Xalqaro tibbiy hamkorlik – amalda
Bundan bir muncha vaqt oldin Respublika ixtisoslashtirilgan onalik va bolalik salomatligi ilmiy-amaliy tibbiyot markazining Sirdaryo viloyati filiali, Turkiyaning yetakchi Medical Park klinikalar tarmog‘i hamda “O‘zbegim” assotsiatsiyasi o‘rtasida uch tomonlama hamkorlik memorandumi imzolangan edi. Ushbu kelishuv doirasida xalqaro tibbiy tajribalarni joriy etish, onkologik kasalliklarni erta aniqlash va samarali davolash mexanizmlarini takomillashtirish ko‘zda tutilgan.
Mazkur memorandum ijrosi doirasida Turkiyaning Medical Park klinikalar tarmog‘i shifokor-onkologi, klinika direktori Mustafo Serkan Alemdar Sirdaryo viloyatiga amaliy tashrif buyurdi. Tashrif chog‘ida u Respublika ixtisoslashtirilgan onalik va bolalik salomatligi ilmiy-amaliy tibbiyot markazining Sirdaryo filiali hamda Respublika onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazining viloyat filialida bo‘lib, mahalliy soha mutaxassislari bilan uchrashuvlar o‘tkazdi.

Uchrashuvlar davomida xotin-qizlar va erkaklar o‘rtasida keng tarqalgan, og‘ir asoratlarga olib keluvchi onkologik kasalliklarning oldini olish, ularni erta tashxislash hamda zamonaviy davolash usullari yuzasidan xalqaro klinik protokollar asosida fikr almashildi. Xususan, onkologiyada skrining tizimini takomillashtirish, individual davolash taktikasi hamda bemorga yo‘naltirilgan yondashuv masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Shuningdek, mehmon muassasalarda davolanayotgan bemorlar, ular uchun yaratilgan tibbiy-ijtimoiy shart-sharoitlar bilan yaqindan tanishib, tashxislash va davolashda qo‘llanilayotgan usullarni o‘rgandi. Tashrif doirasida Mustafo Serkan Alemdar sirdaryolik mutaxassislar bilan hamkorlikda ko‘krak bezi saratoni, oshqozon-ichak tizimi o‘smalari, bosh va bo‘yin rak kasalliklari, o‘pka raki, prostata raki, shuningdek, ayollarda uchraydigan bachadon bo‘yni va ko‘krak bezi saratoni bilan kasallangan bemorlar uchun bepul maslahat uchrashuvlarini tashkil etdi.
Bundan tashqari, ximioterapiya, immunoterapiya va target terapiya kabi zamonaviy davolash yo‘nalishlari bo‘yicha mahalliy onkologlar bilan amaliy tajriba almashildi. Yuqori texnologiyali tibbiy xizmatlarni joriy etish, innovatsion davolash usullarini qo‘llash hamda klinik natijalarni yaxshilash borasida qator ilmiy-amaliy tavsiyalar berildi.

– O‘zbekistonga, xususan, Sirdaryo viloyatiga ilk bor tashrif buyuryapman, – deydi Mustafo Serkan Alemdar. – Bu yerda meni juda iliq kutib olishdi. Tashrif davomida bir qator tibbiyot muassasalarida bo‘ldim, sirdaryolik tibbiyot xodimlari bilan onkologiya va xotin-qizlar salomatligiga oid dolzarb masalalar yuzasidan atroflicha fikr almashdik.
Mutaxassisning ta’kidlashicha, O‘zbekistonda sog‘liqni saqlash sohasiga qaratilayotgan e’tibor, tibbiyot muassasalarida yaratilayotgan shart-sharoitlar unda katta taassurot qoldirgan.
– Onkologiya muammosi faqat Turkiya yoki O‘zbekistonga xos emas, balki butun dunyo uchun global muammoga aylangan. Shu bois bu borada xalqaro tajriba almashish va hamkorlikni kuchaytirish juda muhim. Tashrif doirasida onkologik kasalliklardan aziyat chekayotgan bemorlar uchun bepul tibbiy ko‘riklar tashkil etdik. Muassasalarda davolanayotgan bemorlar holati, ularni tashxislash va davolashda qo‘llanilayotgan usullar bo‘yicha mahalliy shifokorlar bilan amaliy muloqot o‘tkazdik.
Shu bilan birga, Mustafo Serkan Alemdar tashxislash jarayonlarida ayrim zamonaviy tibbiy uskunalarning yetishmasligi muayyan qiyinchiliklar keltirib chiqarishi mumkinligini ham qayd etdi.

– Bu masalalarni mahalliy rahbarlar bilan hamkorlikda, kelishilgan holda hal etish mumkin, deb hisoblayman. Kelgusidagi tashriflarimiz davomida yuqori aniqlikka ega tibbiy apparaturalardan foydalangan holda keng qamrovli tibbiy ko‘riklar o‘tkazishni rejalashtirmoqdamiz. Shu maqsadda o‘z tavsiya va maslahatlarimizni berdik.
– Bugungi kunda onkologik kasalliklar, ayniqsa, ayollar va bolalar salomatligi bilan bog‘liq murakkab holatlar butun dunyo tibbiyoti oldida dolzarb masala bo‘lib turibdi, – deydi Respublika ixtisoslashtirilgan onalik va bolalik salomatligi ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Sirdaryo filiali direktori, akusher-ginekolog Shahlo Xo‘jayeva. – Shu boisdan ham Turkiyaning yetakchi Medical Park klinikalar tarmog‘i bilan yo‘lga qo‘yilgan mazkur hamkorlik memorandumi biz uchun juda katta ahamiyatga ega. Bu kelishuv nafaqat alohida bir tashrif yoki tajriba almashuvi bilan cheklanib qolmaydi, balki uzoq muddatli, tizimli hamkorlikka asos soladi.

Shuningdek, u mazkur tashrif O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan belgilab berilgan sog‘liqni saqlash sohasini isloh qilish, onalik va bolalikni muhofaza qilish hamda aholi salomatligini ta’minlashga qaratilgan strategik vazifalar bilan uyg‘undir.
– Biz ushbu hamkorlikni faqat onkologiya yo‘nalishi bilan cheklab qolmasdan, kelgusida akusherlik-ginekologiya, neontologiya, reproduktiv salomatlik kabi sohalarda ham qo‘shma loyihalarni amalga oshirishni maqsad qilganmiz. Bu esa Sirdaryo viloyati tibbiyotini yangi bosqichga olib chiqishda muhim qadam bo‘ladi, – dedi Shahlo Xo‘jayeva.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri