Xitoy eksporti Si Szinpin va Donald Tramp uchrashuvi oldidan 14 foiz o‘sdi
“Financial Times” gazetasi Xitoy bojxona ma’lumotiga tayanib xabar berishicha, ushbu mamlakat eksporti aprel oyida dollar ekvivalentida 14,1 foiz o‘sib, mart oyidagi pasayishdan keyin yana tiklangan.
Ijobiy sur’at asosan zamonaviy texnologiya sohasi, aniqrog‘i elektronika va mashinasozlik hisobiga ta’minlandi. Tahlilchilar ta’kidlashicha, savdo ko‘rsatkichi bozor bashorati ko‘rsatkichidan oshib ketgan.
Import ham o‘tgan yilga nisbatan 25,3 foiz ko‘paydi. Bu ichki talab kuchayishi va xom ashyo qimmatlashuvi bilan bog‘liq. Aprel oyida Xitoyning savdodan sof foydasi 84,8 milliard dollarga yetdi. Bu mart oyiga nisbatan ancha yuqori.
Iqtisodchilar bunday sezilarli o‘sishni Chin yurtida ishlab chiqarish barqarorligi va XXR rahbari Si Szinpin va AQSH Prezidenti Donald Tramp o‘rtasidagi muzokaradan umidvorlik bilan bog‘lamoqda.
S.Rahimov, O‘zA