Xatirchida paxtaga dronlar yordamida ishlov berilmoqda
Navoiy viloyatining Xatirchi tumanidagi “Sulaymon sayqali” fermer xo‘jaligida paxtaga dronlar yordamida ishlov berilmoqda.
Mamlakatimizda qishloq xo‘jaligini modernizatsiya qilish, raqamli texnologiyalar va innovatsion yechimlarni keng joriy etishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Prezidentimiz rahbarligida amalga oshirilayotgan islohotlar natijasida agrar sohada resurs tejovchi, yuqori samarali texnologiyalardan foydalanish ko‘lami tobora kengayib, bu fermer xo‘jaliklarining mehnat unumdorligi va hosildorligini oshirishga xizmat qilmoqda.
Xo‘jalikda erta bahorda joriy yil paxta hosili uchun 22 gektar maydonga chigit qadalgan edi. Uning 20 gektariga Xitoyning Shinjon texnologiyasi asosida iqlim sharoitiga mos, serhosil “XinLuZao-87” navli urug‘lik chigit ekilib, uni parvarishlashda ham zamonaviy agrotexnologiyalar qo‘llanilmoqda.
Bugungi kunda mazkur paxta maydonlarida g‘o‘zani oziqlantirish hamda zararkunandalarga qarshi kurashish ishlari maxsus dronlar yordamida amalga oshirilmoqda. Zamonaviy uchuvchisiz uchish apparati orqali mikroelementlar va o‘simliklarni himoya qilish vositalari aniq me’yorlarda hamda qisqa vaqt ichida purkalmoqda. Bu esa agrotexnik tadbirlarning sifatini yanada oshirish bilan birga, inson mehnatini yengillashtirmoqda.

– Dronlardan foydalanishning eng muhim afzalliklaridan biri – vaqt va resurslarni tejashdir, – deydi fermer Sulaymon Zulfiqorov. – Bu usulda an’anaviy texnikalarga nisbatan bir necha barobar tezroq ishlov berish imkoniyati yaratilib, yoqilg‘i sarfi va mehnat xarajatlari kamayadi. Shuningdek, purkaladigan preparatlar g‘o‘za bargining ham ustki, ham ostki qismiga bir tekisda yetib borishi tufayli zararkunandalarga qarshi kurashish samaradorligi ortadi. Yana bir muhim jihat shundaki, dronlar dala qatorlariga kirmasdan turib ishlov berishi sababli traktorlar kabi g‘o‘za qatorlarini bosib ketmaydi, nihollarga mexanik zarar yetkazmaydi. Bu esa har bir tup g‘o‘zaning saqlanishiga, yakuniy hosildorlikning oshishiga va fermerning iqtisodiy manfaati ta’minlanishiga xizmat qiladi.
Bugun mamlakatimizda raqamli qishloq xo‘jaligini rivojlantirish, ilm-fan yutuqlari va innovatsion texnologiyalarni ishlab chiqarishga keng tatbiq etish bo‘yicha amalga oshirilayotgan islohotlar ana shunday amaliy natijalarni bermoqda. Xatirchi tumanida sinovdan o‘tkazilayotgan dron texnologiyasi paxtachilikni yangi bosqichga olib chiqish, mehnat unumdorligini oshirish, resurslardan oqilona foydalanish va raqobatbardosh qishloq xo‘jaligini shakllantirish yo‘lidagi muhim qadamlardan biri hisoblanadi.

Albatta, bunday ilg‘or tajribalarning ommalashishi mamlakatimizda agrar sohani zamonaviy texnologiyalar asosida rivojlantirish, oziq-ovqat va xomashyo xavfsizligini mustahkamlash hamda Yangi O‘zbekiston islohotlarining samarasini yanada yuksaltirishga xizmat qiladi.
A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri