Xalq va armiya – bir jonu bir tan
Milliy gvardiyaning Andijon viloyati boshqarmasida “Xalq va armiya – bir jonu bir tan” shiori ostida “Ochiq eshiklar kuni” tadbiri bo‘lib o‘tdi.
14 yanvar – Vatan himoyachilari kuni oldidan tashkil etilgan tadbirda Milliy gvardiya askarlari, umumta’lim maktablarining o‘quvchilari ishtirok etdi. Unda so‘z olganlar Vatan himoyasi, yurt tinchligini saqlash muqaddas burch, mamlakatimiz Qurolli Kuchlari yuksak jangovar salohiyatga ega ekanligi haqida fikr-mulohazalarini bildirdi.
O‘quvchi -yoshlar qalbida vatanparvarlik, Qurolli Kuchlarimizga hurmat tuyg‘ularini yanada mustahkamlash maqsadida harbiy xizmatchilar tomonidan harbiy texnikalar, qurol va aslahalar ko‘rgazmasi, shuningdek, xizmat itlarining chiqishlari namoyish etildi.
[gallery-15385]
O‘quvchi- yoshlarning harbiy kasb haqidagi tushunchalarini boyitish maqsadida o‘tkazilgan askarlarning jangovar tayyorgarligi bo‘yicha amaliy mashg‘ulot o‘quvchilarda katta qiziqish uyg‘otdi.
Shundan so‘ng o‘quvchi -yoshlar o‘rtasida sportning shaxmat-shashka, arqon tortish, tosh ko‘tarish turlari bo‘yicha musobaqalar tashkil etildi. Harbiy xizmatchilar va xodimlar tomonidan o‘quvchilar uchun sportning kamondan otish va qo‘l jangi turlari bo‘yicha mahorat darslari o‘tkazildi.
Tadbir doirasida harbiy xizmatchilar va yoshlar ishtirokidagi muloqot yanada qiziqarli kechdi. O‘quvchilar o‘zlarini qiziqtirgan barcha savollarga harbiylardan batafsil javob oldi.
Ijodkor o‘quvchilar o‘rtasida “Mening armiyam – mening faxrim” mavzusida tasviriy san’at asarlari bo‘yicha tanlov o‘tkazildi. Tanlov g‘oliblari Milliy gvardiya viloyat boshqarmasi tomonidan diplom va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
F.Ubaydullayev, Z.Umrzoqov (surat),
O‘zA muxbirlari