Xalqaro festivallarda porlayotgan Farg‘ona qo‘g‘irchoq teatri
FOTOREPORTAJ
1989-yilda tashkil etilgan Farg‘ona viloyati qo‘g‘irchoq teatri bugun mamlakatimiz qo‘g‘irchoq san’atining yetakchi ijodiy maskanlaridan biriga aylangan. 1993-yilda davlat teatri maqomini olgan jamoa milliy an’analarni zamonaviy ijodiy yondashuvlar bilan uyg‘unlashtirgan holda, yosh avlodni ezgulik, insonparvarlik va vatanparvarlik ruhida tarbiyalashga xizmat qilib kelmoqda.
Keyingi yillarda teatr xalqaro madaniy aloqalarni kengaytirish, xorijiy teatrlar bilan ijodiy hamkorlikni mustahkamlash va o‘zbek qo‘g‘irchoq san’atini jahon sahnalarida munosib namoyon etish borasida salmoqli natijalarga erishdi. Jamoa Tojikiston, Qozog‘iston, Rossiya, Turkiya, Gruziya, Eron va Qirg‘izistonda o‘tkazilgan nufuzli festival va ijodiy forumlarda ishtirok etib, qator mukofot va diplomlarni qo‘lga kiritdi.
Xususan, “Musiqali choyxona”, “Ayyorlar”, “Toychoq” va “Mehr qayerda?” kabi spektakllar xalqaro festivallarda e’tirof etilib, turli nominatsiyalar bo‘yicha g‘olib deb topildi. Ayniqsa, Eronning Hamadon shahrida o‘tkazilgan 29-xalqaro bolalar va o‘smirlar teatr festivalida “Musiqali choyxona” spektakli Gran-pri — “Eng yaxshi xorijiy spektakl” mukofotini qo‘lga kiritgani teatr tarixidagi muhim yutuqlardan biri bo‘ldi.
[gallery-30232]
2022–2026-yillar davomida teatrning yosh aktyor va ijodiy xodimlari Rossiya, Qozog‘iston, Gruziya hamda Turkiyada tashkil etilgan mahorat darslari va malaka oshirish dasturlarida ishtirok etib, xalqaro sertifikatlarga ega bo‘ldi. Bu esa yangi spektakllarni zamonaviy yondashuv asosida sahnalashtirish va ijodiy jamoaning kasbiy mahoratini yuksaltirishga xizmat qilmoqda.
Farg‘ona viloyati qo‘g‘irchoq teatri direktori Tavakkal Sultonovning ta’kidlashicha, 2026-yilda ham xalqaro hamkorlik yanada kengayib, Qozog‘iston va Turkiyada o‘tkazilgan festivallarda teatr spektakllari munosib e’tirof etildi. Teatrning xalqaro maydondagi yutuqlari va samarali ijodiy faoliyati inobatga olinib, unga birinchi toifali davlat teatri maqomi berildi.
Muqimjon QODIROV (surat), O‘zA