Xirot bozorida Andijon mahsulotlari
Andijon viloyati hokimi Shuhratbek Abdurahmonov boshchiligidagi viloyat delegatsiyasi savdo, iqtisodiy va madaniy hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, o‘zaro manfaatli aloqalarni mustahkamlash maqsadida Afg‘oniston davlatida xizmat safarida bo‘lib turibdi.
Jumladan, viloyat hokimi boshchiligidagi delegatsiya Afg‘onistonning Hirot viloyatida bo‘lib, Hirot viloyati hokimi Nur Ahmad Islomjar bilan uchrashuv va muloqot o‘tkazildi.

Muloqotda Andijon va Hirot o‘rtasida istiqbolli yo‘nalishlarda hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, savdo-iqtisodiy aloqalarni mustahkamlash, o‘zaro manfaatli sheriklikni kengaytirish hamda qo‘shma investitsiyaviy loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha rejalar muhokama qilindi.
Ushbu uchrashuv nafaqat hududlar o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlash, balki O‘zbekiston va Afg‘oniston o‘rtasidagi do‘stona munosabatlarni yanada rivojlantirish yo‘lida muhim qadam bo‘lib xizmat qilishi alohida qayd etildi.

Tashrif doirasida Hirot shahrida Andijon viloyatida ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar ko‘rgazmasi tashkil etildi. Ko‘rgazmada qishloq xo‘jaligi, oziq-ovqat sanoati mahsulotlari, qurilish materiallari, shuningdek, uy-ro‘zg‘or buyumlari va maishiy texnika vositalari, umuman, 200 ga yaqin turdagi mahsulotlar namoyish etildi.

Mazkur ko‘rgazma mahalliy ishlab chiqaruvchilar uchun yangi eksport bozorlarini ochish, mahsulotlar raqobatbardoshligini oshirish hamda Afg‘oniston bilan savdo aloqalarini yanada kengaytirishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Ko‘rgazma doirasida andijonlik tadbirkorlar qator Afg‘oniston shirkatlari, afg‘on tadbirkorlari bilan hamkorlik kelishuv va shartnomalar imzoladi. Tuzilgan kelishuvlar Andijonda ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarni Afg‘oniston, xususan Hirot bozoriga kirishiga yo‘l ochib beradi, qolaversa, ikki xalq o‘rtasidagi do‘stona munosabatlarni yanada yaxshilashga xizmat qiladi.
Faxriddin Ubaydullayev,
O‘zA muxbiri.