Xavfli chiqindilarni to‘g‘ri boshqarish nega muhim?
Xavfli chiqindilar inson salomatligi va atrof-muhit uchun jiddiy tahdid soluvchi omillardan biri hisoblanadi.
Ayniqsa, tarkibida zaharli kimyoviy moddalar, og‘ir metallar yoki boshqa xavfli komponentlar mavjud chiqindilar noto‘g‘ri saqlansa yoki yo‘q qilinsa, tuproq, suv va havoni ifloslantirib, uzoq muddatli ekologik muammolarni keltirib chiqarishi mumkin. Shu bois bu kabi chiqindilarni yig‘ish, tashish, saqlash va qayta ishlash jarayonlarini qat’iy nazorat qilish, ekologik talablarga rioya etish hamda aholining ekologik madaniyatini oshirish bugungi kunda dolzarb vazifalardan biriga aylangan.
Davlat rahbarining joriy yil 3-avgustdagi “Xavfli chiqindilarni boshqarish samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori mamlakatimizda ekologik xavfsizlikni ta’minlash, sanoat chiqindilarini boshqarish tizimini tubdan takomillashtirish va aholi uchun sog‘lom muhit yaratish bo‘yicha keng masshtabli vazifalarni qamrab oladi.
Hujjatga ko‘ra, 2030-yilgacha mo‘ljallangan Atrof-muhitni muhofaza qilish konsepsiyasi ustuvor vazifalaridan kelib chiqqan holda, tog‘-kon, metallurgiya, kimyo sanoati, neft-gaz va elektr energetikasi korxonalarida hosil bo‘layotgan radioaktiv hamda Chiqindilarning tasnif katalogiga muvofiq I–IV xavflilik sinfiga mansub kimyoviy xavfli chiqindilarni qayta ishlash darajasini 20 foizga yetkazish belgilandi.
Shuningdek, qayta ishlab bo‘lmaydigan xavfli chiqindilarni xavfsiz va minimal hajmda joylashtirish mexanizmlarini to‘liq tatbiq etish, maxsus ob’ektlarda saqlanayotgan chiqindilarning atrof-muhitga salbiy ta’sirini kamaytirish hamda ularning hosil bo‘lish manbalari, hajmi, tarkibi va joylashtirish joylari bo‘yicha tasniflangan davlat hisobini yuritish asosiy maqsad va ustuvor yo‘nalishlar sifatida belgilandi.
Qarorga muvofiq, 2027-yil 1-yanvardan boshlab xavfli chiqindilarni hosil qiluvchi tashkilotlar ekologik ekspertiza xulosasiga asosan Chiqindilarni boshqarish va sirkulyar iqtisodiyotni rivojlantirish agentligining hududiy boshqarmalari bilan kelishilgan holda yillik rejalar ishlab chiqadi. Bunda chiqindilar hosil bo‘lish hajmini kamaytirish, qayta ishlash ulushini oshirish hamda ularni faqatgina tegishli vakolat, infratuzilma va ijobiy ekologik ekspertiza xulosasiga ega bo‘lgan ixtisoslashgan tashkilotlarga zararsizlantirish, utilizatsiya qilish yoki ko‘mish uchun topshirish majburiyati yuklatiladi.
Agar tashkilotlarning o‘zlarida tegishli vakolat va infratuzilma mavjud bo‘lsa, ular qonunchilikka muvofiq bu ishlarni mustaqil ravishda ham amalga oshirishiga ruxsat beriladi. Shu bilan birga, 2026-yil 1-oktabrdan boshlab mazkur tashkilotlar statistika hisobotlarini yil yakuniga ko‘ra shakllantirib boradi va chorak yakuni bo‘yicha keyingi oyning 20 sanasiga qadar Agentlik axborot tizimiga kiritib borishi shart. Bu ko‘rsatkichlarning bajarilishi ustidan nazorat Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasining Davlat ekologik nazorat inspeksiyasi — Ekopolitsiya tomonidan amalga oshiriladi.
Mamlakatda xavfli va radioaktiv chiqindilar bilan bog‘liq ishlarni samarali tashkil etish maqsadida bir qator institutsional o‘zgarishlar amalga oshirildi.
Shuningdek, Fanlar akademiyasining Yadro fizikasi instituti huzuridagi Respublika radioaktiv chiqindilarni saqlash markazi o‘z vazifa, huquq va majburiyatlarini saqlab qolgan holda Chiqindilarni boshqarish va sirkulyar iqtisodiyotni rivojlantirish agentligi tizimiga o‘tkazildi. Uran merosi ob’ektlarini ekologik qayta tiklash va ularda barqaror radioekologik holatni ta’minlash uchun maxsus vakolatli organ (regulyator) sifatida Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi qo‘mitasi, operator sifatida esa Ekologiya qo‘mitasi huzuridagi Chiqindilarni boshqarish va sirkulyar iqtisodiyotni rivojlantirish agentligi belgilandi.
Foydalanishdan chiqarilgan barcha maxsus ob’ektlar (chiqindi saqlanadigan maydonlar va inshootlar) ularni ekologik qayta tiklash uchun zarur mablag‘lar bilan birgalikda Agentlik tasarrufiga bepul asosda o‘tkaziladigan bo‘ldi. Bunda Agentlikning alohida byudjetdan tashqari shaxsiy g‘azna hisob raqami yuritilib, Direksiyaning xo‘jalik faoliyatidan tushadigan sof daromadning 50 foizi hamda maxsus ob’ektlarni topshirayotgan tashkilotlarning rekultivatsiya mablag‘lari shu hisobga yo‘naltiriladi va ob’ektlarni qayta tiklash hamda uzoq muddatli monitoring qilish ishlariga sarflanadi. Shuningdek, Agentlik tasarrufidagi sobiq uran konlari va xavfli sanoat chiqindilarini saqlash ob’ektlari joylashgan yer uchastkalari soliq solinmaydigan yerlar toifasiga kiritilishi ko‘zda tutilgan.
Qarorda raqamlashtirish va shaffoflikni ta’minlash masalalariga ham alohida e’tibor qaratilgan bo‘lib, Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi tomonidan 2027-yil 1-yanvarga qadar maxsus axborot tizimi ishlab chiqiladi. Ushbu tizim Idoralararo integratsiyalashuv platformasi orqali vazirlik va idoralarning platformalariga ulanib, xavfli chiqindilarning raqamli pasporti yaratiladi va I–III xavflilik sinfiga mansub chiqindilarning har bir tonnasi hosil bo‘lish ob’ektidan tortib to utilizatsiya qilish joyigacha real vaqt rejimida monitoring qilib borilishi ta’minlanadi.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA