Xitoy kompaniyasi vakillari “Navoiyuran”da
Xitoy Xalq Respublikasining “China Nuclear Uranium Co. Ltd.” kompaniyasi delegatsiyasi amaliy tashrif bilan “Navoiyuran” davlat korxonasida bo‘ldi.
Tashrifdan ko‘zlangan asosiy maqsad “Navoiyuran” davlat korxonasi tasarrufidagi “Jantuar” va “Ma’danli” qora slanetsli uran kon maydonlarida qazib olishni ko‘zda tutuvchi texnologiyalarni yaratish ustidagi tanishuv va o‘rganishlarni olib borishdan iborat.
“China Nuclear Uranium Co. Ltd.” uranni qidirish, qazib olish va qayta ishlash bilan shug‘ullanadigan Xitoy Milliy yadro korporatsiyasining shu’ba korxonasi bo‘lib, kompaniya Xitoyning atom energetika sanoatini rivojlantirishda muhim rol o‘ynaydi.

Kompaniya Xitoydagi bir nechta uran konlariga, jumladan, Shinjon-Uyg‘ur avtonom rayonidagi Ili koniga egalik qiladi va boshqaradi. Kompaniya, shuningdek, Namibiya va Qozog‘istonda uran qazib oluvchi qo‘shma loyihalarda ham ishtirok etadi.
Kompaniya huzuridagi institut bosh muhandisi Yang Runsheng boshchiligida mutaxassislar korxona vakillari bilan birgalikda kon maydonlariga tashrif buyurishib, olib borilayotgan ishlar bilan tanishdilar. Shuningdek, “Ma’danli” maydonida qazib olingan texnologik namunalar o‘rganildi. Ushbu maydonni o‘zlashtirish, ma’dan tarkibidan uran va boshqa noyob elementlarni ajratib olish texnologiyasini ishlab chiqish maqsadida texnologik namunalar olindi hamda saralandi.
Tashrif davomida mehmonlar “Navoiyuran” davlat korxonasi bosh direktori Jahongir Fayzullayev bilan qora slanetsli uran kon maydonlarida qazib olishni ko‘zda tutuvchi texnologiyalarni yaratish ustida olib borilayotgan jarayonlar hamda kelgusidagi hamkorlik istiqbollarini muhokama etdi.
A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri