Xolmirza bobo xotiralari
Umr oqar daryo deb bejizga aytishmas ekan.
Umr oqar daryo deb bejizga aytishmas ekan. Qarang, qancha yillar oʻtib ketibdi. Lekin nazarimda fashistlar ustidan qozonilgan gʻalabaga 75 yil emas, goʻyo 75 kun boʻlgandek...
Kechagidek yodimda, 1942-yil 13-oktyabr kuni tumanimizdan 6 yigit bilan birgalikda koʻngilli boʻlib frontga joʻnatishlarini soʻrab, harbiy komissariatga bordik.
Turkmanistonda 3 oy tayyorgarlik mashqlarini oʻtadik. Mashgʻulotlar tugagach, mendan boshqa hammaga voyenbilet berilib frontga joʻnatdi. 18 yoshga toʻlishimga 6 oy boʻlgani sabab, meni frontga joʻnatishmadi. Lekin uyimga ham qaytarishmadi. 6 oy oʻquv markazida komandirlar topshirigʻini bajarib yurdim.
Soʻngra Leningrad yaqiniga joʻnatishdi. U yerda 1-2 kun toʻliq qurollanib, bir necha samolyotga oʻtirgʻizib, tongga yaqin porashyutda Leningrad shahrini qamal qilingan nemis fashist bosqinchilarining “til”iga, yaʼni orqa tomonga tashlashdi. Yana bir nechta samolyotda qoʻshimcha kuchlar va oʻq-dori bilan bir nechta batalyonni qamal ichkarisiga, Leningradga olib ketdi. Tong otmay, soat 4:00 da shahar ichidagi va qoʻshimcha tashlangan kuchlar bilan bir vaqtda hujumga yopirildik.
Erishilmagan gʻalabalarini nishonlab, “shnaps” ichaverib, choʻchqadek mast boʻlib yotgan fashistlar kutilmagan hujumdan sarosimaga tushib, bizdan ikki barobar koʻproq , toʻrt barobar yaxshiroq qurollangan dushman noiloj taslim boʻldi.
Leningrad jangidan soʻng Boltiq boʻyi davlatlariga Latviya, Litvaya, Estoniya va oʻshanda Sharqiy Prusiya markazi hisoblangan Kyongsberg, hozirgi Kaliningrad uchun boʻlgan janglarda ishtirok etdim.
Fashistlar Belorusni bosib olgach 16-18 yoshli qiz-juvonlarni hammasini ishlash uchun Germaniyaga qul qilib, yoki oʻzlari bosib olgan hududlarda ochilgan konslagerlarga asr qilib olib ketgan ekan.
Fashistlarga qarshilik koʻrsatib, partizanlarni yashirgani uchun butun bir qishloq ahlini yoʻrgakdagi chaqaloqdan keksa nuroniylargacha, kolxozning klubiga qamab, tiriklayin yoqib yuborganini oʻz koʻlarim bilan binokol orqali koʻrganman. Shu jarayonni kuzatib, oʻshanda razvedkada boʻlganimiz uchun hech narsa qila olmaganimiz, qilishga haqqimiz yoʻqligi, chunki fashist qoʻshinlari orasidan hech kimga sezdirmay, hech boʻlmaganda unter ofitserni “til” sifatida asr olib kelishimiz kerak edi. Insonlarni tiriklay yongani, oʻsha mudhish fojia, hali hamon koʻz oʻngimdan ketmaydi...
Jukov hamda Rakasovskiy qoʻmondonligidagi armiyalar birlashib, Belorus hududida nemis fashistlarining Paulos degan generali qoʻmondolik qilayotgan juda katta armiyasini qamal qildik. Belorusni ozod qilish uchun juda qaqshatgʻich janglar boʻldi.
Oryol va Brest shaharlarini 1 kunda 2-marta olib, 2-marta topshirgan vaqtimiz ham boʻldi. Qurshovda qolgan fashistlar oʻq-dorisi tugaguncha bizga juda qattiq qarshilik koʻrsatdi. “Paulos taslim boʻldi” deya xabar tarqatilgan boʻlsada, fashistlar qarshilikni, jangni toʻxtatmagan. Hatto, Grodno orqali qizil armiya halqasini yorib oʻtishga qattiq urunish ham boʻldi. Lekin biz gʻarbda qolgan nemis fashist qoʻshinlarini bir qadam ham oldinga siljishiga imkon bermadik.
