Xalq rozi bo‘lsa, ishimizda baraka bo‘ladi
Aks-sado
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning «Yangi O‘zbekiston» gazetasiga bergan «Yangi O‘zbekiston demokratik o‘zgarishlar, keng imkoniyatlar va amaliy ishlar mamlakatiga aylanmoqda» sarlavhali intervyusini butun xalqimiz, keng jamoatchilik vakillari katta qiziqish bilan o‘qib, uning mazmun-mohiyati haqida o‘z fikr-mulohazalarini bildirmoqda. Zero, davlat rahbari bilan bo‘lgan bunday muloqot, u insonning o‘y-fikrlari, xulosalari, jurnalistga, jurnalist orqali butun xalqiga aytadiganlari hammaga qiziq, barchaning diqqat-e’tiborida bo‘lishi tabiiy.
Mazkur suhbatni o‘qir ekanman, o‘tgan 5 yil davomidagi O‘zbekistonning yuzi, hayoti, xalqimiz hayotida yuz bergan tub o‘zgarishlar ko‘z oldimda gavdalandi. Shavkat Mirziyoyev davlat tepasiga kelgan ilk kundan boshlab, xalqni rozi qilish, ularning muammolarini hal qilib, bugungi hayotidan mamnun, baxtiyor bo‘lib yashashi uchun sharoit yaratishga ustuvor ahamiyat qaratdi.
Xalq dardini eshitish borasidagi siyosat, yo‘lga qo‘yilgan yangicha, xalqparvar tizim mazkur intervyuda ham alohida bo‘rtib ko‘rinadi nazarimda. “Xalqimiz davlat xizmatidan rozi bo‘lishga har tomonlama haqli va munosibdir. Ana shunday tamoyillar asosiga qurilgan davlat hokimiyatigina tom ma’noda xalqchil, demokratik hokimiyat hisoblanadi. Bunday davlat va jamiyatning siyosiy-huquqiy, ijtimoiy-iqtisodiy va ma’naviy-ma’rifiy ildizlari mustahkam va baquvvat bo‘ladi”, deydi Shavkat Mirziyoyev suhbatda.
Darhaqiqat, xalq rozi bo‘lib yashagan davlatda fayzu baraka, tinchlik-osoyishtalik, xotirjamlik hukmron bo‘ladi. Xotirjamlik, tinchlik bo‘lgan yurtda esa rivojlanish bardavom bo‘lishi hammamizga ayon haqiqatdir. Shu bois o‘tgan davrda mamlakatimizda davlat organlari faoliyatida ochiqlik va oshkoralik tobora kengayib, xalq dardu tashvishi bilan yashash davlat organlari va mansabdor shaxslarning ustuvor vazifasiga aylandi. bugungi kunda senator va deputatlar, vazir va hokimlar, barcha bo‘g‘indagi mansabdor shaxslar fuqarolar bilan yuzma-yuz uchrashib, ularning dardu tashvishlarini tinglamoqda, ularni hal etish uchun zarur choralarni ko‘rayotir. Odamlarni o‘ylantirayotgan muammolarni qog‘ozda emas, amalda hal qilish uchun jiddiy shug‘ullanmoqda.
Xalqparvar siyosatni amalga oshirish uchun qator dasturlar, loyihalar hayotga tatbiq etilayotgani e’tiborga molik. Jumladan, “Obod qishloq”, “Obod mahalla”, “Besh muhim tashabbus”, “Har bir oila – tadbirkor”, “Yoshlar – kelajagimiz” kabi dasturlar bugun hayotimizda o‘z ijobiy natijasini bermoqda. Birgina “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlari doirasida 2021 yilda barcha shahar va tumanlardagi jami 7 ming 794 ta qishloq va mahallada umumiy qiymati 20,8 trillion so‘mlik qurilish, ta’mirlash va obodonlashtirish ishlari amalga oshirilayotgani quvonarli hol. Bugun shahar va qishloqlarning qiyofasi tubdan o‘zgarib, yangicha chiroy ochayotganini o‘zimiz ko‘rib, guvohi bo‘layapmiz. Bundan esa aholi vakillari mamnun.
