Xalqaro hamkorlik natijasi: O‘zbekistonda onalar o‘limi keskin kamaydi
O‘zbekistonda onalik va reproduktiv salomatlikni muhofaza qilish borasidagi islohotlar xalqaro hamjamiyat e’tirofiga sazovor bo‘lmoqda. Bu yo‘nalishda Birlashgan Millatlar Tashkiloti Aholishunoslik jamg‘armasi – “United Nations Population Fund” (UNFPA) bilan hamkorlik tobora mustahkamlanmoqda.
Yurtimizga tashrif buyurgan BMT Bosh kotibi o‘rinbosari, UNFPA ijrochi direktori Diyene Keyta boshchiligidagi delegatsiya Respublika ixtisoslashtirilgan ona va bola salomatligi ilmiy-amaliy tibbiyot markazida bo‘lib, sog‘liqni saqlash vaziri Eldor Odilov bilan uchrashdi. Muloqotda mamlakatimiz sog‘liqni saqlash tizimida amalga oshirilayotgan keng qamrovli o‘zgarishlar, xalqaro sheriklik natijasi atroflicha muhokama qilindi.
Qayd etilganidek, 2021-2025-yillarga mo‘ljallangan “Mamlakat dasturi” doirasida UNFPA tomonidan onalik va reproduktiv salomatlikni mustahkamlash uchun 12 million dollar yo‘naltirilgan. Shu mablag‘ hisobidan mamlakatdagi 231 perinatal muassasa 3500 dan ziyod zamonaviy tibbiy jihoz bilan ta’minlandi. Eng muhimi, ijobiy o‘zgarish faqat infratuzilma bilan cheklanib qolmadi. Hamkorlik doirasida 17 000 nafar tibbiyot xodimi qayta tayyorlandi, 30 dan ortiq klinik protokol va qo‘llanma xalqaro standart asosida yangilandi.
[gallery-29409]
Mutaxassislar ta’kidlaganidek, reproduktiv yoshdagi ayollar va tug‘ilajak bolalar salomatligini muhofaza qilish bo‘yicha yagona vertikal boshqaruv tizimi joriy etilishi tizimli islohotning eng muhim bosqichlaridan biridir. Ayni choralar natijasida yurtimizda onalar va go‘daklar o‘limi ko‘rsatkichi keskin kamaydi. Bu borada Respublika ixtisoslashtirilgan ona va bola salomatligi ilmiy-amaliy tibbiyot markazining o‘rni alohida ahamiyat kasb etmoqda.
Bugungi kunda markaz va muassasaning qator hududiy filiallari xalqaro akkreditatsiyadan o‘tgani respublikamizda ayollar va bolalarga ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmat sifati xalqaro mezonga moslashayotganining yaqqol tasdig‘i sifatida baholanmoqda.
Uchrashuvda kelgusidagi ustuvor yo‘nalishlar ham belgilab olindi. Xususan, antenatal parvarish tizimini takomillashtirish, akusherlik amaliyotiga ilg‘or protokol va standartni joriy etish, ayollar o‘rtasida saraton kasalliklarini erta aniqlash dasturlarini kengaytirish ham muhokama markazida bo‘ldi. Shuningdek, o‘smirlar va yoshlar salomatligini mustahkamlash, profilaktika va tibbiy ma’rifatni kuchaytirish bo‘yicha qo‘shma ta’lim dasturlarini kengaytirish zarurligi ta’kidlandi.
Muloqot chog‘ida davlatimiz rahbari yaqinda imzolagan farmon asosida klinik audit bo‘yicha mustaqil inspeksiya tashkil etilishiga ham alohida urg‘u berildi. Shu munosabat bilan akusherlik amaliyotidagi o‘ta og‘ir holatlar auditi va onalar o‘limi holatlarini maxfiy tahlil qilish mexanizmlarini audit jarayoniga integratsiyalashda UNFPA bilan hamkorlik muhim ahamiyat kasb etishi qayd etildi.
Mazkur tashrif O‘zbekiston va UNFPA o‘rtasidagi sheriklik faqat tibbiy yordam bilan cheklanmasdan, ayollar salomatligi, millat genfondi va kelajak avlod taqdiriga daxldor uzoq muddatli strategik hamkorlikka aylanayotganini yana bir bor namoyon etdi.
Musulmon Ziyo, Nosirjon Xaydarov (surat), O‘zA