Xorazmda 5 mingdan ortiq noqonuniy yer va inshoot qonuniylashtirildi
Xorazm viloyatida 5 ming 148 nafar shaxsning o‘zboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkalariga hamda ularda qurilgan bino-inshootlarga bo‘lgan huquqlari e’tirof etildi.
Xalq deputatlari Xorazm viloyati Kengashining navbatdagi sessiyasida fuqarolarning yer uchastkasiga bo‘lgan ijara huquqini hamda unda qurilgan bino va inshootga bo‘lgan mulk huquqini e’tirof etish masalasi ko‘rib chiqildi.
Mazkur sessiyada Bog‘ot tumanida 638 nafar, Gurlan tumanida 1215 nafar, Qo‘shko‘pir tumanida 285 nafar, Shovot tumanida 435 nafar, Tuproqqal’a tumanida 129 nafar, Hazorasp tumanida 782 nafar, Xiva shahrida 69 nafar, Xonqa tumanida 283 nafar, Yangiariq tumanida 387 nafar, Yangibozor tumanida 89 nafar, Xiva tumanida 339 nafar, Urganch tumanida 470 nafar, Urganch shahrida 27 nafar, jami 5 148 nafar fuqaroning yer va mulkka bo‘lgan huquqlarini e’tirof etish bo‘yicha Kengash qarori qabul qilindi.
O‘zbekiston Respublikasining “O‘zboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkalariga hamda ularda qurilgan binolar va inshootlarga bo‘lgan huquqlarni e’tirof etish to‘g‘risida”gi qonun ijrosi natijasida fuqarolar va tadbirkorlarning mulklari qonuniylashtiriladi, fuqarolar o‘rtasidagi mulkiy nizolar, shu jumladan, meros bilan bog‘liq nizolarga yechim topiladi, hududlarni rivojlantirish bilan bog‘liq hujjatlarni ishlab chiqishdagi muammolar kamayadi, bozorda qonuniy kapital aylanmasi paydo bo‘ladi, eng muhimi aholining kayfiyatiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi.
Ma’lumot uchun, qonun ijrosi bo‘yicha shu kunga qadar viloyatda 14 ming 360 nafar fuqaroning yer va mulkka bo‘lgan huquqlari e’tirof etildi.
Qonun ijrosi Xorazm viloyat adliya boshqarmasi tomonidan doimiy nazoratga olingan bo‘lib, kelgusida ham viloyatning barcha hududlarida huquqlarni e’tirof etish ishlari davom etadi.
Ahmadjon Shokirov,
O‘zA muxbiri