Xalqaro biologiya olimpiadasi g‘oliblari aniqlandi
Yangi O‘zbekistonda Uchinchi renessans davriga poydevor qo‘yish, mamlakatimizda ilm-fan va yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirish, o‘sib kelayotgan yosh avlodni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash borasida olib borilayotgan islohotlar o‘z samarasini bermoqda.
Bu Namanganda bir hafta davom etgan, jahonning yetakchi yosh bilimdonlarini o‘ziga jamlagan Abu Ali Ibn Sino xalqaro biologiya olimpiadasida yana bir karra o‘z ifodasini topdi.
Dunyo miqyosidagi o‘ziga xos ilm-fan tadbirida yurtimiz vakillaridan tashqari Ozarbayjon, Turkiya, Belarus, Rossiya Federatsiyasi, Qirg‘iz Respublikasi, Qozog‘iston, Tojikiston, Turkmaniston, Tailand, Malayziya, Mo‘g‘uliston singari o‘ndan ortiq davlatlardan kelgan 94 nafar o‘quvchi o‘z salohiyatini sinovdan o‘tkazdi.
O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tashabbusi hamda Namangan viloyat hokimligi hamkorligida tashkil etilgan nufuzli olimpiadaning nazariy va amaliy jarayonlari Namangan shahridagi “TURAN” xalqaro universitetida yuqori saviyada, ko‘tarinki ruhda o‘tkazildi.
Bilimlar musobaqasining tantanali yopilish marosimida O‘zbekiston maktabgacha va maktab ta’limi vaziri E’zozxon Karimova, Namangan viloyat hokimi Shavkat Abdurazzoqov e’tirof etganidek, mazkur o‘ziga xos aqlu zakovat tanlovi buyuk bobokalonimiz, tib ilmi asoschisi, qomusiy olim Abu Ali Ibn Sino qoldirgan boy ma’naviy merosni chuqur o‘rganish, tabiiy fanlar sirasiga kiruvchi biologiyaga qiziquvchi o‘g‘il-qizlarni rag‘batlantirish, zukko avlodni tarbiyalash hamda ularning iqtidorini ro‘yobga chiqarishda alohida o‘rin tutadi. Qolaversa, bu yirik anjuman o‘quvchilarning ilmiy raqobat asnosida madaniy va intellektual tajriba almashinuvi uchun keng imkoniyatlar yaratadi.
Jahon andozalariga mos tarzda, a’lo darajada o‘tkazilgan olimpiadaning laboratoriya imtihonlarida 12 davlatdan kelgan yuzga yaqin o‘quvchilardan iborat jamoalar qatnashib, 180 daqiqa davomida mikrobiologiya va bioinformatika yo‘nalishlari amaliy ko‘nikmalarini namoyon qildi. Zamonaviy ilmiy yondashuvlar asosida bo‘lgan jarayonlarda ishtirokchilarning nazariy bilimlarini amaliy tajriba bilan uyg‘un holda baholash imkonini berdi. Olimpiadaning nazariy qismi, ya’ni ikkinchi turi yozma ish (nazariy) shaklida o‘tkazilib, ishtirokchilarga turli qiyinlik darajasidagi 45 ta topshiriq va ularni ishlash uchun to‘rt soat vaqt ajratildi. Jarayonlarni dunyoning turli burchaklaridan taklif etilgan professor olimlar va xalqaro ekspertlardan iborat hakamlar hay’ati a’zolari sinchkovlik bilan kuzatib borishdi.
– Ingliz va turk tillarida bemalol so‘zlasha olaman. Bolaligimdan shifokorlik kasbiga mehr qo‘yganman, buning uchun astoydil bilim olyapman. Ayniqsa, kardioxirurgiya yo‘nalishiga qiziqishim bo‘lakcha, – deydi Farg‘ona shahridagi 1-sonli ixtisoslashtirilgan maktab internatining 9-sinf o‘quvchisi Niyozbek Ubaydullayev. – Vatanimizda o‘tkazilgan navbatdagi nufuzli olimpiadaga O‘zbekiston terma jamoasining 16 nafar vakili qatorida Toshkentdagi Fan olimpiadalari markazida yetakchi olimlar, ustoz pedagoglar ko‘magida qizg‘in tayyorgarlik ko‘rdim. Hududiy hamda respublika birinchi va ikkinchi saralash sinovlaridan muvaffaqiyatli o‘tgan faol ishtirokchi sifatida xalqaro biologiya olimpidasida yurtimiz sha’nini munosib himoya qilib, faxrli uchinchi o‘rin, ya’ni bronza medaliga sazovor bo‘lganimdan bag‘oyat mamnunman. Darhaqqat, bu kabi olimpiadalar iqtidor sohiblariga ilhom bag‘ishlaydi.
Olimpiada natijalariga ko‘ra, O‘zbekiston terma jamoasining iqtidorli bilimdon yoshlari 2 ta oltin, 3 ta kumush va 6 ta bronza, jami 11 ta medalni qo‘lga kiritdilar. Xususan, yakuniy natijalariga ko‘ra, eng yuqori ballga erishgan Nursulton Ashuraliyev va Murodbek Latipov oltin medallarni olishga sazovor bo‘lishdi.
Abu Ali Ibn Sino xalqaro biologiya olimpiadasida o‘z zukkoligi, bilimdonligi va yuksak zakovatini to‘laqonli namoyon qilgan Rossiya Federatsiyasi terma jamoasi a’zosi Vladislav Vladiyko amaliy hamda nazariy sinovlarda mutlaq g‘oliblikni qo‘lga kiritdi.
Eslatib o‘tamiz, Ibn Sino olimpiadasida oltin medal sohibiga – 4,944 milllion so‘m, o‘qituvchisiga – 20,6 million so‘m; kumush medal sohibiga — 3,296 million so‘m, muallimiga – 14,42 million so‘m; bronza medal sohibiga – 2,472 million so‘m, o‘qituvchisiga – 12,36 million so‘m taqdim etiladi. Shuningdek, xalqaro va mintaqaviy xalqaro olimpiada sovrindorlari oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirishda o‘z fanidan maksimal ballga ega bo‘ladi.
[gallery-29002]
Bir so‘z bilan aytganda, ilm-fanga g‘amxo‘rlik, yoshlarga ishonch va kelajakka qaratilgan strategik yondashuvning yorqin ifodasi bo‘lgan shiddatli akademik jarayonlar, qizg‘in laboratoriya mashg‘ulotlari hamda yorqin hayajonli amaliy lavhalarga boy kechgan olimpiada biologiya fani bo‘yicha shu yil iyul oyida Litvada o‘tadigan xalqaro biologiya olimpiadasiga taraddudning muhim bosqichi hisoblanadi.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA