Xalqimiz teatrni yaxshi ko‘radi
Mamlakatimizda Xalqaro teatr kuni yuqori saviyada nishonlandi.
Poytaxtimizda teatr sohasida fidokorona mehnat qilayotgan ijodkorlarni sharaflashga bag‘ishlangan tantanali tadbir bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston Respublikasi madaniyat vazirining o‘rinbosari Yusufjon Usmonov milliy teatrimizni rivojlantirish davlatimiz rahbarining doimiy e’tiborida ekanini ta’kidladi.

Xalqaro teatr kuni – dunyo mamlakatlari teatr san’ati xodimlari o‘z kasb bayramini nishonlaydigan sana. 1961-yilda YUNESKO huzuridagi Xalqaro teatr instituti IX kongressida ta’sis etilgan bayram nafaqat sahna ustalari, balki tomoshabinlar, teatrshunoslar, dramaturglar va barcha san’at ixlosmandlari uchun quvonchli kun.
Davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan tasdiqlangan Madaniyat konsepsiyasi doirasida Xalqaro teatr kuni munosabati bilan 21-27-mart kunlari barcha davlat teatrlarida ochiq eshiklar kuni o‘tkazilishi belgilangan. 2018-yildan buyon an’anaviy tarzda “Teatr tomoshalari haftaligi” o‘tkazilib kelinmoqda.

Hozirgi kunda davlat teatrlarida turli mavzu va janrdagi spektakllar tomoshabinlar uchun bepul namoyish etilmoqda. Jumladan, haftalik doirasida 37 ta davlat teatrlari tomonidan 164 ta tomoshalar namoyish etilgan bo‘lib, ushbu namoyishlarga 47 ming 250 nafarga yaqin tomoshabinlar tashrif buyurdi.
– Xalqimiz teatrni juda yaxshi ko‘radi, - dedi O‘zbekiston teatr arboblari uyushmasi xalqaro bo‘lim mudiri Oybek Veysal o‘g‘li. – Yurtdoshlarimiz “Teatr tomoshalari haftaligi” doirasidagi spektakllar namoyishiga oqib keldi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Odamlar nainki ushbu haftalikda, balki boshqa paytda ham teatrlarga katta qiziqish bilan keladilar. Davlatimizning e’tibori, muxlislarning mehri soha rivojida alohida ahamiyat kasb etadi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 22-noyabrdagi tegishli qaroriga muvofiq, 27-mart – Xalqaro teatr kuni munosabati bilan Madaniyat vazirligi tomonidan o‘tkazilgan tantanali tadbirda respublikamizda teatr san’atini yanada rivojlantirish, teatrlar faoliyatini takomillashtirish va sohada ijodiy hamkorlikni ta’minlash, spektakllarning badiiy saviyasini oshirish bo‘yicha teatrlar tomonidan yil davomida amalga oshirgan ishlar sarhisob qilindi.
Teatr jamoalarining milliy reytingi e’lon qilindi. Unga ko‘ra, g‘olib ijodiy jamoalar belgilangan pul mukofotlari bilan taqdirlandi.
Birinchi o‘rin Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat akademik musiqali teatriga nasib etgani e’tiborga molik.

- Bugungi kunda mamlakatimizda istalgan ezgu ijodiy g‘oyani amaliyotga joriy etish uchun zarur sharoitlar yaratilgan, - dedi Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat akademik musiqali teatri direktori Baraqat Mamutov. – 2025-yil davomida teatrimizda o‘n bitta yangi spektakl premerasi bo‘lib o‘tdi. Shuningdek, o‘zbek, ingliz tillarida ham musiqiy drama, opera, balet sahnaviy asarlarini tomoshabinlarga taqdim etdik. Xorijiy grantlarda qatnashdik. Gruziyada bo‘lib o‘tgan xalqaro teatr festivalida g‘oliblikni qo‘lga kiritdik. Yutuqlarimizda rejissyorlar, badiiy rahbar, aktyorlar, umuman ijodiy jamoadagi barcha xodimlarning hissasi katta. Yangi O‘zbekistonda ijod maydonida erkinlik, yangiliklar ko‘zga yaqqol tashlanmoqda. Bularning bari yanada kattaroq mas’uliyat bilan faoliyat yuritishga undaydi.
Shuningdek, tantanali tadbirda dramaturgiya sohasida faol ijod qilayotgan, teatr san’atini rivojlantirish va teatrlar repertuarini dolzarb mavzudagi sahna asaralari bilan boyitish yo‘lida ijod qilayotgan teatr fidoyilarining katta guruhi taqdirlandi.
Soha rivojiga qo‘shgan munosib hissasi uchun taniqli dramaturg Nurillo Abbosxon Mahmudxo‘ja Behbudiy nomidagi mukofot bilan taqdirlandi.
Rejissura sohasida faol ijod qilayotgan, ijtimoiy faolligi va iste’dodi bilan tengdoshlariga o‘rnak bo‘layotgan, teatrlar repertuarini dolzarb mavzudagi sahna asarlari bilan boyitishga munosib hissa qo‘shib kelayotgan yosh rejissyor Rasuljon Tog‘ayqulovga Bahodir Yo‘ldoshev nomidagi mukofot topshirildi.
Shu bilan birga, mamlakatimizda faoliyat yuritayotgan 41 ta davlat teatrlarining fidoyi ijodkorlari tashakkurnoma va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
Nazokat Usmonova, O‘zA