Xitoydan Yevrosiyoga yangi logistika yo‘nalishi ishga tushdi
Xalqaro savdoda tovar ishlab chiqarishning o‘zi kifoya emas. Uni manzilga tez, ishonchli va kam xarajat bilan yetkazish ham muhim. Shu bois transport yo‘nalishlarini diversifikatsiya qilish va turli tashish usullarini birlashtirishga qaratilgan loyihalar tobora dolzarb ahamiyat kasb etmoqda. Xitoyda ishga tushirilgan yangi logistika yo‘nalishi ham shu maqsadga xizmat qiladi.
Yanszi daryosi deltasida ishlab chiqarilgan kundalik ehtiyoj mollari va elektrotexnika mahsulotlarini tashigan birinchi “Shichan” yuk poyezdi Shinjon-Uyg‘ur avtonom rayonidagi Szinxe xalqaro quruq portiga yetib keldi. Xinjiang Xinshichang International Logistics kompaniyasi bosh direktori Syuy Veyning ma’lum qilishicha, 20 vagondan iborat tarkibdagi yukning umumiy og‘irligi qariyb 750 tonnani tashkil etgan. Mahsulotlarning asosiy qismi Markaziy Osiyo va Yevropa bozorlariga mo‘ljallangan.
Shanxaydan yo‘lga chiqqan poyezd yuk tashishning aralash sxemasi asosida harakatlangan. Unga ko‘ra, mahsulotlar uzoq masofaga temir yo‘l orqali yetkaziladi, Szinxe quruq portida avtomobil transportiga qayta yuklanadi va keyin chegaralar orqali manziliga olib boriladi.

Quruq portdagi soddalashtirilgan bojxona tartib-taomillari yuklarni tegishli yo‘nalishlar bo‘yicha tezroq taqsimlash imkonini beradi. Bu esa yetkazib berish muddatlarini qisqartirish va tashqi savdo bilan shug‘ullanuvchi korxonalarning umumiy logistika xarajatlarini kamaytirishga xizmat qiladi.
Syuy Veyning ta’kidlashicha, temir yo‘l transporti ob-havo sharoiti va avtomobil yo‘llarining holatiga nisbatan kamroq bog‘liq. Bu, ayniqsa, qish mavsumida chegaralararo yuk tashishda muhim ahamiyatga ega. Szinxening qulay geografik joylashuvi va rivojlangan infratuzilmasi tufayli Yanszi deltasi mintaqasidagi kompaniyalar transport xarajatlarini 20-30 foizgacha qisqartirishi mumkin.

So‘nggi yillarda Szinxe tumanida quruq port, chegara o‘tkazish punktlari va transport yo‘laklari infratuzilmasini rivojlantirishga e’tibor qaratilmoqda. Avtomobil va temir yo‘l transportini o‘zaro uyg‘unlashtirish, shuningdek, multimodal tashuvlarni yo‘lga qo‘yish orqali zamonaviy logistika tizimi shakllantirilmoqda.

Yangi yo‘nalish Xitoy mahsulotlarini Markaziy Osiyo va Yevropa bozorlariga yetkazib berish imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilgan. Temir yo‘l va avtomobil transportining birgalikda qo‘llanilishi yuk tashish samaradorligini oshirish, ta’minot zanjirini takomillashtirish hamda mintaqalararo savdo-iqtisodiy aloqalarni rivojlantirish uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratadi.
Nilufar Bozorova, O‘zA