Xorazmda ertalabki ommaviy badantarbiya mashg‘ulotlari kundalik odatga aylanmoqda
Sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish va aholi o‘rtasida jismoniy faollikni oshirish borasida Xorazm viloyatida ijobiy an’ana qaror topmoqda. So‘nggi paytlarda viloyatning shahar va tumanlaridagi mahallalar, tashkilot va muassasalarda o‘tkazilayotgan ertalabki ommaviy badantarbiya mashg‘ulotlari nafaqat sport tadbiri, balki aholining kunni ko‘tarinki ruhda boshlashini ta’minlaydigan go‘zal odatga aylandi.
Viloyatning deyarli ko‘pchilik boshqarmalarida ish vaqti oldidan ertalabki badantarbiya mashg‘ulotlari keng miqyosda tashkil etilmoqda.

Bunday xayrli tashabbus eng avvalo Xorazm viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi xodimlari o‘rtasida kuzatiladi. Boshqarma xodimlari har kuni ertalabdan sog‘lom turmush tarzi tamoyillarini ommalashtirishga qaratilgan badantarbiya va ommaviy jismoniy-sog‘lomlashtirish mashg‘ulotlarini o‘tkazadi.
– Xodimlarimiz barcha uchun qulay va foydali bo‘lgan yengil mashqlarni bajarib, kunni yuqori kayfiyat va tetiklik bilan boshlaydilar, – deydi viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi bosh hamshirasi Bikajon Matchonova. – Sog‘lom turmush tarzi, shaxsiy gigiyena, to‘g‘ri ovqatlanish, muntazam jismoniy faollik va piyoda yurish har bir inson salomatligini mustahkamlashning eng kuchli omilidir. Xususan, kunlik piyoda yurish yurak-qon tomir tizimi faoliyatini yaxshilaydi, kayfiyatni ko‘taradi, organizmni quvvat bilan ta’minlab, stress darajasini sezilarli darajada kamaytiradi.

Ertalabki 15-20 daqiqalik oddiy jismoniy mashqlar insonga kun davomida kerakli bo‘lgan yuqori kayfiyat va ishchanlik qobiliyatini bag‘ishlaydi. Bu sog‘lom, uzoq umr ko‘rishning eng oddiy va samarali siridir.
Ayniqsa, Xiva shahridagi tarixiy obidalar atrofida ochiq havoda o‘tkazilayotgan mashqlarda nafaqat mahalliy aholi, balki hududga tashrif buyurgan xorijiy va mahalliy turistlar ham mamnuniyat bilan ishtirok etmoqda.

– Biz har kuni ertalab bajariladigan badantarbiya mashg‘ulotlaridan tashqari, shanba yoki yakshanba kunlari oliy o‘quv yurtimiz rahbar xodimlari, professor-o‘qituvchilar hamda faol talaba-yoshlar ishtirokida sog‘lom turmush tarzini keng targ‘ib qilish maqsadida barchamiz qadimiy Xiva shahrida velosayr tashkil etamiz, – deydi Urganch davlat universiteti rektori Feruza Madrahimova. – Tarixiy muhit bag‘rida, erta tongning musaffo havosida o‘tgan mazkur tadbir ishtirokchilar uchun nafaqat jismoniy faollikni oshirish, balki jamoa o‘rtasida birdamlikni mustahkamlash, ijobiy kayfiyat va sog‘lom raqobat muhitini shakllantirishga xizmat qildi.

