Xavfli nuqtalar: Sudan (+video)
So‘nggi yillarda Afrika qit’asining ayrim hududlarida siyosiy beqarorlik va qurolli to‘qnashuvlar kuchayib bormoqda. Shular orasida Sudan Respublikasi alohida e’tiborga molik bo‘lib, u nafaqat mintaqaviy, balki xalqaro xavfsizlik nuqtai nazaridan ham dolzarb masalaga aylangan.
Afrika va Yaqin Sharq chorrahasida joylashgan, Qizil dengiz sohilidan Sahroi Kabirgacha cho‘zilgan Sudan hozir yer yuzidagi eng xavfli hududlardan biriga aylangan.
Ushbu o‘lka 2011-yilgacha qit’aning eng yirik mamlakati edi. Janubiy Sudan ajralib chiqqach, bu davlat maydoni 1,88 million kvadrat kilometrni tashkil etmoqda. Ma’muriy jihatdan 18 shtatga bo‘lingan Sudan Respublikasi shimolda Misr va Liviya, g‘arbda Chad, janubda Janubiy Sudan, sharqda esa Efiopiya va Eritreya bilan chegaradosh.
Mamlakat poytaxti Xartumda ikki Nil qo‘shilib, yagona daryo hosil qiladi.Bugun bu o‘zan hayot manbai vazifasini o‘tamay, qonli to‘qnashuv guvohiga aylangandek. Sudanning iqlimi taqdiri kabi ayovsiz – yozda jazirama 43,3°C dan oshadi, tinimsiz kuzatiladigan “Habub” chang bo‘roni yashash sharoitini battar og‘irlashtiradi.
Sudan jamiyati arab va afrika madaniyatlarining murakkab qorishmasidir. Aholining 97 foizi sunniy musulmonlar bo‘lsa-da, hududda yuzdan ziyod mahalliy til, kuchli qabilaviy tizim hamon saqlangan. 2026-yilga kelib 50 milliondan oshgan aholi soniga har yili bir million qo‘shilyapti. Bunday demografik o‘sish urush sharoitida ta’lim va sog‘liqni saqlash tizimini butunlay falaj qilib qo‘ygan.
Oltin va boshqa ko‘plab resurslarga boy bo‘lishiga qaramay, mamlakat 2011-yil juda kuchli iqtisodiy zarbaga uchradi. O‘sha yili Janubiy Sudan mustaqil bo‘lib chiqqach, rasmiy Xartum neft zaxirasining qariyb 75 foizidan ayrildi. Eng dahshatli voqealar 2023-yil 15-aprelda boshlandi. Abdulfattoh al-Burxon boshchiligidagi rasmiy armiya va Muhammad Hamdan Dagalo yetakchiligidagi “Tezkor qo‘llab-quvvatlash kuchlari” (RSF) o‘rtasida hokimiyat uchun qonli urush boshlanganiga roppa-rosa uch yil to‘ldi.
Natija ayanchli: qurbonlar 150 ming, 12 milliondan ko‘p odam qochqin maqomida. Sudan aholisining yarmi – 25 million kishi ochlik yoqasida. BMT vaziyatni “e’tibordan chetda qolgan inqiroz” deb atadi.Zero, ayni paytgacha joriy yil uchun so‘ralgan gumanitar yordamning atigi 16 foizi yig‘ilgan.
Sayyoramiz Sudan misolida insoniy qadriyat geosiyosiy manfaat soyasida qolayotganiga guvoh. Dunyo iqtisodiyotiga bevosita ta’sir qilmasa-da, bu urush millionlab taqdirlarni vayron qilmoqda. Unutmaslik kerak, bir nuqtadagi beqarorlik ertaga butun mintaqani halokatga yetaklashi mumkin.
Ushbu ko‘rsatuvni O‘zAning “YouTube” kanalida ko‘rishingiz mumkin.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/VDj5Ukca3yQ" title="Xavfli nuqtalar: Sudan " frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Fardona Yaxshiboyeva, Salim Obidjonov (videomuhandis), O‘zA