Xitoy bilan sport yo‘nalishidagi hamkorlik rivojlanmoqda
O‘zbekiston va Xitoy davlatlari o‘rtasidagi aloqalarning yildan yilga rivojlanayotgani, “Bir kamar, bir yo‘l” tashabbusini qo‘llab-quvvatlash, boks bo‘yicha madaniy almashinuv va hamkorlikni kengaytirish maqsadida Respublika olimpiya va paralimpiya sport turlariga tayyorlash markazi hamda Xitoy Xalq Respublikasining Qingdao Zhongkai Tianyo boks klubi o‘rtasida ikki tomonlama hamkorlik aloqalari yo‘lga qo‘yildi.

Kelishuvga binoan sportchilarning xalqaro musobaqalarga tayyorgarligini rivojlantirish nazarda tutilgan bo‘lib, zamonaviy yondashuvlar va ilg‘or tajribalarni o‘zaro almashish, murabbiylar malakasini oshirish hamda xalqaro maydonda yuqori natijalarga erishishda hamjihatlikni yangi bosqichga olib chiqish nazarda tutilgan.
Kelishuv jarayonida tomonlar ushbu hamkorlik doirasida qo‘shma o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlari tashkil etish, tajriba almashuv dasturlari va sportchilar o‘rtasida do‘stona aloqalarni mustahkamlash natijadorlikka erishishda muhim omil ekanini ta’kidlashdi.
T.Ro‘ziyev, O‘zA