Xalqaro ta’lim ko‘rgazmasi yoshlar uchun ajoyib imkoniyat
Navoiy shahridagi “Yoshlar markazi”da bitiruvchi yoshlarni xorijiy va mahalliy oliy o‘quv yurtlarida ta’lim olish imkoniyatlari bilan tanishtirish, oliy o‘quv yurtlari o‘rtasida tajriba almashish maqsadida “Ta’lim va kasb – 2026” xalqaro ta’lim ko‘rgazmasi tashkil etildi.
Ko‘rgazmada yoshlarga 10 dan ortiq oliy ta’lim muassasalari vakillari o‘z oliygohlari to‘g‘risida atroflicha ma’lumotlar berishdi.
Profi University 2021-yil dekabr oyida o‘z faoliyatini boshlagan bo‘lib, ta’lim orqali tanqidiy fikrlay oladigan, bilimli va salohiyatli mutaxassislarni tayyorlashga alohida e’tibor qaratib kelmoqda. Bu g‘oya ta’lim jarayonida amaliy yondashuv, zamonaviy dasturlar va talabalarni har tomonlama rivojlantirish orqali ro‘yobga chiqarilmoqda.

– Hozirgi kunda Profi University ning Navoiy filialida 2000 dan ortiq talaba tahsil olmoqda, – deydi ta’lim muassasasining ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha mas’ul xodimi Mavluda O‘roqova. – Abituriyentlar universitetga kirish imtihonlari asosida qabul qilinadi va ular uchun 15 ta turli yo‘nalish bo‘yicha ta’lim olish imkoniyati yaratilgan. Talabalar uchun yana bir muhim imkoniyat “2+2” tizimi bo‘lib, unga ko‘ra 2 yil O‘zbekistonda, 2 yil esa xorijiy universitetlarda tahsil olish mumkin. Bu esa talabalarga xalqaro tajriba orttirish va zamonaviy bilimlarga ega bo‘lish imkonini beradi. Shuningdek, o‘qish jarayonida o‘z sohasi bo‘yicha amaliy ko‘nikmalarni shakllantirishga, ya’ni amaliyotga alohida e’tibor qaratiladi.
Bitiruvchilarni ish bilan ta’minlash masalasi ham universitet rahbariyati diqqat markazida bo‘lib, ularni kelgusida muvaffaqiyatli karera qurishga tayyorlash asosiy vazifalarimizdan biri hisoblanadi.

Albatta, so‘nggi yillarda yurtimizda xalqaro ta’limga bo‘lgan qiziqish sezilarli darajada oshib bormoqda. Yangi va zamonaviy universitetlar paydo bo‘lib, yoshlarga keng imkoniyatlar yaratmoqda. Ana shunday ta’lim muassasalaridan biri University of Digital Economy and Agrotechnologies – Raqamli iqtisodiyot va agrotexnologiyalar universiteti bo‘lib, u 2022-yilda Toshkent shahrida tashkil etilgan.
– Oliygohimiz talabalari Buyuk Britaniya ta’lim standartlari asosida tahsil oladi, – deydi universitetning birinchi prorektori Sherzod Aktamov. – Eng muhimi, bitiruvchilar xorijga chiqmasdan turib, xalqaro darajada tan olinadigan britan diplomini qo‘lga kiritadi. Bu esa ularning kelgusidagi kasbiy faoliyati uchun muhim ustunlik yaratadi. Universitetda 3 va 4 yillik bakalavr hamda grant dasturlari ham mavjud bo‘lib, ular talabalar uchun katta imkoniyatlar eshigini ochadi. Jumladan, Agrobank tomonidan taqdim etiladigan grant doirasida ta’lim xarajatlari to‘liq qoplab beriladi. Umuman olganda, universitetimiz zamonaviy ta’lim, xalqaro standartlar va qulay shartlarni o‘zida mujassam etgan ta’lim muassasasi hisoblanadi. U talabalarga nafaqat bilim, balki xalqaro darajada raqobatbardosh bo‘lish imkoniyatini ham beradi.

Ko‘rgazmada ishtirok etgan yoshlar oliy ta’lim muassasalari mas’ullaridan qabul jarayonlari, o‘qish uchun ariza topshirish to‘g‘risida ma’lumotlar oldi.
– Men Navoiy shahridagi 1-umumta’lim maktabining 11-sinfida tahsil olaman, – deydi Diyora Fayzullayeva. – Ingliz tilidan IELTS 6 sertifikatini qo‘lga kiritganman. Dugonalarim bilan bugungi ta’lim ko‘rgazmasiga kelib, oliy ta’lim muassasalari vakillari bilan uchrashdik va muhim ma’lumotlarga ega bo‘ldik. Universitetlarda talabalar uchun yaratilgan sharoitlar, o‘quv jarayonlari, biznes ta’lim dasturlari, malaka oshirish, amaliyot o‘tish dasturlari, grant va stipendiyalar, xorijda bepul ta’lim olish imkoniyatlari haqida o‘zimizni qiziqtirgan savollarga javob oldik.
Albatta, yoshlarimizning oliy ta’lim muassasalarida o‘qib, yurtimiz ravnaqiga hissa qo‘shadigan malakali mutaxassislar bo‘lib yetishishlari muhim ahamiyatga ega. Bu kabi ko‘rgazmalarning tashkil etilishi esa ular uchun ajoyib imkoniyatdir.
Abduvali Bo‘riyev, O‘zA