Xiyobondagi fayzli oqshomlar
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi tomonidan Adiblar xiyobonida “Xiyobon oqshomlari”ning yarim yillik yakunlariga bag‘ishlangan bayram dasturi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirga uyushma a’zolari Shukur Qurbon, Zebo Mirzo, taniqli xonandalar O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Azim Mullaxonov, xonandalar va yosh ijodkorlar taklif qilindi.
Bayram dasturi yoshlar mushoirasi, g‘oliblarni taqdirlash marosimi, kuy-qo‘shiq va she’rlar jarangi bilan ko‘tarinki ruhda o‘tdi.
Ma’lumki, davlatimiz rahbarining “Kitob mahsulotlarini nashr etish va tarqatish tizimini rivojlantirish, kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini oshirish hamda targ‘ib qilish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar dasturi to‘g‘risida”gi qarori hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasida shu yil 22 aprel kuni bo‘lib o‘tgan “Adiblar xiyobonida “Adabiyot – xalqning yuragi” shiori ostida o‘tkaziladigan ma’naviy-ma’rifiy, adabiy-badiiy tadbirlar to‘g‘risida”gi yig‘ilish bayoni 3-bandida Adiblar xiyobonida “Yosh ijodkorlar ishtirokida “Xiyobon oqshomlari” nomli respublika va hududiy she’riyat kechalari”ni tashkil etish topshirig‘i belgilangan.
Shu munosabat bilan O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi ushbu muhim qaror va topshiriq ijrosini ta’minlashga alohida e’tibor qaratmoqda. Yozuvchilar uyushmasining Yosh ijodkorlar bilan ishlash bo‘limi 2021 yildan boshlab, yurtimizning turli joylarida yashab, badiiy ijod bilan shug‘ullanayotgan yosh ijodkorlar uchun xayrli bir tashabbusni yo‘lga qo‘ydi.
Unga ko‘ra, haftaning shanba kunlari yosh shoirlar va adabiy ijod ixlosmandlari uchun “Xiyobon oqshomlari” ijod kechalari o‘tkazib kelinmoqda.
“Xiyobon oqshomlari” she’riyat kechasi mamlakatimiz yoshlari qalbida adabiyotga mehr-muhabbatni yanada kuchaytirish, yangi ijodkorlarni kashf qilish va qo‘llab-quvvatlash, kitobxonlikni targ‘ib qilish, shuningdek, yosh ijodkorlarning o‘zaro tajriba almashishiga imkoniyat yaratish maqsadida tashkil etilgan.
Ochiq osmon ostida, xushmanzara daraxtlar soyasida, ustoz ijodkorlarning haykallari qoshida bo‘lib o‘tayotgan “Xiyobon oqshomlari”da yosh shoirlar navbatma-navbat o‘z ijodidan, ustoz yo tengdosh shoirlar she’rlaridan aytadi. O‘zidan keyingi navbatni o‘zi belgilaydi, ya’ni o‘zi ijodini yaxshi ko‘rib mutolaa qiladigan ijodkorga uzatadi. She’riyat oqshomi ana shu tarzda o‘zini o‘zi boshqaradi. Bu jarayon ko‘plab iste’dodli yoshlarni saralashga ham xizmat qilmoqda. Yosh shoirlar o‘zining ijodi to‘g‘risida uni tinglab o‘tirgan adabiyotshunoslar, ustozlardan fikr-mulohaza tinglab, saboq chiqarmoqdalar.
Unda adiblar, adabiyotshunoslar, noshirlar, nashriyot jamoalari, taniqli san’atkorlar mehmon bo‘lmoqda. Jumladan, adabiyotshunoslar Qozoqboy Yo‘ldoshev, Olim Toshboyev, Musulmon Namoz, Olimjon Davlatov, iste’dodli shoirlar Sirojiddin Rauf, Axtamquli Karimov, Salim Ashur, Zilola Xo‘janiyozova, Orif To‘xtash, G‘ayrat Majid, Oydinniso, xonandalar Mahmud Namozov, Baxtiyor Rahmon, Shuhrat Daryo va boshqa ijodkorlar she’r kechalarining mehmoni bo‘lib, yosh iste’dodlarning ijodidan bahramand bo‘ldilar.
Ushbu adabiy kecha O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi tomonidan joriy yilda har oyda ikki marta o‘tkazilib, 12 marta tashkillashtirildi.
Hududlarning barchasida ham “Xiyobon oqshomlari”ning hududiy ko‘rinishlari oyda bir martadan jami 72 marotaba o‘tkazildi. Adabiy kechalarda yosh shoirlar davrasida 100 ga yaqin shoir va 40 ga yaqin adabiyotshunos, mehmonlar ishtirok etdi. Faol ishtirokchilarga 200 ga yaqin kitob tarqatildi.
She’riyat kechalari respublikamizning turli joylarida joy nomidan kelib chiqib turlicha nomlangan. Qoraqalpog‘iston Respublikasida “Nukus oqshomlari”, Andijon viloyatida “Andijon oqshomlari”, Buxoro viloyatida “Buxoro oqshomlari”, Jizzax viloyatida “Jizzax oqshomlari”, Navoiy viloyatida “Qizilqum oqshomlari”, Namangan viloyatida “Namangan oqshomlari”, Samarqand viloyatida “Samarqand oqshomlari”, Sirdaryo viloyatida “Guliston oqshomlari”, Surxondaryo viloyatida “Surxon oqshomlari”, Toshkent viloyatida “Nurafshon oqshomlari”, Farg‘ona viloyatida “Farg‘ona oqshomlari”, Xorazm viloyatida “Urganch oqshomlari”, Qashqadaryo viloyatida “Nasaf oqshomlari” deb nom olgan kechalar yosh ijodkorlarga o‘zgacha ruh, kayfiyat, ilhom bermoqda.
Har bir kechada faol ishtirok etgan yosh shoirlarga O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi tomonidan nashr etilgan kitoblar tarqatildi. Shuningdek, oqshomda mehmon bo‘lgan nashriyotlar bilan hamkorlik ishlari yo‘lga qo‘yilgan. Mushoira kechalari ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlarda muntazam yoritib borildi. Keyingi vaqtda bu davrada ishtirok etish istagini bildirgan ziyolilar, turli jamoalar soni ko‘paymoqda. Bu esa “Xiyobon oqshomlari”ning yoshlar va omma orasida qiziquvchilar soni ortayotgani va o‘z o‘rniga ega bo‘lib borayotganidan dalolatdir.
N.USMONOVA,O‘zA