Xalqaro hamkorlik – iqtisodiy yuksalish tayanchi
Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar iqtisodiyotni erkinlashtirish, tadbirkorlikni rivojlantirish, xorijiy investitsiyalar uchun qulay muhit yaratish va aholi farovonligini yuksaltirishga qaratilgan. Ayniqsa, davlatimiz rahbari tashabbusi bilan turkiy davlatlar o‘rtasidagi do‘stlik, birodarlik va strategik sheriklik munosabatlari yangi bosqichga ko‘tarildi.
Bugungi kunda Navoiy viloyati va Turkiya davlati o‘rtasida savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy hamda mintaqalararo aloqalar rivojlanmoqda. Natijada hududning iqtisodiy salohiyati yuksalib, yangi ish o‘rinlari yaratilmoqda va aholiga ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifati oshmoqda.
– Ayni vaqtda viloyatda Turkiya davlati investorlari ishtirokida 35 ta xorijiy va qo‘shma korxona faoliyat yuritmoqda, – deydi viloyat hokimi o‘rinbosari – Investitsiyalar, sanoat va savdo boshqarmasi boshlig‘i Elbek G‘afforov. – Joriy yilning o‘zida Turkiya bilan hamkorlikda yana 3 ta yangi korxona ish boshladi. Ushbu korxonalar sanoat, to‘qimachilik, kimyo, qurilish materiallari, tibbiyot va xizmat ko‘rsatish kabi muhim tarmoqlarda faoliyat olib bormoqda. E’tiborlisi, xorijiy investitsiyalar nafaqat ishlab chiqarish hajmini oshirish, balki zamonaviy texnologiyalarni joriy etish, yangi ish o‘rinlarini yaratish va mahalliy mutaxassislar malakasini yuksaltirish uchun ham muhim zamin yaratmoqda.
Ana shunday korxonalardan biri “Turkish-lab” mas’uliyati cheklangan jamiyatidir. Turkiyalik tadbirkor tomonidan 2023-yil avgust oyida ishga tushirilgan korxonada 26 ta ish o‘rni yaratilgan. Ayni paytda korxonada 10 dan ortiq turdagi tibbiy xizmat yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, aholiga yiliga 3 milliard so‘mlik tibbiy xizmat ko‘rsatilmoqda. Shuningdek, davlat-xususiy sheriklik asosida oilaviy poliklinikalarda laboratoriya tekshiruvlari o‘tkazilmoqda.

– Hozirda tibbiyot muassasamizda 10 nafar shifokor faoliyat olib boradi, – deydi MCHJ mas’ul xodimi Hakan Chavush. – Har oyda Turkiya davlatidan mutaxassislar olib kelamiz. Shu kunga qadar kardiolog, pediatr, onkolog shifokorlar kelib, o‘z yo‘nalishlarida aholini tibbiy ko‘rikdan o‘tkazdi va maslahatlarini berdi. Xorijiy shifokorlar kelganda viloyatning tuman va shaharlariga ham chiqadi. Shifokorlarimiz Qiziltepa tumani va Zarafshon shahrida bo‘lib, aholi vakillari bilan uchrashdi. Tibbiy muassasamiz tomonidan Navoiy shahridagi 4 ta oilaviy poliklinika, ko‘p tarmoqli poliklinika va shahar shifoxonasida laboratoriya faoliyati yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, turli tibbiy tahlillar o‘tkaziladi.
Korxona o‘z faoliyatini yanada kengaytirmoqda. Hozirda to‘liq xorijiy sarmoya hisobidan 40 million dollarlik 200 o‘rinli zamonaviy shifoxona qurish loyihasi amalga oshirilmoqda. Loyiha ishga tushirilgach, yana 50 ta yangi ish o‘rni yaratiladi.
Mamlakatimizda eksport salohiyatini oshirish, mahalliy mahsulotlarni tashqi bozorlarga olib chiqish va milliy ishlab chiqaruvchilarning raqobatbardoshligini kuchaytirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. 2025-yilda viloyatning Turkiya davlati bilan tashqi savdo aylanmasi 100 million dollardan oshdi. O‘tgan yilning mos davriga nisbatan eksport hajmi esa 6,9 million dollardan 16,8 million dollarga, ya’ni 2,4 barobarga ko‘paydi.
Bugun viloyatimizdan paxta ipi, kaliy sulfati, polivinilxlorid, metall konstruksiyalar, vodorod peroksidi, alyuminiy profillari, mineral paxta va boshqa mahsulotlar yetkazib berilmoqda.
A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri