Xizmat ko‘rsatish sifati yuksalmoqda
Belgilangan talablar asosida zamonaviy jihozlangan markazlarda tadbirkorlarga “Yagona darcha” tamoyili asosida davlat xizmatlari ko‘rsatish, davlat organlari va boshqa tashkilotlar bilan yaqin hamkorlik o‘rnatish, arizachilarga ko‘maklashish, davlat xizmatlari tartibi va muddatlari to‘g‘risida bepul maslahat berilmoqda.
Prezidentimizning 2015-yil 15-maydagi “Xususiy mulk, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni ishonchli himoya qilishni ta’minlash, ularni jadal rivojlantirish yo‘lidagi to‘siqlarni bartaraf etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni va 2015-yil 28-sentabrdagi “Tadbirkorlik subyektlariga “Yagona darcha” tamoyili bo‘yicha davlat xizmatlari ko‘rsatish tartibini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori asosida 2016-yil 1-yanvaridan yurtimizning barcha tuman va shaharlarida “Yagona darcha” markazlari ish boshladi.Belgilangan talablar asosida zamonaviy jihozlangan markazlarda tadbirkorlarga “Yagona darcha” tamoyili asosida davlat xizmatlari ko‘rsatish, davlat organlari va boshqa tashkilotlar bilan yaqin hamkorlik o‘rnatish, arizachilarga ko‘maklashish, davlat xizmatlari tartibi va muddatlari to‘g‘risida bepul maslahat berilmoqda.
Jizzax viloyati adliya boshqarmasi tomonidan “Yagona darcha” markazlarida tadbirkorlar uchun yaratilgan imtiyoz va qulayliklar, ularga turli davlat xizmatlari ko‘rsatuvchi idoralar o‘rtasida yuzaga kelayotgan huquqiy munosabatlar hamda xizmatlar ko‘rsatishni takomillashtirish masalalariga bag‘ishlab o‘tkazilgan seminar-treningda bu alohida ta’kidlandi.
Seminarda mutaxassislar “Yagona darcha” tamoyili bo‘yicha xizmat ko‘rsatuvchi davlat organlari va boshqa tashkilotlar o‘rtasidagi elektron aloqa “E-ijro” tizimida ishlashni interaktiv usulda ko‘rgazmali namoyish etib, yuzaga kelayotgan muammolarni bartaraf etish yo‘llarini tushuntirib berdi. Natijada bir qator tumanlardagi kamchilik va anglashmovchiliklar anjuman davomida bartaraf etildi.
– Markazlarning samarali ishlashini ta’minlash maqsadida mahaliy hokimliklar va aloqador tashkilotlar xodimlari ishtirokida o‘quv seminarlari tashkil etildi, – deydi Jizzax viloyati adliya boshqarmasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari Sherzod Bahronov. – “Yagona darcha” markazi tizimining yo‘lga qo‘yilishi ortiqcha ma’muriy cheklovlarni aniqlash va uni bartaraf etish imkonini berishi bilan ham ahamiyatlidir.
Tadbirda ishtirok etgan kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlari, davlat xizmati ko‘rsatuvchi viloyat, tuman va shahar idoralari, muassasalar, nazorat qiluvchi organlar vakillari “Yagona darcha” markazlari faoliyatining samaradorligini oshirish bo‘yicha fikr almashdi.
“Yagona darcha” markazlari davlat xizmatlari ko‘rsatuvchi tashkilot va idoralarning o‘zaro hamkorligini mustahkamlash, xususiy mulkning, tadbirkorlikning ahamiyatini oshirish, pirovard natijada mamlakatimiz iqtisodini rivojlantirish, xalqimiz turmush farovonligini yuksaltirishga xizmat qiladi.