Yangi O‘zbekistondagi yangilanishlar nafaqat mamlakatimiz fuqarolari, balki xorijiy ekspertlar, xalqaro tashkilotlar vakillari hamda xorijiy ommaviy axborot vositalari tomonidan ham alohida e’tirof etilmoqda. Bu esa har birimizga o‘zgacha g‘urur bag‘ishlaydi.
Davlat rahbari o‘z intervyusida mamlakatimiz erishayotgan yutuqlar bilan birga, kamchilik va muammolarni ham ro‘y-rost, ochiq-oshkora aytdi. Jumladan, xalqni rozi qilib yashash borasidagi sa’y-harakatlar haqida to‘xtalar ekan: “Albatta, biz eski tizimni batamom o‘zgartirib, o‘z oldimizga qo‘ygan maqsadga to‘liq erishdik, deb aytishga hali erta. Takror aytaman, biz har kuni izlanishdamiz. Bu yo‘lda dastlabki qadamlarni qo‘ymoqdamiz, xolos. Lekin “Bu o‘zgarishlar – vaqtinchalik kampaniya, o‘tadi-ketadi”, deganlar yanglishadi. Bu – Prezident va uning komandasi uzoqni ko‘zlab yuritayotgan pragmatik xalqchil siyosatning eng ustuvor yo‘nalishlaridan biri va uni xalqimiz bilan birgalikda albatta oxirigacha olib boramiz, hech qachon ortga qaytmaymiz. bugungi kunda biz erishgan eng muhim natija ham aslida shu – demokratik islohotlarimiz ortga qaytmaydigan tus oldi”, deydi Prezident.
Shuningdek, ayrim rahbarlar, hokimlar, mnsabdor shaxslarning el-yurt o‘rtasida yetarli obro‘-e’tiborga ega emasligi, ko‘pchilik rahbarlar xalqning ichiga kirib, odamlarning dardu tashvishlari bilan yashashni qandaydir ikkinchi darajali ish, deb hisoblayotgani, shuning uchun ham ular ko‘p-ko‘p masalalarda zaif va ojiz bo‘lib qolayotgani alohida ta’kidlanadi suhbatda. “Aslida xalq bilan muloqot, doimo insonlar tashvishi va muammolarini o‘ylab yashash har qanday rahbar uchun birinchi va muqaddas vazifa bo‘lishi shart. Rahbarlik va boshqaruv madaniyati, hayotiy bilim va tajribalar qayerdan boshlanadi? Xalq bilan bevosita muloqot qilishdan boshlanadi. Ayniqsa, quyi pog‘onadagi rahbarlar o‘z dunyoqarashini o‘zgartirib, oddiy fuqaroga yelkadosh bo‘lib, tadbirkorga do‘st bo‘lib ishlamasa, biz qanchalik ko‘p kuch va mablag‘ sarflamaylik, farmon va qarorlar qabul qilib, sharoit yaratmaylik, joylarda islohotlarimizning oldinga yurishi qiyin bo‘ladi”.
Darhaqiqat, davlat rahbarining xalq dardi bilan bezovta bo‘lishi, quyi pog‘onadagi rahbarlardan to‘g‘ri va haqqoniy ma’lumotni, haqiqiy ahvolni bilishni istashi turli ko‘zbo‘yamachiliklarning oldini olishda, mavjud muammolarni bartaraf qilishda muhim ahamiyatga ega.
Bir so‘z bilan aytganda, Prezidentimizning ushbu intervyusi mamlakatimiz hayotining o‘tgan besh yili davomida har bir soha va yo‘nalishda amalga oshirilgan ishlar, erishilgan natijalar hamda kelgusidagi rejalar haqidagi samimiy hisobot, dasturiy chiqish bo‘ldi. Suhbatni o‘qib, har bir soha vakillari, mutasaddilar, qolaversa, fuqarolar o‘z oldidagi vazifalarini belgilab olishi yurt ertasi uchun xizmat qiladi.
Muhtarama Komilova, O‘zA