Urganch shahridagi markaziy istirohat bog‘lari va xiyobonlarda erta tongdan musiqa sadolari ostida chiniqish mashqlari bajarilmoqda. Ayniqsa, shahar markazidan oqib o‘tuvchi Shovot kanalining ikki sohilida tashkil etilgan sayilgoh va piyodalar yo‘lagi aholi orasida ertalab badantarbiya qilish va kechqurun piyoda sayr qilish odatini kengaytirishga xizmat qilmoqda.
– Ertalab badantarbiya qilish va kechqurun piyoda yurish odati inson organizmi uchun juda mukammal va bir-birini to‘ldiruvchi sog‘lom turmush tarzi hisoblanadi, – deydi urganchlik Muhiddin Avezov. – Ular kunning turli vaqtlarida organizmga turlicha ijobiy ta’sir ko‘rsatadi. Qo‘shnilarim bilan har kuni Shovot bo‘yida yuramiz, yuguramiz, velosiped haydaymiz. Xullas, ertalab va kechqurun shu yerdamiz. Chunki, kechki payt, ayniqsa, ovqatdan so‘ng sokin sur’atda piyoda sayr qilish kun davomida to‘plangan zo‘riqishlarni yozishga yordam beradi.

Xorazmda 2 mingga yaqin maktabgacha va 565 ta maktab ta’limi muassasasi mavjud. Ularda qariyb 500 mingdan ortiq bolajonlar va o‘n minglab ishchi xodimlar qamrab olingan. Ana shu maskanlarda har kuni badan tarbiya mashg‘ulotlarining bajarilishi viloyatda istiqomat qilayotgan 2 million 200 mingdan ziyod aholining qariyb 40 foizi sog‘lom turmush tarziga qadam qo‘yganligini ifodalaydi.
– Tasavvur qiling, har kuni o‘quv darslari oldidan sado beradigan quvnoq kuy va badantarbiya mashqlari millionlab qalblarni ezgulik va jismoniy faollik atrofida birlashtiradi, – deydi viloyat maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi axborot xizmati rahbari Malika Ahmedova. – Jajji qo‘llarning bir maromda harakatlanishi, o‘quvchi-yoshlarning tetik nigohlari va ustozlarning jo‘shqinligi ushbu maskanlarga o‘zgacha shukuh bag‘ishlaydi. Ta’lim va tarbiya maskanlarini sog‘lom hayot markaziga ham aylantiradi.


Xorazm viloyatida 500 dan ortiq mahallalar mavjud. Ushbu manzillarda ham sport maydonchalari, saylgohlar, bahavo joylar va mahalla guzarlarida yoshlar, mehnat jamoalari va nuroniylar jam bo‘lmoqda. Ushbu mashg‘ulotlar muntazam ravishda o‘tkazilib, aholining jismoniy faolligini oshirishga xizmat qilmoqda.
– Biz ham nevaralar va farzandlarimiz bilan ertalabki mashqlarda qatnashamiz, – deydi hazorasplik mehnat faxriysi Yaqubboy Qutlimurodov. – Tumanimizdagi “Polvon” kanali bo‘yida katta saylgoh tashkil etilgan. Ertalabdan musiqa sadolari yangrab turadi. Qariyalar va nuroniylar uchun ertalabki badantarbiya mashg‘ulotlari juda muhim deb bilaman. Bunda biz yengil, xavfsiz va mushaklarni zo‘riqtirmaydigan mashqlarni bajaramiz. Yosh o‘tgani sari bo‘g‘inlar va suyaklarning egiluvchanligi kamayadi, shu sababli asosiy maqsadimiz qon aylanishini yaxshilash va gavda muvozanatini saqlashdir.

Salomatlik ertalabki badantarbiyadan boshlanadi. Kunni faol va tetik boshlash uzoq umr va mustahkam salomatlik garovidir. Shaxsiy gigiyena, to‘g‘ri ovqatlanish hamda har kungi jismoniy faollik har birimizning hayot tarzimizga aylanishi lozim.
Xorazm viloyati bo‘ylab keng ommalashayotgan bu xayrli harakat doimiy tus olib, aholi sog‘lig‘ini mustahkamlash va ommaviy sportni rivojlantirishda muhim omil bo‘lib xizmat qilmoqda.
Ahmadjon Shokirov,
O‘zA muxbiri