Xalqaro dayjest (+video)
AQSH prezidenti Donald Tramp 2026-yilgi Jahon chempionati o‘yinlari uchun chiptasi borlarga viza suhbatlari tezlashtirilishini aytdi. Arizachilar olti-sakkiz hafta ichida suhbatga taklif etilishi mumkin. Bu haqda AQSH rahbari FIFA vakillari bilan jahon chempionatiga tayyorgarlik ko‘rish bo‘yicha ishchi guruh yig‘ilishida ma’lum qildi. Shu bilan birga, AQSH davlat kotibi Marko Rubio tezlashtirilgan jarayon avtomatik kirish huquqini kafolatlamasligini ta’kidladi.
Germaniya hukumati Isroil armiyasi G‘azoda foydalanishi mumkin bo‘lgan qurollarni yetkazib berishga qo‘yilgan avgustdagi taqiqni bekor qildi. Qaror 24 noyabrdan kuchga kiradi. Bu haqda hukumat vakili Stefan Korneliusga xabar berdi. Cheklovlarning bekor qilinishi 10 oktyabrdan beri amalda bo‘lgan Isroil va HAMAS o‘rtasidagi o‘t ochishni to‘xtatish rejimi “so‘nggi haftalarda barqarorlashgani” bilan izohlandi. Shu bilan birga, Germaniya endi har bir yetkazib berish arizasini ma’qullamaydi, balki “qurol eksportining har bir holatini alohida ko‘rib chiqishga qaytadi va voqealarning keyingi rivojiga javob beradi”.
Rossiya Xavfsizlik kengashi kotibi Sergey Shoyguga uyushtirilishi rejalashtirilgan suiqasdning oldi olindi. Bu haqda manbalarga tayanib, “Moskovskiy komsomolets” xabar berdi. Federal xavfsizlik xizmati (FXX) 14 noyabr kuni Troyekurovskiy qabristonida Rossiyaning yuqori martabali amaldorlaridan biriga suiqasd uyushtirishga urinish fosh etilganini ma’lum qildi. Idora ma’lumotiga ko‘ra, hujum “Ukraina topshirig‘i bilan” amaldor yaqin qarindoshlari qabrini ziyorat qilgan paytda amalga oshirilishi rejalashtirilgan. FXX bayonotida amaldor nomi ko‘rsatilmagan.
Rossiya armiyasi Odessa viloyatini o‘qqa tutish chog‘ida suyultirilgan gaz tashiyotgan Turkiya bayrog‘i ostidagi tankerga dron bilan zarba berdi. Bu haqda Associated Press xabar berdi. Hujum 17 noyabr, dushanba kuni Izmail portida yonilg‘i tushirilayotgan paytda sodir bo‘lgan va zarbadan so‘ng kemada yong‘in chiqqan. Turkiya Dengiz ishlari boshqarmasi ma’lumotiga ko‘ra, bortdagi 16 nafar ekipaj a’zosi to‘liq evakuatsiya qilingan, jabrlanganlar yo‘q.
AQSH Immigratsiya va bojxona nazorati xizmati (ICE) O‘zbekistondan kelgan 31 yoshli muhojir Ahror Bozorovni terrorizmga aloqadorlikda gumon qilib hibsga oldi. Bu haqda Fox News xabar berdi. Bozorov 2022-yilda terrorchilik tashkilotga aloqadorligi uchun O‘zbekistonda qidiruvga berilgan. Mamlakat rasmiylari uni internetda jihodga chaqiruvchi terrorchilik targ‘ibotini tarqatishda va odamlarni jihodchilik harakatiga jalb qilishda ayblamoqda.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/JaU200kDdLI" title="Xalqaro dayjest" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Iroda Jo‘rayeva, Ulug‘bek To‘xtayev, O‘zA