Xayrli amallar xalqimizga xos
bugungi kunda kambag‘allikni kamaytirish, «Ayollar daftari”, “Temir daftar”, “Yoshlar daftari”ga kiritilgan fuqarolarga yordam berish muhim masalaga aylangan.
Ularga nafaqat moddiy yordam ko‘rsatish, balki jamiyatda o‘z o‘rniga ega bo‘lishi uchun ko‘maklashish orqali ro‘yxatdan chiqarish borasidagi ishlar ham tizimli ravishda davom etmoqda.
Shu maqsadda "Mahalla" xayriya jamoat fondi Sirdaryo viloyat boshqaruvi uning tuman va shahar bo‘limlarida ham keng qamrovli ishlar amalga oshirilayapti. Mahalliy hokimliklar, deputatlar kengashi, mahalla fuqarolar yig‘inlari bilan hamkorlikda ana shunday oilalarga imkon qadar yordam ko‘rsatish, mavjud daftarlardan chiqarish choralari ko‘rilayapti.
Yaqinda "Mahalla" xayriya jamoat fondining Boyovut tuman bo‘limi tomonidan “Temir daftar”ga kiritilgan 42 nafar fuqaroga fond mablag‘i hisobidan ona-bola sigir olib berildi.
– Ijtimoiy himoyaga muhtoj fuqarolarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlaymiz, moddiy, ma’naviy ko‘mak beramiz, – deydi “Mahalla” xayriya jamoat fondi Sirdaryo viloyat boshqaruvi bosh mutaxassisi Anvar Narzullayev. – Bo‘lim xodimlari yordamga muhtoj fuqarolar murojaatini atroflicha o‘rganib, ular ehtiyojidan kelib chiqib, oziq-ovqat, dori-darmon va boshqa masalalarda ularga yordam bermoqda. Guliston tumanida yashayotgan ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarga parranda sotib olish uchun Xalq deputatlari kengashining tegishli qaroriga asosan, 87 million 399 ming so‘m mablag‘ “Mahalla” xayriya jamg‘armasining tuman bo‘limi tomonidan ajratilib, ming bosh parranda olib berildi. “Saxovat va ko‘mak” jamg‘armasi hisobidan 107 million 639 ming so‘m pul mablag‘i ajratilib, Gulistonlik “Ayollar daftari”da turgan 269 nafar ayol respublikamizning obod manzillariga sayohat qildi. Ular tarixiy qadamjolarni ziyorat qilish bilan birga, ishlab chiqarish korxonalarida, hunarmandchilik maskanlarida bo‘lib, hunar o‘rganib qaytdi.
Uyda yotib qolgan bemorlar holidan xabar olinib, ular sog‘ligini tiklashi, murakkab jarrohlik amaliyotini o‘tkazish uchun moddiy qo‘llab-quvvatlanmoqda. Bundan tashqari ishsiz aholi qatlamini ishli qilish maqsadida hunar turlari bo‘yicha kurslar tashkil etilib, hunar egallagan, “Temir daftar”, “Ayollar daftari”ga kirgan ijtimoiy kam ta’minlangan fuqarolarga tikuv mashinalari olib berilmoqda.
Shuhrat Suyarov, O‘zA