Xatlov: ob’ektlar elektron dasturga kiritilmoqda
Ma’lumki, 2024 yilning 5 avgust kuni Prezidentimiz tomonidan “O‘zboshimchalik bilan egallangan yer uchastkalari hamda ularda qurilgan binolar va inshootlarga bo‘lgan huquqlarni e’tirof etish to‘g‘risida”gi Qonun imzolandi va jamoatchilik e’tiboriga taqdim etildi.
Mazkur hujjatda aholini uzoq yillar davomida qiynab kelayotgan uy-joy va yerga doir masalalari ijobiy yechim topishi ko‘zda tutilgan. Xususan, Qonunda nazarda tutilgan asoslarda va tartibda faqat ijara huquqi, ushbu yer uchastkalarida qurilgan binolar va inshootlarga bo‘lgan mulk huquqi e’tirof etiladi.
Bunda ijara muddati yakka tartibdagi uy-joylar egallagan yer uchastkalari uchun to‘qson to‘qqiz yil, boshqa yer uchastkalari uchun qirq to‘qqiz yil etib belgilanadi. O‘z navbatida yer uchastkasiga bo‘lgan ijara huquqi hamda unda qurilgan binolar va inshootlarga bo‘lgan mulk huquqi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesining, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlarining qarorlari bilan e’tirof etiladi.
– Mazkur Qonun o‘tgan yilning 8 noyabr kunidan rasman kuchga kirdi va aynan shu vaqtdan e’tiboran viloyatdagi mavjud 1028 mahallada reja-jadval asosida xatlovdan o‘tkazish ishlari boshlandi, – deydi Davlat kadastrlari palatasi Toshkent viloyati boshqarmasi boshlig‘i Jasur Ahrorov. – Xatlov ishlariga tizimdagi jami 206 nafar mutaxassis jalb qilindi. Bugungi kungacha joylardagi jami 16 ming 912 ta ob’ekt xatlovdan o‘tkazildi. Shundan 5 ming 948 tasi (5 ming 783 ta turar va 165 ta noturar) ma’lumotlari “E’tirof” elektron axborot dasturiga kiritildi. Endilikda mazkur ob’ektlarga tegishli tashkilotlar tomonidan xulosalar berilib, jamoatchilikka e’lon qilinadi.

Ta’kidlash joizki, xatlov natijalari bo‘yicha har bir ob’ekt to‘g‘risidagi ma’lumotlar raqamlashtirilib, 20 dan ziyod vazirlik va idoralar tomonidan belgilangan muddatlarda ko‘rib chiqiladi. Jamoatchilikka e’lon qilingan ob’ektlar kadastr rasmiy saytida va viloyatning ijtimoiy tarmoqdagi manzillarida yoritib boriladi. Shuningdek, “E’tirof” dasturi ham aholi uchun ochiq bo‘lib, fuqarolar o‘zlariga tegishli bo‘lgan ob’ekt to‘g‘risidagi ma’lumotlarni ko‘rishlari mumkin bo‘ladi.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, joriy yil reja-jadvaliga tushmagan ayrim mahallalar aholisi ortiqcha vahimaga berilmaslikni tavsiya qilmoqda. Sababi Qonunning ijro muddati 3 yil bo‘lib, shu muddat davomida har bir joy xatlovdan o‘tkaziladi. Shu jarayonda aholidan ham xatlov jarayonlarida faol bo‘lishlari, kadastr muhandislarga o‘lchovlarni amalga oshirishi uchun zaruriy sharoitlarni yaratib berishlari tavsiya etilmoqda.
A.Musayev,O‘zA