“Xalq va armiya – bir tanu bir jondir!”
Vatan muqaddas, uning tinchligini ko‘z qorachig‘idek asrab-avaylash yurt himoyachilarining sharafli burchi. Davlat chegaralari daxlsizligini tunu kun qo‘riqlayotgan sarhadlarimiz posbonlari yurtimizda kamol topayotgan yosh avlodni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashga ham munosib hissa qo‘shmoqda.
Davlat xavfsizlik xizmati Chegara qo‘shinlariga qarashli Farg‘ona viloyati Quvasoy shahrida joylashgan o‘quv markazida o‘tkazilgan “Xalq va armiya – bir tanu bir jondir!” shiori ostidagi ochiq eshiklar kuni tadbirida ham bu yana bir bor namoyon bo‘ldi. Unda chegara oldi hududlaridagi beshta umumta’lim maktablarining yuqori sinf o‘quvchilari qatnashdi.
Tadbir davlat mukofotlari bilan taqdirlangan harbiy xizmatchilar ishtirokida “Mard o‘g‘lon – yoshlarga namuna!” mavzusidagi suhbat bilan boshlandi. Unda milliy armiyamizga qaratilayotgan yuksak e’tibor va yangilanishlar, amalga oshirilayotgan izchil islohotlar, shuningdek, harbiylikning sharafi va mas’uliyati xususida so‘z yuritildi.

– Yosh harbiy akalarimizning erishgan yutuqlari bizga juda katta motivatsiya berdi, – deydi Quvasoy shahridagi 12-sonli umumta’lim maktabi o‘quvchisi Muhammadziyo Turdiyev.
– Harbiylar juda qat’iyatli, tartib-intizomli, harbiy liboslari o‘zlariga yarashgan bo‘ladi. Bugun yana bir bor shunga guvoh bo‘ldik. Uchrashuv davomida inson muvaffaqiyatga erishishi uchun o‘zida qanday sifatlarni tarbiyalashi kerakligi haqida ham fikrlashdik.
Samimiy suhbatdan so‘ng saf maydoni tomon yo‘l olgan yoshlar o‘quv markazi kursantlari hamda maxsus qidiruv razvedka vzvodi harbiy xizmatchilari tomonidan namoyish etilgan qo‘l jangi ko‘rgazmali chiqishlarini katta qiziqish bilan tomosha qildi.

Ayniqsa, kichik serjant Azizbek Arabboyevning “Almaz” laqabli xizmat iti bilan ovoz va imo-ishoralar orqali berilgan buyruqlarni bajarishi, qad rostlab turish, harbiycha salomlashish kabi elementlarni namoyish etishi, shuningdek xizmat itlari yordamida davlat chegarasi buzg‘unchilarini qo‘lga olish jarayonlari ham barchada katta taassurot qoldirdi.
Zamonaviy qurol-aslahalarning taktik-texnik tavsifi, ulardan foydalanish qoidalari hamda zirhli texnikalar va harbiy avtomobillarning imkoniyatlari bilan tanishuv davomida esa yoshlar o‘zlarini qiziqtirgan ko‘plab savollarga batafsil javob oldilar. Shundan so‘ng, ertamiz egalari o‘z merganlik mahoratini sinovdan o‘tkazdi.
Albatta, tashkil etilayotgan bu kabi tadbirlar yosh avlodning vatanparvarlik hissini yanada oshirib, qalblarida yurtga sadoqat tuyg‘usini shakllantirishi shubhasiz.

Mehr-oqibat va saxovatpeshalik xalqimizga xos ulug‘ fazilatlardan sanaladi. So‘nggi yillarda mamlakatimizda nogironligi bo‘lgan shaxslarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash borasida olib borilayotgan ezgu ishlar yurtdoshlarimiz o‘rtasidagi mehr-oqibat rishtalarini yanada mustahkamlashga xizmat qilmoqda.
El koriga kamarbasta harbiylar ham bunday xayrli tadbirlarda faollik ko‘rsatib, muruvvat uylari, maktab-internatlar hamda aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlariga moddiy va ma’naviy ko‘mak berib kelmoqda.
Farg‘ona viloyatining Quvasoy shahrida joylashgan imkoniyati cheklangan bolalar uchun ixtisoslashtirilgan 90-sonli maktab internati bu yil o‘zining 50 yilligini nishonladi. Shu munosabat bilan tashkil etilgan tadbirda shahar hokimligi, keng jamoatchilik vakillari va Davlat xavfsizlik xizmati Chegara qo‘shinlari harbiy xizmatchilari ishtirok etdi.

Unda so‘z olganlar, bugun Respublikamizda imkoniyati cheklangan insonlar uchun yaratilayotgan qulayliklar, ularning huquq va manfaatlarini himoya qilish borasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar xususida to‘xtalib o‘tdi.
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi vakillarining vatanparvarlik, yurtga sadoqat hamda mehr-oqibatni tarannum etuvchi she’rlari ko‘ngillarga iliqlik ulashib, tadbir xalq va armiya yakdilligini namoyon etuvchi xaqiqiy bayramga aylandi. Imkoniyati cheklangan bo‘lsada, qalbi mehrga limmo-lim bolajonlar tomonidan namoyish etilgan sahna ko‘rinishlari, ijro etilgan kuy-qo‘shiq va raqslar ham yig‘ilganlarni befarq qoldirmadi.
– bugungi tadbir “Har bir bolaga mehr” shiori ostida o‘tkazildi, – deydi mayor Ashurali Akbalayev. – Ayniqsa, bolajonlar o‘z qo‘l mehnati bilan tayyorlagan ijodiy ishlar bilan tanishar ekanman, qalbim cheksiz hayajonga to‘ldi.
Ularning juda iste’dodli, ruhan tetik va irodali ekanliklariga guvoh bo‘ldim. Biz ushbu maktab-internat bilan hamkorligimizni davom ettirib, bolajonlarning ehtiyojlaridan kelib chiqib, yaxshi ta’lim olishlari uchun homiylik asosida qo‘limizdan kelgan yordamni ayamaymiz.
Ko‘tarinki ruhda o‘tgan tadbir yakunida yurt himoyachilari bolajonlarga sovg‘a-salomlar ulashdi. Ta’kidlash joizki, shu kabi saxovat tadbirlari DXX Chegara qo‘shinlari harbiylari tomonidan Respublikamiz bo‘ylab o‘tkazilmoqda.
Barno Meliqulova, O‘zA