Xavfsiz mahalla – xotirjam hayot
Jamiyat osoyishtaligi ko‘p jihatdan mahalladagi muhitga, huquqbuzarliklarning ildizini vaqtida aniqlash va uning oldini olishga bog‘liq. Shu ma’noda, Jizzax viloyati ichki ishlar boshqarmasi Jamoat xavfsizligi xizmati hamda Zomin tumani IIBning sohaviy bo‘linmalari xodimlari tomonidan tumandagi Hamid Olimjon, Chilonzor va Bunyodkor mahalla fuqarolar yig‘inlarida o‘tkazilgan navbatdagi kuchaytirilgan profilaktik tadbirlar e’tiborga molik.
Tadbirlarning asosiy maqsadi faqat sodir etilgan huquqbuzarlikni aniqlash emas, balki uning ortida turgan sabab va omillarni barvaqt ilg‘ab, mahallabay, xonadonbay va shaxsbay ishlash orqali jamoat xavfsizligini mustahkamlashdan iborat bo‘ldi. Ayniqsa, profilaktik, probatsiya va boshqa toifadagi nazorat ostidagi shaxslar bilan manzilli profilaktik ishlarni kuchaytirishga alohida e’tibor qaratildi.
Tadbirlar davomida 136 nafar profilaktik, probatsiya va boshqa toifadagi nazorat ostidagi shaxslar bilan manzilli profilaktik suhbatlar o‘tkazilgani bu yo‘nalishdagi ishlarning ko‘lamini ko‘rsatadi. Zero, profilaktikaning samarasi raqamda emas, avvalo, har bir insonning huquqbuzarlikdan o‘zini tiyishi, oila va mahallada tinch muhit saqlanishida namoyon bo‘ladi.

Shu bilan birga, 97 ta ma’muriy huquqbuzarlik holati aniqlanib, qonunchilikda belgilangan tartibda tegishli choralar ko‘rildi. Ular orasida bitta tig‘li qurol olib yurish holati qayd etildi. Tazyiq va zo‘ravonlikning oldini olish maqsadida 4 nafar xotin-qizga himoya orderi rasmiylashtirib berildi.

Bugun xavfsizlik tushunchasi ko‘cha va jamoat joylaridagi tartib bilan cheklanmaydi. Raqamli muhitdagi xatarlar ham profilaktikaning muhim yo‘nalishiga aylangan. Shu bois kiberxavfsizlikni ta’minlash maqsadida fuqarolarning mobil telefonlariga 154 ta “APK Qo‘riqchi” ilovasi o‘rnatildi.
Yo‘l harakati xavfsizligi va ov qurollarining saqlanishi bilan bog‘liq masalalar ham e’tibordan chetda qolmadi. 21 ta ov qurolining saqlanish tartibiga rioya etilishi yuzasidan tekshiruv o‘tkazildi. Yo‘l harakati xavfsizligi yo‘nalishida esa 81 ta qoidabuzarlik aniqlanib, 6 ta avtomashina belgilangan tartibda jarima maydoniga joylashtirildi.

Ko‘rinib turibdiki, uchta mahallada o‘tkazilgan kuchaytirilgan profilaktik tadbir bir vaqtning o‘zida jamoat tartibi, shaxslar bilan manzilli ishlash, xotin-qizlar xavfsizligi, kiberxavfsizlik, qurol saqlash va yo‘l harakati xavfsizligi kabi bir nechta muhim yo‘nalishni qamrab oldi. Bu esa profilaktika ishlarini tor doirada emas, balki xavfsizlikning barcha bo‘g‘inlarini qamrab olgan yaxlit tizim sifatida tashkil etish muhimligini ko‘rsatadi.

Zomin tumanidagi mazkur ishlardan ko‘zlangan maqsad ham aslida shu – huquqbuzarlik sodir etilgandan keyin uni bartaraf etish emas, balki uning oldini olish, xavfni erta anglash va fuqarolar uchun yanada osoyishta muhit yaratish. Bunday yondashuv mahallada xavfsizlikni ta’minlashning eng muhim shartidir.
Abdujalol Qayumov,
O‘zA muxbiri