Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston temir yo‘li loyihasi muhokama qilindi
Pekinda Xitoy va Qirg‘iziston transport-logistika kompaniyalari rahbarlari ishtirokida anjuman bo‘lib o‘tdi. Tadbirda Qirg‘iziston Bosh vaziri o‘rinbosari Erlist Akunbekov ishtirokida “Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston” temir yo‘li loyihasi rivojlanishi masalasi muhokama qilindi.
Shuningdek, “Baliqchi – Qo‘chqor – Makmal” yo‘nalishi qurilishi ham muhokama markazidan o‘rin olgan.
Yangi temir yo‘l yo‘nalishi bo‘ylab sanoat va erkin iqtisodiy hududlarga ega 4 bekat – “Torugart”, “Jerge-Tal”, “Makmal” va “Jalolobod” barpo etilishi rejalashtirilgan.
Tomonlar “Irkeshtom”, “Torugart” va “Bedel” nazorat-o‘tkazish manzillari orqali yo‘laklarni rivojlantirish, qo‘shma infratuzilma loyihalarini amalga oshirish zarurligiga ham e’tibor qaratgan.
Mulozim ta’kidlashicha, Bishkek ayni payt Xitoyning Markaziy Osiyo, YeOII, Yaqin Sharq va Yevropa bilan bog‘lovchi transport markazi sifatidagi salohiyatidan yanada unumli foydalanishga intilmoqda.
S.Rahimov, O‘zA