Xonoboddagi harbiy qism yangicha qiyofada
Xonobod shahrida joylashgan O‘zbekiston Respublikasi Toifalangan ob’ektlarni qo‘riqlash qo‘shinlari tarkibidagi harbiy qism kapital rekonstruksiya qilinib, foydalanishga topshirildi.
Xonobod shahrida joylashgan O‘zbekiston Respublikasi Toifalangan ob’ektlarni qo‘riqlash qo‘shinlari tarkibidagi harbiy qism kapital rekonstruksiya qilinib, foydalanishga topshirildi.
Harbiy xizmatchilar, ularning oila a’zolari, faxriylar, keng jamoatchilik vakillari ishtirokida harbiy qismning foydalanishga topshirishga bag‘ishlangan tantanali tadbirda milliy armiyamizda o‘tkazilayotgan islohotlar, qurolli kuchlarimiz jangovar salohiyatini oshirish borasida keng ko‘lamli ishlar olib borilayotganligi, harbiy xizmatchilarning xizmatni yuksak saviyada ado etishlari uchun zarur shart-sharoitlar yaratib berilayotganligi, xususan, mazkur harbiy qismda katta hajmdagi qurilish, bunyodkorlik, obodonlashtirish ishlari amalga oshirilib, qism butunlay yangicha qiyofa kasb etganligi ta’kidlandi.
Qurilish, ta’mirlash, obodonlashtirish ishlari uchun 12,7 milliard so‘m mablag‘ sarflandi.
Tadbir qatnashchilari harbiy qism shtabi, o‘quv binosida samarali ish yuritish, harbiylarning nazariy bilim olishi uchun yaratilgan keng imkoniyatlar, ma’naviyat markazidagi madaniyat saroyi, kutubxona, tibbiy punkt, sport zali, trenajyor zali, shuningdek, 120 o‘rinli oshxona hamda 130 o‘rinli yotoqxonada yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi.
Tantanali tadbirda harbiy qismning bir guruh askar, serjant va ofitserlariga O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligining, shuningdek, Toifalangan ob’ektlarni qo‘riqlash qo‘shinlari qo‘mondonligining faxriy yorliq, tashakkurnoma hamda esdalik sovg‘alari topshirildi.
– Qo‘mondonligimizning Faxriy yorlig‘i bilan taqdirlanganligimdan behad xursandman, – deydi mayor Sirojiddin Sattorov. – Bu e’tibor, e’tirof menga yanada katta kuch, shijoat bag‘ishlaydi. Vatan himoyachisi degan muqaddas burchni sharaf bilan ado etish uchun bor bilim va salohiyatimni ishga solaman.
Harbiy qismga O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi sovg‘asi – 600 dan ortiq badiiy kitoblar, shuningdek, “Neksiya 3” avtomashinasi ham topshirildi.
Tadbir davomida Sharqiy harbiy okrug Farg‘ona garnizoni harbiy orkestri, Xonobod shahridagi 8-son bolalar musiqa va san’at maktabi tarbiyalanuvchilari, yosh sportchilarning chiqishlari barchaga ko‘tarinki kayfiyat ulashdi.
Tadbirda Andijon viloyati hokimi Sh.Abdurahmonov, Toifalangan ob’ektlarni qo‘riqlash qo‘shinlari qo‘mondoni, polkovnik J.Yakubov so‘zga chiqdi.