Xalqaro ko‘rgazmalar ish boshladi
Poytaxtimizdagi “O‘zekspomarkaz”da “Qurilish – UzBuild – 2015”, “Mebel, ishlab chiqarish texnologiyalari, interer va dizayn – MebelExpo Uzbekistan – 2015” va “Isitish, ventilatsiya, sovutish tizimlari, suv ta’minoti, santexnika va basseynlar – Aqua-Therm Tashkent – 2015” xalqaro ko‘rgazmalari ochildi.
Poytaxtimizdagi “O‘zekspomarkaz”da “Qurilish – UzBuild – 2015”, “Mebel, ishlab chiqarish texnologiyalari, interer va dizayn – MebelExpo Uzbekistan – 2015” va “Isitish, ventilatsiya, sovutish tizimlari, suv ta’minoti, santexnika va basseynlar – Aqua-Therm Tashkent – 2015” xalqaro ko‘rgazmalari ochildi.Tadbirlar O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligi, Savdo-sanoat palatasi, Davlat arxitektura va qurilish qo‘mitasi, “O‘zqurilishmateriallari” aksiyadorlik kompaniyasi, “O‘zkommunxizmat” agentligi, “ITE Uzbekistan” xalqaro ko‘rgazma kompaniyasi va boshqa tashkilotlar hamkorligida tashkil etildi.
Ko‘rgazmalarning ochilish marosimida qurilish va mebelsozlik iqtisodiyotimizning istiqbolli va jadal rivojlanayotgan tarmoqlari ekani ta’kidlandi. Mamlakatimizda yangi sanoat obyektlari, turar joylar, ta’lim va tibbiyot muassasalari, yo‘l va ko‘priklar, ijtimoiy infratuzilma obyektlari bunyod etilmoqda, mavjudlari rekonstruksiya qilinmoqda. 2014-yilning shu davriga nisbatan qurilish materiallari ishlab chiqarish hajmi 113 foizni tashkil etgani ham mamlakatimizda mazkur tarmoq taraqqiy etib borayotganini ko‘rsatadi. Ayni paytda yurtimizga jalb etilayotgan investitsiyalarning 70 foizdan ortig‘i qurilish materiallari sanoatiga yo‘naltirilmoqda.
Prezidentimizning 2005-yil 24-martda qabul qilingan “Qurilish materiallari sanoatida iqtisodiy islohotlarni chuqurlashtirish va tarmoqni jadal rivojlantirish to‘g‘risida”gi farmoni va 2010-yil 17-iyunda imzolangan “Qishloq joylarda namunaviy loyihalar asosida xususiy uy-joy qurilishini kengaytirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori bu borada muhim dasturilamal bo‘lmoqda.
Qurilish ishlari hajmi yildan-yilga ortib borayotgani ushbu sohani izchil modernizatsiyalash, ishlab chiqarishga zamonaviy texnologiyalarni joriy qilishni taqozo etmoqda.
Poytaxtimizda an’anaviy o‘tkazib kelinayotgan qurilish, mebel ishlab chiqarish, interer va dizayn, isitish-sovutish tizimlari, suv ta’minoti, santexnika hamda basseynlarga ixtisoslashgan xalqaro ko‘rgazmalar ushbu sohalardagi zamonaviy texnologiyalar bilan tanishish, yangi sheriklar topish va hamkorlikni mustahkamlash, o‘zaro tajriba almashish uchun keng imkoniyat yaratmoqda.
“UzBuild – 2015” va “Aqua-Therm Tashkent – 2015” ko‘rgazmalarida O‘zbekiston, Amerika Qo‘shma Shtatlari, Xitoy, Janubiy Koreya, Avstriya, Germaniya, Fransiya, Shveytsariya, Daniya, Ispaniya, Italiya, Polsha, Belarus, Birlashgan Arab Amirliklari, Rossiya, Turkiya, Qozog‘iston, Finlyandiya, Eron kabi dunyoning 20 mamlakatidan qurilish materiallari, isitish tizimlari uchun moslamalar, xomashyo va butlovchi qismlar yetkazib berish, qo‘shimcha turdosh tovarlar savdosi bilan shug‘ullanadigan 164 dan ortiq kompaniya va firma o‘z mahsulotlari hamda xizmatlarini taqdim etmoqda.
– O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan ulkan bunyodkorlik ishlari va qurilish materiallari ishlab chiqarish sanoatining rivojlantirilayotgani sohada hamkorlikni yanada kengaytirish uchun keng imkoniyatlar yaratmoqda, – deydi “Gulf Prompt Partners” kompaniyasining (Birlashgan Arab Amirliklari) mijozlar bilan aloqalar bo‘yicha menejeri Parmida Mori. – Alyuminiy profilidan eshik va rom ishlab chiqaradigan o‘zbekistonlik hamkorlar bilan aloqalarni yo‘lga qo‘ydik. Bu aloqalarni yanada kengaytirishdan manfaatdormiz.
Qurilish sanoatida erishilgan yutuq va natijalarni sarhisob etish, bu borada soha mutaxassislari bilan fikr va tajriba almashish, o‘zaro manfaatli shartnomalar imzolashda mamlakatimizda o‘n oltinchi marta o‘tkazilayotgan “UzBuild” ko‘rgazmasi muhim ahamiyat kasb etadi. Ko‘rgazmada namoyish qilinayotgan mahsulotlar va taklif etilayotgan xizmatlar xilma-xilligi bilan avvalgilaridan ajralib turadi. Qurilish materiallari va uskunalari, isitish va ventilatsiya tizimlari, eshik-rom, lok-bo‘yoq, tom yopish materiallari, pol qoplamalari, beton bloklar, liftlar, butlovchi qismlar, yoritish texnikasi singari eksponatlar ko‘rgazmaga tashrif buyurganlar e’tiborini tortmoqda.
