Xonadon orastaligi ostonadan boshlanadi
Mustaqillik bayrami oldidan yurtimiz hududlarida, xususan, Yangihayot tumanida keng ko‘lamli obodonlashtirish, ko‘kalamzorlashtirish ishlari olib borilmoqda. Tuman obodonlashtirish boshqarmasi, «Yangihayot-Maxsustrans» avtotransport filiali hamda 17 ta boshqaruv servis kompaniyalari tomonidan tunu kun ishlar tashkil etilgan.
Xususan, bir kunning o‘zida tumanning 38-40 ming kv.metr hududi obodonlashtirilib, 2500 p.m irrigatsiya tarmoqlari tozalanmoqda, kuniga 15 tonna chiqindilar olib chiqib ketilmoqda. 20 kub maydon shox-shabbalardan, 2,7 gektar maydon qurigan o‘tlardan tozalanmoqda. Mazkur ishlarga 8 ta maxsus texnika, mahallaning ichki hududlarini tozalash uchun esa 5 ta qo‘shimcha maxsus texnika jalb qilingan.
Yangihayot tumani hokimi hamda sektor rahbarlari tomonidan har kuni mahallalar bo‘ylab o‘rganish ishlari olib borilmoqda. O‘rganish davomida mahalla hududini tartibga keltirish, noqonuniy qurilmalarni bartaraf qilish, atrofni chiqindilardan tozalash, daraxt va ko‘chatlarni parvarishlash bo‘yicha mas’ullarga aniq topshiriqlar berilmoqda.
Quvonarlisi, tumandagi tozalik ishlariga fuqarolar ham faollik ko‘rsatayotir. Tuman hududida 30 ta mahalla bo‘lsa, hozirda «mahalla yettiligi» boshchiligida barcha mahallalarda hashar tadbirlari tashkil etilmoqda. Tuman oila va xotin-qizlar bo‘limi tomonidan ham «Xonadon orastaligi ostonadan boshlanadi» shiori ostida hashar tadbirlari tashkil etilib, unda ayollar faol ishtirok etmoqda.

Darhaqiqat, mahalla obod bo‘lsa, yurt obod bo‘lib, gullab-yashnaydi. Qolaversa, obodlik, ozodalik bor joyda fayz-baraka bo‘ladi.
M.Qosimova, O‘zA