Xiva kuni keng nishonlandi
“Ochiq osmon ostidagi muzey” sifatida tanilgan Xiva yaxlit yodgorlik sifatida Markaziy Osiyoda saqlanib qolgan yagona shahar hisoblanadi. Bu yerda "Ota darvoza"dan boshlab, noyob "Ko‘hna ark" majmuasi, Sherg‘ozixon madrasasi, Juma masjidi, "Toshhovli" majmuasi kabi 120 dan ortiq me’moriy obida joylashgan.
Xiva shahri 1990 yilda YUNESKOning Jahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan, 1997 yil 20 oktyabrda uning 2500 yilligi nishonlangan.
Ushbu sana bugungi kunda Xiva kuni sifatida keng nishonlab kelinadi.
Shu munosabat bilan muzey shahar – “Ichan qal’a” davlat muzey-qo‘riqxonasida shu yerlik aholi hamda mahalliy va chet ellik sayyohlar ishtirokida bir qator bayram tadbirlari bo‘lib o‘tdi.

Madaniy-ma’rifiy tadbirlar davomida ishtirokchilarga Xivaning boy o‘tmishi, “Ichan qal’a” va unda joylashgan me’moriy obidalar tarixi haqida ma’lumotlar berildi.
Shuningdek, folklor ashula va raqs ansambllari tomonidan milliy kuy-qo‘shiqlardan iborat konsert dasturlari, teatrlashgan maydon tomoshalari namoyish etildi.
Ularda ishtirok etgan xorijlik sayyohlar Xiva sharq durdonalaridan biri ekanini e’tirof qilish bilan birga ushbu tarixiy shaharga tashriflaridan unutilmas taassurotlar olganliklarini alohida qayd etishdi.

– O‘zbek xalq qo‘shiqlari yangrab, teatrlashtirilgan tomosha namoyish etildi, – deydi italiyalik sayyoh Antonio Farmente. – Menga Xorazmning “Lazgi” kuyi juda yoqdi. Uning ko‘plab turlarini yig‘ishni, o‘rganishni boshladim. Bu musiqada qandaydir ilohiy kuy bor deb o‘ylayman. Sheriklarim, jumladan, rafiqam bilan men ham ushbu kuyga charchab qolgunimizcha o‘ynadik. Xiva shahrining ham boqiy shahar bo‘lishini tilayman.

– Menda esa folklor jamoalarning chiqishlari juda katta taasurot qoldirdi, – deydi yaponiyalik Yuko Nakajima. – Mamlakatingizning sayyohlik imkoniyatlari, Samarqand, Buxoro va Xiva kabi shaharlar, qadimiy hamda zamonaviy me’morchilik durdonalari, betakror tabiati haqida ma’lumot to‘plamoqdaman. Yurtimga qaytgach, nashriyotimizda bu haqda katta material tayyorlamoqchiman.
Xiva 2020 yilda Turkiy dunyoning madaniy poytaxti, 2024 yilda esa Islom dunyosining turizm poytaxti bo‘ldi.

– Xiva tarixi va uning fan rivojiga qo‘shgan hissasi, shuningdek, hududning boy madaniyati va san’ati haqidagi hikoyalar menda katta taassurot qoldirdi, – deydi ozarbayjonlik sayyoh G‘olib Poshazode. – Bu yerdagi manzaradan o‘zimni go‘yo ertaklar olamida yurgandek his qildim. Mahsulotlarning ta’mi juda yoqimli. Bunday mazali ovqatlar, meva, qovun va tarvuzlarni oldin tatib ko‘rmaganman. Mamlakatingizdagi to‘kin-sochinlikka havas qilsa arziydi.
Muzey-qo‘riqxona xodimlari tomonidan Xiva kuni munosabati bilan mehnat jamoalari, ta’lim muassasalarida ham ma’naviy-ma’rifiy va targ‘ibot tadbirlari tashkil etildi.
Ahmadjon Shokirov, O‘zA muxbiri