– Korxonamiz quruq qurilish qorishmalari, shpatlyovka, suvoq materiallari va turli yelimlar ishlab chiqaradi, – deydi “Razata” mas’uliyati cheklangan jamiyati direktori Akmal Ziyoyev. – Ishlab chiqarishda mahalliy xomashyodan foydalanilmoqda. Shu bois mahsulotlarimiz narxi xorijnikiga qaraganda ancha arzon. Mahsulotlarimizni MDH mamlakatlariga eksport qilishni yo‘lga qo‘ydik. Kelgusida eksport geografiyasini yanada kengaytirishni maqsad qilganmiz.
“Aqua-Therm Tashkent” ko‘rgazmasining asosiy maqsadi bino qurish va ulardan foydalanishda havoni sovutish, isitish hamda suv ta’minoti uchun tizimli yechimlar sohasidagi ehtiyojni ta’minlashdan iboratdir. Mazkur tadbirning o‘tkazilishi g‘oyat dolzarb ahamiyatga ega. Chunki mamlakatimiz iqlim sharoiti issiqlik ta’minoti, havoni sovutish va suv yetkazib berish bo‘yicha samarali muhandislik yechimlari joriy etishni talab qiladi.
“Aqua-Therm Tashkent – 2015” to‘rtinchi xalqaro ko‘rgazmasida ushbu sanoat tarmog‘i tomonidan taqdim etilayotgan keng turdagi mahsulotlar bilan tanishish imkoniyati mavjud. Chunonchi, “Termi Pro” va “Silver-Nile” kabi yirik ishlab chiqaruvchilar hamda distribyutorlar suv tozalash tizimlari, filtrlar, suv isitish asboblari, zinalar, shuningdek, kafel, jakuzi kabi mahsulotlarni namoyish qilmoqda. Kompaniyalar vakillari turli agregatlarni o‘rnatish va ulardan foydalanish borasida tajribalari bilan o‘rtoqlashmoqda.
– O‘zbekiston qurilish bozorida zamonaviy tovar va xizmatlar taqdim etilmoqda, – deydi Janubiy Koreyaning “Youngsan Glonet” korporatsiyasi savdo menejeri Kim Jun Von. – Ko‘rgazmalarda namoyish etilayotgan mahsulotlarning xilma-xilligi va sifati ham shundan dalolat bermoqda. Mamlakatingiz bozoridagi kuchli raqobatni inobatga olgan holda, kompaniyamizning eng yaxshi ishlanmalarini taqdim etmoqdamiz.
Mamlakatimizda mebel ishlab chiqarish so‘nggi yillarda jadal rivojlanib, iqtisodiyotning ushbu sektori salohiyati ham yildan-yilga oshib bormoqda. Korxonalarda zamonaviy texnologiyalardan foydalanish natijasida jahon standartlariga mos mahsulot turlari kengaymoqda.
O‘n ikkinchi bor tashkil o‘tkazilayotgan “MebelExpo Uzbekistan – 2015” ko‘rgazmasi mebelsozlik va yog‘ochga ishlov berish sanoatining barcha zamonaviy yo‘nalishlarini o‘zida mujassam etgan. Ko‘rgazmada uy va ofis mebellari, mebel furniturasi, ularni ishlab chiqarish va yog‘ochga ishlov berish uskunalari, interer va dizayn buyumlari kabi mahsulotlar namoyish etilmoqda.
Ko‘rgazmada 15 mamlakatdan 70 firma va kompaniya o‘z mahsulotlari bilan qatnashayotir. Yirik ishlab chiqaruvchi va mebel uskunalari distribyutorlari bo‘lgan “Arhar Engeneering” va “Altendorf” hamda boshqa korxonalar bu yerda o‘z dastgohlarini omma e’tiboriga havola qilmoqda. Tayyor mebel mahsulotlari ishlab chiqaruvchilar orasida mamlakatimiz kompaniyalari yetakchilik qilmoqda. Jumladan, “Eman”, “Viva Deluxe” va “Sharq Mebel” kompaniyalarining bejirim va sifatli mebellari nozik didli ekspertlarni ham befarq qoldirmayapti.
– 10-yil mobaynida korxonamiz faoliyati qariyb o‘n barobar kengaydi, – deydi “Sharq Mebel” mas’uliyati cheklangan jamiyatining savdo-sotiq bo‘yicha menejeri Dilshod Nosirov. – Ayni paytda nafaqat mebel, balki uning tarkibiy qismi va furnituralarini ham ishlab chiqaryapmiz. Shuningdek, boshqa korxonalarga xizmat ko‘rsatmoqdamiz. Eksport salohiyatimiz ham tobora oshib bormoqda. Bu davlatimiz tomonidan xususiy tadbirkorlikning qo‘llab-quvvatlanayotgani samarasidir.
Muxtasar aytganda, ko‘rgazmalar mamlakatimiz tadbirkorlari, ishlab chiqaruvchilari va xorijiy ishtirokchilar o‘rtasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish, chet el investitsiyalari va iqtisodiyotimizni ravnaq toptirish bo‘yicha istiqbolli loyihalarni amalga oshirish uchun zamonaviy texnologiyalarni jalb etish borasida qulay imkoniyat yaratmoqda.