Xomashyo ham, mahsulot ham o‘zimizniki
Buxoro viloyati Kogon tumanida faoliyat yuritayotgan “Bukhara Gold Granit” mas’uliyati cheklangan jamiyati shaklidagi korxona mahsulotlari yuqori sifatliligi va dizayni bilan xaridorlarga manzur bo‘lmoqda.
– Kichik biznes sub’ektimiz yirik va ko‘ptarmoqli “Buxoro Agroklaster” ta’sischiligida sho‘’ba korxona sifatida tashkil etilgan, –deydi “Bukhara Gold Granit” MCHJ direktori o‘rinbosari Nodirbek Qilichev. – Uning bino va inshootlari qurilishiga ta’sischi 8,9 milliard so‘m mablag‘ yo‘naltirdi. Sexlar “O‘zsanoatqurilishbank” ning viloyat filiali tomonidan besh yil muddatga ajratilgan 2,2 million dollar kredit hisobiga tejamkor texnologiyalar bilan jihozlandi. So‘nggi avlod texnologik uskunalarida tayyorlanayotgan mahsulotlarimiz raqobatbardoshligi bilan ajralib turadi.
Korxonada uch xil – qoramtir, ko‘kimtir va sarg‘ish tusli granit toshlar ishlab chiqarilmoqda. Bu mahsulotlar asosan ijtimoiy muassasalar, mehmonxona, vokzal hamda bekatlar binolarining ichkari qismi foyelarida ishlatiladi. Keyingi ikki oy mobaynida 13 milliard so‘mlik granit toshlar ishlab chiqarildi. Mahsulotlarga talab yuqori bo‘lib, ularning yarmidan ko‘prog‘i Toshkent shahriga, qolgan qismi viloyat ichki qurilish bozoriga jo‘natilyapti.

Darvoqe, sexlarning barqaror ishlashi ko‘p jihatdan xom ashyoga ham bog‘liq. Korxona kerakli granit toshlarni Buxoro viloyati Peshku tumanidagi Jongeldi, shuningdek, G‘ozg‘on konining o‘ziga tegishli karerlaridan qazib olmoqda.
Korxona yiliga 100 ming kvadrat metr mahsulot ishlab chiqarish salohiyatiga ega. Hozirgi paytda bu yerda loyiha quvvatini o‘zlashtirish darajasi oshib, 76 foizni tashkil etmoqda. Belgilangan yuqori marraga chiqish esa ishchi mutaxassislardan zamonaviy texnologiyalarni boshqarish ko‘nikmasi va malakani talab qilyapti. Bu yerda ish olib borayotgan turkiyalik bir guruh tajribali xodimlar bilan hamkorlik qilinayotgani yaqin oylarda o‘z samarasini beradi.
Ayni paytda korxona sexlarida 20, mas’uliyati cheklangan jamiyatga tegishli karerlarda 40 kishi mehnat qilyapti. Ular soni yanada oshishi kutilayotir. Gap shundaki, korxona biznes rejasida marmar va ohaktosh ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish ham ko‘zda tutilgan. Yana bir muhim jihat. Har qanday korxonaning rivojlanish istiqboli uning eksport salohiyatiga ham bog‘liq. Shu nuqtai nazardan, “Bukhara Gold Granit” MCHJning izlanishlari e’tiborli. Korxona mutasaddilarining ta’kidlashicha, mahsulot eksporti bo‘yicha qozog‘istonlik sheriklar bilan kelishuvlarga erishilgan. Qo‘shni mamlakatda savdo uyi ochish ham ko‘zda tutilmoqda.
Erkin Yodgorov, O‘zA