Xizmat avtomobillari topshirildi
E’tibor va g‘amxo‘rlik bor joyda huquq himoyasi ham mustahkam bo‘ladi. Ayniqsa, iste’molchi sifatida har bir insonning huquq va manfaatlarini ishonchli himoya qilish, murojaatlarni joyiga chiqqan holda o‘rganish va muammolarga tezkor yechim topish bugungi kunning muhim vazifalaridan biridir.
O‘zbekiston Respublikasi Davlat mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi Buxoro viloyati hududiy birlashmasining 4 ta tuman va shahar jamiyatiga xizmat avtomobillari topshirildi. Mazkur amaliy qadam iste’molchilar huquqlarini himoya qilish tizimini hududlarda yanada kuchaytirish, aholi murojaatlarini o‘rganish va ularning qonuniy manfaatlarini himoya qilish samaradorligini oshirishga xizmat qiladi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining iste’molchilar huquqlarini himoya qilish tizimini takomillashtirishga qaratilgan qarorlari ijrosi doirasida ayni paytda mazkur sohada keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.
Davlat rahbari tashabbusi bilan aholining huquqiy himoyasini kuchaytirish, fuqarolar murojaatlariga befarq bo‘lmaslik, ularning muammolarini joyida o‘rganish va manzilli yechim topishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Shu ma’noda, xizmat avtomobillarining topshirilishi oddiy bir texnik vositaning yangilanishi emas. Bu — aholiga yaqinlashish, murojaatlar ortidan borish, muammoni xonadan emas, hayotning o‘zida o‘rganish uchun yaratilgan qo‘shimcha imkoniyatdir.
Endi Federatsiyaning Buxoro va Kogon shaharlari, Buxoro hamda Qorako‘l tumanlari jamiyatlari xodimlari o‘z hududlarida iste’molchilar murojaatlarini o‘rganish, huquqiy tushuntirish ishlarini olib borish va muammoli holatlarni joyiga chiqqan holda tahlil qilish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Tadbirning yana bir muhim jihati — davlat organlari va nodavlat notijorat tashkilotlari o‘rtasidagi ijtimoiy sheriklikni yanada mustahkamlashdir. Zero, fuqarolik jamiyatining kuch-qudrati, avvalo, odamlarning o‘z huquq va manfaatlarini anglashi, ularni himoya qilishda faol ishtirok etishi bilan belgilanadi. Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari esa bu jarayonda aholi bilan davlat o‘rtasidagi muhim ko‘prik vazifasini bajaradi. Fuqarolardan kelib tushayotgan murojaatlar, kundalik hayotda uchrayotgan muammolar, xizmatlar sifati va iste’molchilar huquqlariga oid masalalarni o‘rganish orqali jamoatchilik nazoratining samaradorligi oshadi. Bu esa, o‘z navbatida, qonuniylikni mustahkamlash, inson qadrini ulug‘lash va jamiyatda huquqiy madaniyatni yuksaltirishga xizmat qiladi.

Bugun iste’molchi o‘z haq-huquqini bilsa, jamiyatda adolat va mas’uliyat muhiti ham mustahkamlanadi. Bir qarashda oddiydek tuyulgan xizmat avtomobili esa ana shu ezgu maqsadlarga erishishda muhim vositaga aylanishi mumkin. Chunki uning har bir harakati ortida bir murojaat, bir muammo, bir oilaning manfaati va eng muhimi — inson taqdiri turibdi. Shu bois ushbu xizmat avtomobillarining topshirilishi Buxoro viloyatida iste’molchilar huquqlarini himoya qilish tizimini yanada takomillashtirish yo‘lidagi muhim amaliy qadamdir.
Mustaqillikning 35 yilligi arafasidagi bu xayrli tashabbusning mohiyati ham shunda: inson qadri ulug‘langan yurtda har bir fuqaroning huquqi himoyada, har bir murojaat e’tiborda va har bir muammoning yechimiga yo‘l ochiq bo‘ladi.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri