‘tkaziladi.
Baholash mezonlarida kommunikatsiya tizimlaridan foydalanilib, sinovlarni topshirayotgan ishtirokchilar to‘g‘risidagi ma’lumotlar, ularning natijalari yagona elektron boshqaruv tizimi orqali monitoring qilib boriladi.
Bu yilgi sport sinovlarida g‘olib va sovrindor bo‘lganlar o‘quv yili yakunida “Jismoniy tayyorgarlik darajasi” ko‘krak nishoni va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlanadi.
Ahmadjon Shokirov, Behzod Saidov (surat), O‘zA muxbirlari