Xorazmda o‘qituvchilar qurultoyi
Xorazm viloyatida ham “Ustoz – ta’lim bunyodkori” shiori ostida o‘qituvchilar qurultoyi bo‘lib o‘tdi. Qurultoyda maktabgacha va maktab ta’limi vaziri Hilola Umarova, Xorazm viloyati hokimi Jo‘rabek Rahimov ishtirok etdi.
Tadbirda ta’lim islohotlarini amalga oshirish, mavjud muammolarni muhokama qilish va ularning yechimi bo‘yicha aniq takliflar ishlab chiqish yuzasidan o‘zaro muloqotlar bo‘ldi. Viloyatdagi umumta’lim maktablarida faoliyat yuritayotgan xorijlik o‘qituvchilar tizimni yanada isloh qilishda nimalarga e’tibor qaratishi lozimligi, kasbiy rivojlantirishning ahamiyati haqida so‘z bordi.
Shundan so‘ng bir guruh soha fidoiylariga “Xalq ta’limi a’lochisi” ko‘krak nishoni hamda maktabgacha va maktab ta’limi vazirining tashakkurnomasi va faxriy yorliqlari topshirildi.
– Tadbir davomida sohadagi mavjud muammolar va ularning yechimlari ham muhokama qilinib, tizimni yanada isloh qilishda nimalarga e’tibor qaratish lozimligi, o‘qituvchilarni yagona kuchga aylantirish va ularni kasbiy rivojlantirishning ahamiyati haqida so‘z bordi, – deydi Maktabgacha va maktab talimi viloyat boshqarmasi bo‘lim boshlig‘i Bahodir Tillayev. – Samimiy muloqotlar asnosida ko‘tarinki kayfiyatda o‘tgan uchrashuvda o‘qituvchilar bevosita vazir bilan yuzma-yuz gaplashish, o‘z takliflari, muammolari yuzasidan fikrlashish imkoniyatiga ega bo‘ldi.
Shuningdek, bayram dasturxoni yozildi. Musiqiy badiiy dastur soha fidoiylariga madaniy hordiq baxsh etdi. Kunning ikkinchi yarmida “Ustoz – ta’lim bunyodkori” shiori ostida seminar-trening uyushtirildi. Seminarda viloyatimizda faoliyat olib borayotgan chet ellik mutaxassislar, trenerlar tomonidan o‘quv mashg‘ulotlari olib borildi.
Mashg‘ulot davomida pedagoglar o‘quvchilarni fanlarga qiziqtirish usullari, loyihaga asoslangan ta’limning mohiyati, o‘qish savodxonligi va fanlar doirasida 4K modelini qo‘llash, XXII asrda sifatli o‘qitishning asosiy tamoyillari yuzasidan muhim ma’lumotlarga ega bo‘ldi.
Ahmadjon Shokirov, Behzod Saidov(surat),
O‘zA muxbirlari