Xo‘jailg‘orda chavandozlar maydonga tushdi
Qishloqda ot choptirishga qiziqqan bolani ko‘rsangiz, bilasizki, u shunchaki ot minishni emas, balki mardlik, jasorat va chavandozlik sirlarini o‘rganishga intiladi. Chunki xalqimiz uchun ot — azaldan qadrli hamroh, chavandozlik esa avloddan avlodga o‘tib kelayotgan milliy meros.
Bugun ana shu an’analarni asrab-avaylash, yoshlarni milliy ot sportiga keng jalb etish va ular orasidan mahoratli chavandozlarni yetishtirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Bu borada Prezidentimizning 2021-yil 5-avgustdagi «Chavandozlar maktablari faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori muhim dasturilamal bo‘lib xizmat qilmoqda. Qaror doirasida chavandozlikni rivojlantirish, milliy ot sporti turlarini ommalashtirish va yoshlarni milliy qadriyatlar ruhida tarbiyalashga qaratilgan ishlar amalga oshirilmoqda.

Ana shunday maqsadlar asosida Qashqadaryo viloyatining Yakkabog‘ tumani Xo‘jailg‘or qishlog‘ida Milliy gvardiya tashabbusi va viloyat hokimligi hamkorligida Sohibqiron Amir Temur xotirasiga bag‘ishlangan jamoaviy uloq-ko‘kari hamda ommaviy ulov ot sporti turlari bo‘yicha musobaqalar tashkil etildi.
Musobaqa davomida ot ustida kurash, polvonlar bahsi, chavandozlarning mahoratli chiqishlari va jamoaviy uloq-ko‘kari bellashuvlari o‘tkazildi. Chavandozlarning epchilligi, otlarning chopqirligi va ishtirokchilarning g‘alabaga bo‘lgan intilishi tomoshabinlarga ko‘tarinki kayfiyat bag‘ishladi.
Ayniqsa, Milliy gvardiya kavaleriya eskadroni harbiy xizmatchilarining jigitovka elementlarini namoyish etgan chiqishlari tadbirning eng qiziqarli lahzalaridan biri bo‘ldi. Ot ustidagi murakkab harakatlar, chavandozlarning jasorati va mahorati yig‘ilganlarda katta taassurot qoldirdi.

—Milliy ot sporti — bu bizning tariximiz, milliy g‘ururimiz va ajdodlarimizdan qolgan bebaho meros. Asosiy maqsadimiz yoshlarimizni chavandozlikka qiziqtirish, ularni milliy qadriyatlarimiz ruhida tarbiyalash va bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish. Bunday musobaqalar orqali yoshlarimizda mardlik, jasorat va vatanparvarlik tuyg‘ularini shakllantirish bilan birga, ularni sportga jalb qilib, turli zararli illatlardan asrashga ham hissa qo‘shamiz, — deydi Milliy gvardiya Markaziy devoni bo‘lim boshlig‘i Muhammadamin Ma’murov.
Shuningdek, sport bellashuvlari bilan bir qatorda, Milliy gvardiya Ashula va raqs ansambli xonandalarining konsert dasturi ham namoyish etildi. Musiqa, milliy sport va xalqona tomoshalar uyg‘unligi tadbirga yanada fayz bag‘ishladi.
Qariyb ming nafar mahalla yoshlari va aholi vakillari ishtirok etgan ushbu sport bayrami milliy qadriyatlarimizni keng targ‘ib etish, yoshlarning chavandozlikka bo‘lgan qiziqishini oshirish va ularning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etishga xizmat qildi.
Xo‘jailg‘or qishlog‘ida tashkil etilgan ushbu musobaqalar milliy chavandozlik san’atini asrab-avaylash, uni kelajak avlodga yetkazish, iqtidorli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va yoshlar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etish yo‘lidagi muhim tadbirlardan biri bo‘ldi.
Nigora Rahmonova,
O‘zA