Belorusni ozod qilganimizdan keyin, 1944-yilda Kishinyov, Lvov, Magiliy, Vumin, Jitomer va Baronosviy qalʼalariga yurish qilib, Polshani fashistlardan ozod qilishda qatnashdim. Bir necha bor yaralandim, lekin Kobril shahrida pistirmaga duch kelib, ogʻir yarador boʻldim. Ozod qilingan Belorusda gospitalda davolanib chiqqanimdan keyin yana frontga joʻnatishdi. Tuzalib chiqqandan keyin fashistlarni uyasi yaʼni Germaniyagacha quvib borganlardanman. Lekin Berlinda juda qaqshatqich janglar boʻldi. Shu janglarni birida Galle shahrida yana yaralandim. Fashizm ustidan qozonilgan gʻalaba kuni men harbiy gospitalda edim.
Gʻalaba! Gʻalaba! deya kimlardir yigʻlardi, kimlardir garmonning musiqasiga hassa tayoqda boʻlsada raqs tushardi.
Urushda Belorusni ozod qilishdan boshlab oxirigacha qoʻshni qishloqlik Solijon Karimov bilan birga jang qilganman. U urushdagi eng yaqin frontdosh doʻstim boʻlgan. Biz keyinchalik ham u bilan qadrdon doʻst boʻlib, bordi-keldi qilib turardik. Afsuski Solijon oʻtgan 2019-yil vafot etdi, oxirati obod boʻlsin.
Mamlakatimizda karantin eʼlon qilingunga qadar oʻrta maktab, kasb-hunar kollejlariga taklif qilishib, yoshlarga xotiralarimni gapirib berishimni soʻrashardi. Men ularga urush yillaridagi qonli janglar, urushning noxush oqibatlari, tinchlikni qadriga yetish, Vatanni sevish, koʻproq oʻqish, kasb-hunar egallash xususida baholi qudrat gapirib beraman. Ular ham jon qulogʻlari bilan tinlashadi.
...Mana bugun oʻsha fashistlar ustidan qozonilgan gʻalabaga 75 yil toʻlibdi. Vaqtning naqadar tez oʻtishini qarang. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning pul mukofoti, bir qancha qimmatbaho sovgʻa-salomlarini, dil izhorlari bitilgan tabriknomasi va Belorus prezidenti Aleksandr Lukashenkodan tabriknoma hamda “Belorusni nemis fashist bosqinchilaridan ozod qilishda ishtirok etgani uchun gʻalabaning 75 yillik” medalini oldim.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan biz faxriylarga berilgan eʼtibor va gʻamxoʻrlik tahsinga loyiq. Mamlakatimiz karantin tufayli, viloyatmiz esa ham karatntin, ham suv toshqini sabab qiyin bir sharoitda boʻlishiga qaramay, Davlatmiz rahbari ham, viloyat, tuman hokimlari, “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi ham biz faxriylarni qutlashga vaqt topganlarining oʻzi, bugungi tahlikali, xalqimiz uchun sinovli kunlarda juda katta eʼtibor va gʻamxoʻrlikdan dalolatdir. Eʼtibor uchun barcha-barchalariga mingdan-ming rahmat.
Mana bugungi kunda yurtimizda koronavirus degan balo tufayli karantin joriy qilingan. Hech birimizni, ayniqsa biz keksa avlodni uydan chiqmasligimiz soʻralayapti. Nima zarur boʻlsa oʻzlari uyimizgacha olib kelib berishadi. Davlatimizning gʻamxoʻrligini qarang, har bir urush qatnashchisiga bittadan “personal hamshira” biriktirib, menga oʻxshaganlarga qaragani uchun unga oylik maosh toʻlayapti.
Ayni chogʻda viloyatimizning bir qator tumanlari suv toshqinidan aziyat chekib, iqtisodimiz qiynalib qolganiga qaramay, urush hamda front orti mehnat faxriylariga va umuman keksa, nuroniylarga Prezidentimiz ham, viloyatimiz, tumanimiz rahbarlari, partiyalar ham biz haqimizda qaygʻurishga vaqt ham, imkoniyat ham topishayotganlariga ming rahmat.
Yaratgan Egamdan mamlakatimizga tinchlik, osmonimizga musaffolik, xalqimizga birdamlik, faravonlik, Prezidentimizga, viloyat, tuman hokimlarimizga, partiyalarimiz vakillariga tani-sihatlik soʻrab hamisha duodamiz. Iloho har qanday balo-qazolardan xalqimizni Allohning oʻzi asrasin.
OʻzA muxbiri A.QAYUMOV Guliston tumani Oʻyuvli qishlogʻida istiqomat qiluvchi urush faxriysi, 96 yoshli Xolmirza bobo Raimberdiyevning dil soʻzlarini oqqa koʻchirdi.
Suratlar muallifi D.KATTABEKOVA.