Xalqaro forum qatnashchilari Samarqandda bo‘ldi
19-20 may kunlari Toshkent shahrida «Kitob va mutolaa – jamiyat taraqqiyotining strategik resursi» mavzusidagi XVI xalqaro forum o‘tkaziladi.
Forum ishtirokchilari – Mustaqil davlatlar hamdo‘stligi mamlakatlaridagi kutubxonalar vakillarining bir guruhi bugun Samarqand shahrida bo‘ldi.

Mehmonlar dastlab Pushkin nomidagi viloyat axborot-kutubxona markazi faoliyati bilan tanishdi. Ularga markazda kitobxonlar va xodimlar uchun yaratilgan sharoit va imkoniyatlar, saqlanayotgan qadimiy qo‘lyozmalar, nodir adabiyotlarni haqida ma’lumot berildi.
Shuningdek, kutubxonada «Xalqaro o‘zaro ta’sir: o‘qish madaniyatini rivojlantirishda hamkorlikning yangi imkoniyatlari» mavzusida davra suhbati o‘tkazildi. Unda forum qatnashchilari kitoblarni saqlash va kutubxona faoliyatini yanada kengaytirish, kitobxonlar sonini oshirishda zamonaviy texnologiyalardan samarali foydalanish yuzasidan o‘zaro tajriba almashdilar.

– Bugun axborot texnologiyalari rivojlanib borayotgan davrda aholini ayniqsa, yoshlarning kitobga qiziqishini oshirish, kitobxonlik madaniyatni yuksaltirish muhim vazifa hisoblanadi, – deydi Pushkin nomidagi viloyat axborot-kutubxona markazi direktori Shahodat Ahmedova.
– Mehmonlarga yurtimizda ushbu yo‘nalishda amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma’lumot berdik. Xususan, o‘tgan yil markazimizning kapital ta’mirlanib, kitobxonlar uchun zamonaviy qulayliklar yaratilgani ularga manzur bo‘ldi.

Shuningdek, fondimizdagi 4-5 asrlik tarixga ega nodir qo‘lyozmalar mehmonlarda katta qiziqish uyg‘otdi. Kelgusida bu kitoblarni birgalikda tadqiq etish va asrab-avaylash yuzasidan fikrlashib oldik.
Forum qatnashchilarining Samarqand shahridagi tarixiy-madaniy yodgorliklarga sayohati uyushtirildi.
G‘.HASANOV, O‘zA