Xavfli va yuqumli kasalliklarning oldi olinmoqda
Bundan tashqari, shahar va tumanlardagi qoʻshimcha 88 ta zooveterinariya shoxobchasida emlash, davolash va sigirlarni sunʼiy urugʻlantirish ishlari olib borilmoqda.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qoʻmitasi tizimida 1 ta respublika, 9 ta tuman hayvonlar kasalliklari tashxisi va oziq-ovqat mahsuloti xavfsizligi markazi, 1 ta shahar va 16 ta tuman veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish boʻlimi, 99 ta veterinariya uchastkasi, 19 ta veterinariya-sanitariya ekspertiza laboratoriyasi veterinariya xizmati koʻrsatmoqda.
Bundan tashqari, shahar va tumanlardagi qoʻshimcha 88 ta zooveterinariya shoxobchasida emlash, davolash va sigirlarni sunʼiy urugʻlantirish ishlari olib borilmoqda. Joriy yilda Oʻzbekiston Respublikasi veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qoʻmitasi tomonidan veterinariya osoyishtalikni taʼminlash maqsadida kuydirgi, oqsil, qutirish kabi kasalliklarga qarshi emlama keltirildi. Yirik va mayda shoxli mollarda, ot, tuya, it, mushuklarda ushbu kasalliklarga qarshi emlash ishlari olib borildi.
– Joriy yilning oʻtgan 6 oyi mobaynida 13 ta guruh tuzilib, mavjud chorva mollari orasida uchraydigan yuqumli kasalliklar, ularni davolash hamda oldini olish choralari olib borildi, – deydi Toʻrtkoʻl tuman veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish boʻlimi boshligʻi Qurbanboy Seydanov. – Hozirgi karantin davrida ham epizootik tadbirlar oʻz vaqtida bajarilib, odamlar va hayvonlar uchun oʻta xavfli boʻlgan kasalliklarning hududimizga kirib kelishining oldini olish ishlari amalga oshirilmoqda. Natijada 65636 bosh yirik shoxli, 76052 bosh mayda shoxli mol, 607 bosh ot, 419 bosh tuya kuydirgi kasalligiga qarshi emlandi. Shuningdek, oqsil, nodulyar dermatit, qorason, fassiolyoz, sestodoz, leyshmonioz, gipodermatoz va qutirish kasalliklariga qarshi emlash ishlari ham olib borildi.
Jami 120 ta kuydirgi oʻchogʻidan har chorakda tuproq namunalari olinib, tashxis markazlarida tekshirilmoqda. Mutaxassislar tomonidan chorva mollaridagi yuqumli kasalliklar va ularning oldini olish borasida joylarda onlayn seminarlar tashkil etilib, aholi oʻrtasida keng tushuntirish ishlari olib borilmoqda.